Janubiy Koreya media makonida O‘zbekiston mavzusi
Shu kunlarda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli demokratik islohotlar, turli sohalarda erishilayotgan ijobiy natijalar, Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan olib borilayotgan oqilona ichki va tashqi siyosat mavzulari Janubiy Koreya matbuotida keng yoritilmoqda.
Xususan, mamlakatda yetakchi sanalgan “Korea Herald”, “Korea Times”, “Diplomacy Journal”, “UN Journal”, “Korea Post”, “Korea.Net”, “Korea News Plus” kabi ommaviy axborot vositalarida muntazam ravishda yurtimiz hayotiga oid xabar, yangilik va maqolalar koreys, ingliz tillarida chop etilmoqda.
Janubiy Koreya media makonida O‘zbekiston mavzusi alohida diqqat markaziga chiqishi mamlakatimiz ushbu davlatning Markaziy Osiyodagi muhim hamkori ekani, yurtimizdagi iqtisodiy islohotlar va sarmoyaviy imkoniyatlar haqidagi yangiliklar, ayniqsa, koreyalik ishbilarmonlar, investorlar uchun muhim ahamiyat kasb etishi e’tirofidir.
Tabiiyki, yurtimizda demokratik islohotlar izchillik bilan amalga oshirilayotgani ham Janubiy Koreya matbuotida muntazam aks etyapti.
Respublikamizning xalqaro maydondagi tashabbuslari, turli nufuzli anjumanlardagi faol ishtiroki ham koreyalik hamkasblarimiz e’tiboridan chetda qolmaydi.
Ayni kunlarda esa Janubiy Koreya OAV sahifalaridan Prezident Yun Sok Yolning diyorimizga davlat tashrifi uchun keng o‘rin ajratilmoqda. Chop etilayotgan maqolalarda Toshkentda bo‘lajak oliy darajadagi muzokaralarda O‘zbekiston – Koreya do‘stligi va alohida strategik sherikligi ko‘lamini yanada kengaytirishga doir dolzarb masalalari ko‘rib chiqilishi, tashrif yakuni bo‘yicha erishiladigan natijalar o‘zaro munosabatni sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarishi, ayniqsa savdo-iqtisodiy, siyosiy, ta’lim, sog‘liqni saqlash, madaniyat, sport, turizm kabi ustuvor sohalardagi hamkorlikni mustahkamlashda mazkur tashrifning ahamiyati beqiyosligi qayd etilmoqda.
O‘zA