“Jasorat maktabi”: Jizzax tajribasi ommalashadi
O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa ishlari vazirligi Markaziy harbiy okrug Jizzax garnizonidagi “n” harbiy qismda Jizzax viloyati tajribasi asosida yoshlar bilan “Jasorat maktabi” harbiy vatanparvarlik yig‘inlarini respublikamizning boshqa viloyatlariga ham tatbiq etishga qaratilgan amaliy seminar o‘tkazildi.
Prezidentimizning Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan murojaatnomasida, shuningdek, Xavfsizlik kengashi yig‘ilishida yoshlar bilan ishlashning yangicha tizimini joriy etish borasida bir qator vazifalar belgilab berilgan edi. Jumladan, “Jasorat maktabi” harbiy vatanparvarlik yig‘inlarini o‘tkazish bo‘yicha Jizzax tajribasini butun respublikaga tatbiq etish borasida tegishli ko‘rsatmalar berilgan edi. Mazkur amaliy seminar aynan shu maqsadga yo‘naltirildi.
Seminarda yoshlarning harbiy vatanparvarlik tarbiyasiga bevosita mas’ul bo‘lgan vazirlik, idora va tashkilotlar vakillari o‘z ma’ruzalari bilan ishtirok etdi. Bosh rejaga asosan amaliy seminar bir vaqtning o‘zida bir nechta o‘quv nuqtasida davom etdi.
Jizzaxlik yoshlarning harbiy vatanparvarlik tarbiyasi, ularning fuqarolik pozitsiyasini kuchaytirish bo‘yicha ilg‘or tajribasini mamlakatimiz hududlariga keng joriy etish, yoshlar bilan o‘tkaziladigan ana shunday yig‘inlarni rejalashtirish, tashkil etish, o‘tkazish masalalari bo‘yicha ishlash va yondashishning yagona algoritmini, shuningdek, yoshlar siyosatini amalga oshirishga mas’ul vazirlik, idora, tashkilotlar bilan hamkorlikning samarali mexanizmini ishlab chiqishga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, yoshlarni tarbiyalash hamda ularning fuqarolik pozitsiyasini, ijtimoiy adaptatsiyasini kuchaytirish, ularni kasbga o‘rgatish, ish bilan ta’minlash, jismoniy tarbiya mashg‘ulotlari hamda sportga keng jalb etishning yanada samarali shakl va uslublarini muhokama qilish, belgilash hamda olib borilgan ishlar natijalarini ta’sirchan monitoring qilish tizimini yaratish ham zarurligi ta’kidlandi.
Bundan tashqari, amaliy seminar yakunida “Jizzax tajribasi” asosida yoshlar bilan o‘tkaziladigan yig‘inlarni tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha yagona yondashuv – ishlash algoritmini belgilaydigan o‘quv-uslubiy tavsiyalar ishlab chiqildi.
A.QAYUMOV, O‘zA