Janubiy Osiyoga yangi darvoza (+video)
Yuz yillar davomida afg‘on xalqi dunyoning baxtiyor xalqlarini ko‘rib, armon bilan yashadi. Nihoyat O‘zbekistonda so‘nggi yillarda ro‘y bergan siyosiy o‘zgarishlardan so‘ng mamlakat, jumladan, Afg‘onistonga ham o‘z eshiklarini ochdi. Birinchi bosqichda O‘zbekiston – Afg‘oniston chegarasida Ayritom xalqaro savdo markazi qurildi va faoliyatini boshladi. Endi har kuni minglab afg‘onlar 15 kunga hech qanday viza talablarisiz O‘zbekistonga kirib kelishmoqda.
–Hech qanday qiyinchiliksiz chegaradan o‘tdik. Birgina pasportimiz kifoya qildi. Endi 15 kun Termiz va O‘zbekiston bo‘ylab erkin yuramiz. Men bu yerdagi imtiyozli hududda liboslar do‘koni ochmoqchiman. Juda xursandman, O‘zbekiston davlatidan, – deydi tadbirkor Intizor Karimiy.


Ha, Termizdagi Xalqaro savdo markazi O‘zbekiston uchun yangi tizim bo‘ldi. Bu yerda nafaqat Afg‘oniston, balki yurtimiz tadbirkorlari uchun ham teng sharoitlar yaratilgan. Qo‘qon erkin iqtisodiy zonasidagi velosiped zavodi vakillarini uchratdik.
– Termizga keliboq do‘kon ijaraga oldik. Xaridorlarga velosiped, velomotor, skuterlar yetkazib beryapmiz, – deydi Muxtorjon Qodirov.


– Do‘konni ijaraga olib ishlayapman. O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan mahsulotlarni sotamiz. O‘zimizning korxona mahsulotlari ham bor. 1 metr kvadratga 1 oyga 2 dollar, 30 kvadrat metr do‘konimizga 60 dollar ijara haqi to‘laymiz, – deydi asli termizlik ijarachi do‘kondor Azizbek Eshquvvatov.
Lekin markazning qaysi ko‘chasidan yurmang, qaysi savdo hududida bo‘lmang, shodon qiyofali afg‘on tadbirkorlarini uchratasiz. Ular bu yerdan do‘kon ijaraga olib, o‘z bizneslarini tashkil etmoqda. Markazdagi “Yagona oyna” shu maqsaddagi afg‘onlar bilan gavjum.


– Ismoil Ahmadman. Pasportimni berdim, o‘n daqiqada mening nomimga shirkat ochildi. Darhol do‘kon ijaraga oldim. Uni ham tez rasmiylashtirib berishdi. Xullas, hech birida muammo bo‘lmadi. Juda xursandman, bunday sharoit yaratilganidan.
– Prezident Shavkat Mirziyoyevdan cheksiz minnatdormiz. Yo‘llarni ochdi. Sharoit yaratdi. Kelib tijoratimizni yurityapmiz. Hali ko‘plab vatandoshlarimiz ham kelishmoqchi. Ko‘p rahmat, – deydi tadbirkor Hasan Ibrohim.


Xalqaro savdo markazi har jihatdan foydali. Birinchidan, afg‘on tadbirkorlari bu yerga pul tikyapti. Shu yerda savdo-sotiq qilib, foyda ko‘ryapti. Shubhasiz, bu toifa afg‘onlar ikki qo‘shni davlatning tinch – totuv munosabatlari, barqarorlik tarafdori bo‘ladi. Ikkinchidan, o‘zbekistonlik tadbirkorlar uchun yangi istiqbolli bozor ochildi va ularning eksport salohiyati oshdi, xorijiy tadbirkorlar bilan hamkorlik asosida, masalan, Afg‘onistonda o‘zining ishlab chiqarish va do‘konlarini ham ochish imkoni yaratildi. Markaz esa ularga barcha turdagi xizmatni ko‘rsatmoqda.

– Logistika xizmati tashkil qilingan. Bu yerda bojxona deklorantlari o‘tiradi, – deydi Ayritom xalqaro savdo markazi direktori Mirhamid Mirpo‘latov. – Bank xizmati, karantin, hammasi shu yerda joylashgan. Tadbirkorlar barcha ishlarini shu yerning o‘zida bitiradilar, ya’ni tashqariga chiqishga hech qanday zarurat yo‘q. Hozircha 400 ta do‘konimiz bor. 300 tasini ijaraga olishdi.
Shunday qilib Termizdagi Xalqaro savdo markazi orqali Janubiy Osiyo tomon yangi hamkorlik eshiklari ochildi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/YE4iea4hkhE" title="Janubiy Osiyoga yangi darvoza" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Muhammadjon Obidov, Elyor Olimov (surat, video), O‘zA muxbirlari