“Jasorat maktabi”ning navbatdagi mavsumi yakunlandi
Jizzax garnizonidagi “N” harbiy qismida 10 kun davom etgan “Jasorat maktabi” o‘quv yig‘inlarining navbatdagi mavsumi yakunlanib, ishtirokchilarni tantanali kuzatish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Ushbu mavsum davomida Jizzax viloyatining turli burchaklaridan kelgan 100 nafar yosh yigit harbiy xizmat asoslarini o‘rgandi, jismoniy va ma’naviy tayyorgarlikdan o‘tdi hamda vatanparvarlik ruhida tarbiyalandi.
Mavsumning tantanali yopilish marosimida Jizzax viloyat hokimligi, Markaziy harbiy okrug qo‘mondonligi, Jizzax garnizoni boshlig‘i, viloyat mudofaa ishlari, yoshlar ishlari boshqarmalari, Yoshlar ittifoqi, harbiy prokuratura hamda Savdo-sanoat palatasi vakillari, Faxriylar kengashi a’zolari hamda o‘quv-yig‘in tinglovchilarining ota-onalari va yaqinlari ishtirok etdi.
[gallery-22101]
Tadbirda so‘z olganlar, yoshlarga kelgusi faoliyatlarida ulkan muvaffaqiyatlar tilab, harbiy qismda o‘rgangan tartib-intizom, kasb-hunar va bilimlarini hayotda to‘g‘ri yo‘naltirish muhimligini alohida ta’kidlab o‘tdilar.
– Yoshlarimiz hukumatimiz tomonidan yaratilayotgan har bir imkoniyatdan samarali foydalanishi lozim va shart, – deydi Sharof Rashidov tumanida istiqomat qiluvchi Lola Hamidova. – O‘g‘lim Baxtiyorjonning bolalikdan harbiyga qiziqishi katta edi. Mana shu o‘quv-yig‘indan so‘ng bir yillik harbiy xizmatga borib, yigitlik burchini o‘tab kelmoqchi. Men ham, dadasi ham bunga qarshi emasmiz. Oilamizda erkaklarning hammasi harbiy xizmatni o‘tab kelgan. Qaynotam ham, turmush o‘rtog‘im ham, katta o‘g‘lim ham. Mana o‘rtancham ham harbiy xizmatga bormoqchi. Bugun uni harbiy libosda ko‘rib, rosa quvondim. Baxtiyorim allaqachon bo‘ylari cho‘zilib, tovushlari yo‘g‘onlashib, voyaga yetib qolibdi. Uning Vatan oldidagi yigitlik burchini o‘tash niyatida ekani esa, ona sifatida men uchun katta faxr va iftixordir.
Savdo-sanoat palatasi Jizzax viloyat boshqarmasi tomonidan tadbirkorlik asoslariga o‘qitish darslarida faol ishtirok etgan namunali yoshlarga maxsus sertifikatlar topshirildi.
– Bizga ushbu “Jasorat maktabi”ning 10 kunlik harbiy-o‘quv yig‘ini davomida harbiy-vatanparvarlik tarbiyasi va kasbga yo‘naltirish borasida ofitser va serjentlar hamda o‘z sohasining malakali yetuk mutaxassislari atroflicha bilim va ko‘nikmalar berdi, – deydi mirzacho‘llik tinglovchi Sindor Abduxoliqov. – Yana bir quvonchli tomoni, menga bank tomonidan uzoq muddatga 30 million so‘mdan ortiq imtiyozli kredit mablag‘i olishim va tadbirkorlik qilishim uchun sertifikat topshirildi. Bu mablag‘ga uyga borgach, issiqxona barpo qilib, limonchilikni rivojlantirishga ahd qildim. Limon 3 yilda hosilga kiradi, shuning uchun limonlar orasiga dastlabki yillarda pomidor, baqlajon, turli ko‘katlar ekib hosil olishni rejalashtirdim.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat),
O‘zA muxbirlari