Jazirama Yevropani sinovdan o‘tkazmoqda
DW nashrining xabar berishicha, Yevropada kuchli jazirama davom etmoqda. Masalan, Fransiyada iyun oyi uchun tarixiy harorat rekordi qayd etilgan. Mamlakatda o‘ta issiq ob-havo oqibatida halok bo‘lganlar ham bor.
Fransiya milliy meteorologiya xizmati ma’lumotiga ko‘ra, 22-iyun kuni ertalab mamlakat bo‘yicha o‘rtacha harorat 29,2 darajaga yetgan. Bu iyun oyi uchun kuzatuvlar tarixidagi eng yuqori ko‘rsatkich bo‘ldi.
O‘tgan hafta ham Fransiyani kuchli issiq to‘lqini qamrab oldi. 22-iyun kuni mamlakat hududining yarmidan ko‘prog‘ida yuqori xavf darajasi e’lon qilindi. Ayrim hududlarda havo harorati 40 darajadan oshgan.
20–21-iyun kunlari mamlakatda jazirama bilan bog‘liq kamida uchta o‘lim holati qayd etilgan. Shuningdek, suv havzalarida cho‘milish paytida o‘ndan ortiq odam halok bo‘lgani xabar qilindi.
Issiqlik tufayli Fransiyada 1350 dan ortiq maktabda darslar bekor qilindi. Yana 4000 dan ziyod maktabda dars soatlari qisqartirilib, o‘quvchilar tush payti uyiga javob berildi.
Shunga o‘xshash choralar Germaniyadagi ayrim maktablarda ham ko‘rildi.
Belgiyada ham yuqori harorat sabab ayrim poyezdlar qatnovi bekor qilindi. Mutaxassislar yaqin kunlarda mamlakatda yangi harorat rekordi o‘rnatilishi mumkinligini bildirishdi. Niderlandiyada hafta oxiriga borib havo harorati 37 darajagacha ko‘tarilishi kutilmoqda.
Buyuk Britaniyada 24–25-iyun kunlari ba’zi hududlarda qizil xavf darajasi joriy etiladi. London, Birmingem va boshqa shaharlarda harorat 40 darajagacha chiqishi mumkin.
Germaniyaning janubi-g‘arbiy qismida ham yaqin ikki-uch kun ichida havo 40 daraja atrofida bo‘lishi taxmin qilinmoqda.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/QYsZsShYA68?si=6ZOyr4fOCMjtZte8" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>K.Bekjonov, O‘zA