Janubiy Koreya prezidentiga poyabzal uloqtirishdi
“Men prezident Mun Chje Inga poyabzalimni uloqtirdim. Men uning nafrat va sharmandalikni his qilishini istadim”, — dedi u.
Janubiy Koreya prezidenti Mun Chje In deputatlar oldida chiqish qilib boʻlgandan keyin parlament binosini tark etayotgan chogʻi bir erkak unga qarata poyabzalini uloqtirdi, deb yozadi Ryonxap agentligi.
Agentlikning yozishicha, Chon familiyali kishi oyogʻidan tuflisini yechib prezident tomonga uloqtirgan, lekin koʻzlagan nishoniga tekkiza olmagan. Uni politsiya hibsga olgan.
“Men prezident Mun Chje Inga poyabzalimni uloqtirdim. Men uning nafrat va sharmandalikni his qilishini istadim”, — dedi u.
Uning prezidentga nisbatan salbiy munosabatiga nima sabab ekani aytilmayapti.
Taʼkidlash joizki, taniqli siyosatchilarga qarata poyabzal uloqtirish oʻz fikrini namoyon qilishning oʻziga xos usuliga aylanib ulgurgan. Ushbu anʼanani ilk bor iroqlik jurnalist Muntazir az-Zeydi boshlab bergan edi. U 2008-yilda AQSH prezidenti Jorj Bushga qarata poyabzalini otgandi. Bu “qahramonlik” uchun u uch yil qamoqda oʻtirib chiqdi.
Shundan keyin poyabzal otish nishoniga Sudan prezidenti Omar al-Bashir, xitoylik bosh vazir Ven Szyabao, Rejep Tayip Erdoʻgʻon bosh vazir boʻlgan chogʻlari va Xalqaro valyuta fondining sobiq rahbari Dominik Stross-Kann ham duch kelgan. Eronning sobiq prezidenti Mahmud Axmadinejad esa poyabzal parvozi qanday boʻlishini oʻz boshida bir necha bor sinab koʻrgan.
Taniqli siyosatchilarga nafaqat poyabzal uloqtiriladi, balki qoʻlga tushgan har qanday narsa bilan ham hujum qilib qolishlar mumkin. Masalan, bir kishi Kiyevda boʻlib oʻtayotgan ommaviy mitingda Ukrainaning sobiq prezidenti Pyotr Poroshenkoga bir bogʻlam qalbaki kupyurani otgan edi. Uni odamlar toʻdasidan kuch bilan olib chiqishdi, deb yozgandi oʻshanda RIA Novosti muxbiri.
Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu olma zarbasini tatib koʻrgan. Bosh vazirga olma uloqtirgan oʻqituvchi ayol Isroil bosh prokurori Avixay Mandelblitning qarori bilan uch oyga ishdan chetlatilgan, deb xabar bergan Isroil televideniyesining 13 chi kanali.