Janubda ham “So‘nggi qo‘ng‘iroq” jarangladi
Surxondaryo viloyatidagi umumta’lim maktablarida “So‘nggi qo‘ng‘iroq” tadbirlari “Ilmni qadrlang, ilmga intiling!” shiori ostida yuksak saviyada tashkil etildi.
Ta’lim muassasalarida o‘tkazilgan tantanali tadbirlarda sektorlar rahbarlari, viloyat, tuman, shahar hokimlari o‘rinbosarlari, tashkilot, idora va muassasalar rahbarlari ishtirok etdi.
Termiz shahridagi 26-umumta’lim maktabida tashkil etilgan tantanali tadbirda Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov Prezidentimizning umumiy o‘rta ta’lim maktablarining bitiruvchi yoshlariga yo‘llagan tabrigini o‘qib eshittirdi. O‘quvchilarni o‘quv yilini muvaffaqiyatli yakunlayotgani bilan tabriklab, mustaqil hayotga ilk qadam tashlayotgan bitiruvchi o‘g‘il-qizlarga omad tiladi. Yangilangan Konstitutsiyamizning mazmun-mohiyati va viloyatda yuz berayotgan o‘zgarishlar haqida atroflicha so‘z yuritildi.
[gallery-12039]
Joriy yilda viloyatdagi 965 ta ta’lim muassasasini 32 ming 886 nafar o‘quvchi bitirib, mustaqil hayotga qadam qo‘ymoqda. Ularning 752 nafari maktabni oltin va 161 nafari kumush medal bilan tugatmoqda.
Mamlakatimizda so‘nggi yillarda ta’lim tizimida amalga oshirilgan islohotlar chuqur bilim va yuksak ma’anaviyatga ega, jismonan sog‘lom avlodni tarbiyalab, kamolga yetkazishda muhim omil bo‘layotir. Jumladan, Davlat umummilliy dasturi maktablarda ta’lim sifati va samaradorligini tubdan yaxshilashga xizmat qilayotgan bo‘lsa, Investitsiya, “Obod qishloq”, “Obod mahalla” kabi dasturlar zamonaviy usulda jihozlangan yangi maktablar qurish va qo‘shimcha binolar barpo etishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Shunga muvofiq keyingi yillarda janubdagi vohada 17 ta yangi maktab qad rostladi. 274 ta qo‘shimcha o‘quv binolari qurilib, 91 ming 593 nafar o‘quvchining fan sirlarini chuqur egallashi uchun barcha sharoit yaratildi. 741 ta maktab 11 ming 200 dona kompyuter jamlanmasi, 327 ta maktabga 31 ming 600 dona parta-stul va 3 ming 200 dona doska bilan ta’minlandi. Buning uchun 122 milliard so‘m mablag‘ sarflandi. Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yilida bu boradagi ishlar yangi bosqichda davom etmoqda.
Tantanali tadbirda bir guruh a’lochi bitiruvchilar va namunali ota-onalar rag‘batlantirildi.
Viloyatdagi barcha maktablarda “So‘nggi qo‘ng‘iroq” tadbirlari katta tantana qilindi.
Xolmo‘min MAMATRAYIMOV, O‘zA