Janubiy Koreya bilan hamkorlik yanada rivojlanadi
Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov boshchiligidagi delegatsiya Janubiy Koreyaga safarda bo‘lib qaytdi.
Tashrif doirasida mazkur mamlakatning yirik shaharlari rahbariyati, idoralar va yirik kompaniyalari mutasaddilari bilan uchrashuvlar o‘tkazildi. Osiyo mintaqasining rivojlangan davlatiga safar davomida qator muvaffaqiyatli kelishuvlarga erishildi.
Tegu metropolitan shahri ma’muriyati bilan uchrashuv va muloqotlar samarali bo‘ldi. Shahar meri Xon Jun Pyo va Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov ishtirokidagi muloqotda Buxoro va Tegu shaharlari o‘tmish va bugungi kunni bog‘lovchi rivojlanish jarayoni jihatidan o‘xshashligi, har ikki hududda to‘qimachilik sanoati, qishloq xo‘jaligi va xizmat ko‘rsatish sohalari rivojlanganligi, shuningdek, ta’limga katta e’tibor qaratilgani e’tirof etildi.

Uchrashuvda kelgusida Buxoro viloyati va Tegu metropolitan shahri o‘rtasida investitsiyalarni jalb qilish, o‘zaro hamkorlikni yangi bosqichda davom ettirish masalalari yuzasidan fikr almashilgan. Shundan kelib chiqib ikki tomonlama teng manfaatli hamkorlik aloqalarini kengaytirish, o‘zaro iqtisodiy loyihalarni yanada rivojlantirish, ilm-fan, texnologiya, ta’lim, qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat, madaniyat, turizm va sport yo‘nalishlarida sheriklikni mustahkamlashga doir hamkorlik Memorandumi imzolangan. Bu borada “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqilmoqda.

Ta’kidlash joizki, Tegu metropolitan shahri savdo-sanoat palatasi bilan hamkorlikda 2023 yilda Buxoro viloyatida O‘zbek-Koreys biznes forumini tashkil etishni rejalashtirgan. Bundan tashqari, mazkur tashrif doirasida Janubiy Koreyaning o‘ndan ortiq biznes-doira vakillari ishtirokida muzokaralar tashkil etilgan. Ishbilarmon doira vakillari bilan qator loyihalar yuzasidan bitimga erishilgan. Chunonchi, Koreya tadbirkorlari bilan Buxoro viloyatida farmatsevtika, elektrotexnika, chiqindini qayta ishlash sohalarida loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazilgan.
Mazkur uchrashuvlar yakunlari bo‘yicha Janubiy Koreyaning “Noanix” kompaniyasi bilan Buxorodagi “Tib Texnika” MCHJda farmatsevtika mahsulotlari – koronar stendlarni dorilash va vakuteynerini ishlab chiqarish, shuningdek, “Noanix” kompaniyasining tajribali kardiolog jarrohlarini Buxoro viloyatiga jalb qilgan holda jarrohlik operatsiyalarini amalga oshirish belgilangan.

“ShBio” kompaniyasi bilan kosmetika mahsulotlarini ishlab chiqarishga doir investitsiya loyihasini amalga oshirish, “GEMSS HEALTHCARE” kompaniyasi bilan investitsiya loyihasini (tibbiyotda qo‘llaniladigan rentgen uskunalari ishlab chiqarish) amalga oshirish, shuningdek, “HIBI International Co. LTD” kompaniyasi tomonidan parrandachilik kompleksini tashkil qilishga doir istiqbolli biznes loyihalar ro‘yobi uchun amaliy sa’y-harakat boshlanmoqda.
Janubiy Koreyaning “HIBI International Co. LTD” kompaniyasi tomonidan tibbiyotda foydalaniladigan texnik kanop yetishtirish va uni qayta ishlash investitsiya loyihasi ham muhokama qilingan. “SUN-ENERGY Co.LTD” kompaniyasi tomonidan elektrotexnika mahsulotlarini ishlab chiqarish va quyosh panellarini o‘rnatish amaliyoti ko‘rib chiqilgan.
Biznes muhokamalari qatorida yana bir loyiha –– “OKGREEN ENERGY Co.” kompaniyasiga tegishli bo‘lib, “LED” rusumli zamonaviy yoritish chiroqlari ishlab chiqarishni kengaytirish loyihasini Buxoroda mahalliylashtirishga e’tibor kuchaytirilmoqda. Qolaversa, koreys ishbilarmonlarining “DIK Co. LTD” kompaniyasi tomonidan quyosh panellari uchun invertorlar ishlab chiqarish, “GES Co. LTD” kompaniyasi tomonidan “Aholi Trans” MCHJda chiqindini qayta ishlash natijasida elektr energiyasi va issiqlik olish loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha kelishuvga erishilgan.
Zarif Komilov,
O‘zA