Jasorat sohiblari hech qachon unutilmaydi
Poytaxtimizning Chilonzor tumanida istiqomat qilayotgan urush faxriysi Lyudmila Minovarovaga yuksak ehtirom ko‘rsatildi. Bojxona qo‘mitasi raisi A.Mavlonov faxriy xonadoniga tashrif buyurib, Prezidentimizning bayram tabrigi, pul mukofoti hamda esdalik sovg‘alarini topshirdi.
Yangi O‘zbekistonda inson qadrini ulug‘lash, millat, til va dindan qat’i nazar, har bir yurtdoshimizga mehr-e’tibor ko‘rsatish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylangan. Ayniqsa, yurtimiz tinchligi va xalq farovonligi yo‘lida ulkan jasorat ko‘rsatgan urush va mehnat faxriylariga hurmat-ehtirom ko‘rsatish bugungi kunda yanada muhim ahamiyat kasb etmoqda.


Faxriylarning ibratli hayot yo‘li, mehnat faoliyati va matonati yosh avlod uchun haqiqiy vatanparvarlik maktabi bo‘lib xizmat qilmoqda. Ular bosib o‘tgan hayot yo‘li xalqimizning bebaho ma’naviy merosi sifatida qadrlanadi.

Urushning mashaqqatli yillari boshlanganida Lyudmila Minovarova atigi to‘rt yoshli qizaloq edi. Otasi harbiy uchuvchi sifatida frontga yo‘l olgan, onasi esa ikki farzandi bilan og‘ir sinovlarga duch kelgan. Urushdan keyin taqdirini Toshkent bilan bog‘lagan Lyudmila Nikolayevna shu yerda ta’lim oldi va qariyb yarim asr davomida qurilish sohasida halol mehnat qildi.
Tashrif davomida Bojxona qo‘mitasi raisi Prezidentimizning bayram tabrigini o‘qib eshittirdi. Tabrik va sovg‘alarni qabul qilar ekan, Lyudmila Nikolayevna davlatimiz tomonidan ko‘rsatilayotgan yuksak e’tibor va g‘amxo‘rlik uchun samimiy minnatdorchilik bildirdi.

Suhbat asnosida faxriylar suronli urush yillari, hayotning og‘ir sinovlari va bugungi tinch, farovon kunlar haqida xotiralarini o‘rtoqlashib, yurtimizda hukm surayotgan osoyishtalik uchun shukronalik izhor etishdi.
Bunday uchrashuv va e’tibor namunasi, shubhasiz, yosh avlodni Vatanga muhabbat, sadoqat va fidoyilik ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Sh.Mamaturopova, O‘zA