JB Oʻzbekistonga jami 14 milliard dollar ajratadi
Jahon banki yangi koronavirus — COVID-19 pandemiyasi munosabati bilan qabul qilingan iqtisodiy tanglikka qarshi dastur doirasida Oʻzbekiston hukumatiga 14 milliard dollar miqdorida koʻmak ajratadi.
Jahon banki yangi koronavirus — COVID-19 pandemiyasi munosabati bilan qabul qilingan iqtisodiy tanglikka qarshi dastur doirasida Oʻzbekiston hukumatiga 14 milliard dollar miqdorida koʻmak ajratadi. Bu haqda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari, Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov va Jahon bankining Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasi boʻyicha guruhi vitse-prezidenti Siril Myuller oʻrtasida onlayn-uchrashuv tashkil etildi. Videokonferensiya shaklida uyushtirilgan mazkur muloqot davomida Mamlakatlararo hamkorlik platformasi doirasida Oʻzbekistonning xalqaro moliya institutlari, jumladan, Jahon banki bilan munosabatlari masalalari koʻrib chiqildi.
Tomonlar, xususan aholini koronavirusdan himoya qilish, korxonalarni, birinchi navbatda, kichik va oʻrta biznes subyektlarini, qishloq xoʻjaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarni, xususiy tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan istiqbolli qoʻshma loyihalarni muhokama etishdi. Shuningdek, Oʻzbekistondagi ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatga global koronavirus pandemiyasi salbiy taʼsirini yumshatishda Jahon banki koʻmagining imkoniyatlari va mexanizmlari kelishib olindi.
Ayni payt JB tomonidan mamlakatimizga sogʻliqni saqlash tizimini moliyalashtirish, ijtimoiy muhofaza institutlari va muassasalarini qoʻllab-quvvatlash uchun tezkorlik bilan 1,2 milliard dollar yordam koʻrsatish masalasi faol koʻrib chiqilyapti. Zero, Myuller Oʻzbekistonga moliyaviy koʻmak berish masalasi tuzilma kun tartibidagi ustuvor bandlardan biri sifatida eʼtirof etilganini qayd etgan.