Javoblar bir xil, natija yoʻq
Hozirgi kunda ham mamlakatimizda 5 ta mobil aloqa operator kompaniyalari xalq xizmatida.
Hozirgi kunda ham mamlakatimizda 5 ta mobil aloqa operator kompaniyalari xalq xizmatida. Yurtimizda axborot-texnologiyalari va kommunikatsiyalarni rivojlantirishga qaratilayotgan eʼtibor, qolaversa, kompaniyalar oʻrtasidagi oʻzaro raqobat natijasida isteʼmolchilarga koʻrsatilayotgan xizmatlar hamda aloqa sifati yaxshilanib bormoqda.
Shu bilan birga hali bu borada, ayniqsa, chekka hududlarda qilinishi kerak boʻlgan ishlar talaygina ekani federatsiyaga kelayotgan shikoyatlarda ham oʻz ifodasini topmoqda. Misol uchun, Qashqadaryo viloyatining Dehqonobod tumanidagi “Qoʻrgʻontosh” MFYga qarashli Xoʻjaipok qishlogʻi aholisi oʻzlari yashayotgan qishloqda mobil aloqa sifatining umuman talabga javob bermasligidan, xizmatlar qoniqarsizligidan, eng yomoni, bunga masʼullarning beparvo ekanliklaridan kuyinib murojaat qilgan.
Oʻzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasiga kelib tushgan ushbu shikoyat arizasida keltirilishicha, keyingi paytlarda qishloq aholisini “UZMOBILE” kompaniyasi tomonidan 95 va 96 kod raqamlari bilan taqdim etilayotgan telefon xizmati oʻzining sifatsizligi bilan juda qiynamoqda. Aytilishicha, osmonda ozgina bulut paydo boʻlsa yoki ob-havo sal oʻzgarsa, boʻldi, aloqa butunlay yoʻqoladi va bu holat hozirgi yozning ochiq, quyoshli kunlarida ham kamida 6-8 soatlab davom etadi.
Aloqaning yoʻqolib qolishiga esa asosiy sabab qishloq yonidagi Oqtogʻ tepaligiga oʻrnatilgan kichik podstansiyaning ancha eskirib qolgan quyosh batareyalari boʻlib, quyosh ozgina koʻrinmay qolsa ham aloqa oʻsha zahoti cheklanar ekan.
“Xoʻjayipokota Dehqonobod tumanining eng chekka qishloqlaridan biri. Turkmaniston bilan shunday chegara boʻyida joylashgan qishlogʻimiz kichkina, taxminan 70 ga yaqin xonadon istiqomat qiladi, harbiy qism ham bor.
Qishlogʻimizning mana shunday chekka bir joyda, eng muhimi esa chegara hududida joylashagani sabab ham bizga doimiy telefon aloqasi juda kerak. Bir oʻylab koʻring: Xudo koʻrsatmasinu, kimningdir mazasi qochib, ogʻirlashib qoladigan yoki favqulodda holat yuz beradigan boʻlsa, salkam 60 km narida joylashgan tuman markaziga borish uchun kamida 2 soat vaqt ketadi. Aslini olganda, chegara hududida hozirgi zamon talabiga koʻrsa, doimiy aloqa boʻlishi kerak emasmi?
Masalaning ikkinchi tomoni shundaki, hozirgi karantin paytida qishloq oʻqituvchilari va oʻquvchilari onlayn darslardan umuman foydalana olishmadi. Toʻgʻri, televizor orqali bu darslar namoyish qilindi, lekin, qishloq sharoitida darslarni toʻliq koʻrish imkoni boʻlmadi.
Eshitishimizga qaraganda, bu oʻquv yili ham onlayn darslar bilan boshlanar ekan. Agar shunday boʻladigan boʻlsa, farzandlarimizning, nevaralarimizning sifatli deyish u yoqda tursin, shunchaki oddiy bilimni ham ola olmasligi kunday ravshan boʻlmoqda” – deyiladi shikoyat arizasida.
Ariza bilan tanishish chogʻida eʼtiborimizni tortgan narsa shu boʻldiki, qishloq ahli tuman, viloyat, respublika miqyosida ushbu masala boʻyicha oxirgi bir yil ichida koʻp bora murojaat qilgan. Aytilishicha, kelayotgan xatlarda javoblar deyarli bir xil: qishlogʻingizning geografik joylashuvi noqulay, podstansiya yaxshi ishlayapti, keyingi yil dasturlariga kiritamiz...
Arizaga ilova qilingan, Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan yoʻllangan javob xatida ham shu holni koʻrish mumkin.
“Shu oʻrinda bir savol tugʻiladi: Oʻzbekistonda aloqa kompaniyasi bitta “UZMOBILE” emasku? Yana qolgan kompaniyalar ham borku? Qishlogʻimizning geografik joylashuvi noqulay ekan, nega unda bizdan ancha togʻli hududda joylashgan Boʻztepa, Tarqopchugʻay kabi qishloqlarda doimiy telefon aloqasi bor?”
Albatta, bu eʼtirozlar oʻz-oʻzidan boʻlmayotgani aniq. Ayni shu jihatni eʼtiborga olib, qator masʼul tashkilot va vazirliklar, shu jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligidan mazkur masala boʻyicha munosabat kutib qolamiz. Oʻylaymizki, xoʻjaypokliklarni qiynayotgan ushbu muammo kuz-qishning bulutli qora tunlarigacha yetmasdan, tez orada ijobiy yechimini topadi.
Oʻzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini
himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi
Matbuot xizmati