Janubiy Afrikada bolalar nobud bo‘ldi
O‘zA avvalroq Janubiy Afrika Respublikasi shimoli-sharqidagi Kvazulu-Natal provinsiyasida yuz bergan suv toshqini oqibatida ko‘plab insonlar halok bo‘lgani haqida xabar bergan edi.
Ular orasida 57 nafar voyaga yetmagan bola qayd etilgan, besh nafar nroasida hozircha bedarak. Bu haqda mahalliy “Eyewitness News” radiosi mamlakat boshlang‘ich ta’lim vazirligi ma’lumotiga tayanib xabar berdi.
— Tabiiy ofat 630 maktabga bevosita ta’sir ko‘rsatdi, 124 o‘quv maskani jiddiy zarar ko‘rgan, — dedi vazirlik vakili Eliju Mlanga.
Kvazulu-Natal hukumati rahbari Sile Zikalala toshqin qurbonlari 443 kishi ekani, 63 odamning taqdiri hali noma’lumligini aytdi.
Eng ko‘p o‘lim holati Hind okeani qirg‘og‘ida joylashgan Durban metropolida sodir bo‘ldi.
Antarktidadan kelayotgan sovuq havo oqimi ta’sirida 8 apreldan buyon Janubiy Afrikada siklon aylanib yuribdi. Ayniqsa, Kvazulu-Natal aholisi va hududi jiddiy talofatga duch keldi. Provinsiyada 4000 ma’muriy va turar-joy binosi butunlay vayron bo‘lgan, 20 mingdan ziyod kishi sezilarli zarar ko‘rgan.
Ko‘plab avtomobil va temir yo‘l tizimi suv ostida qolgan, o‘nlab ko‘priklar vayron bo‘lgan. Aksariyat hududlarda elektr energiyasi, uyali aloqa va ichimlik suvi yetishmayapti. Yuzlab maktab, do‘kon va bank filiallari yopilgan.