Jamoat xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan qarorlar ijrosi qanday bajarilmoqda?
Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi hamda xalq deputatlari Bektemir tumani kengashining qo‘shma majlisi bo‘lib o‘tdi.
Unda Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi Qutbiddin Burxonov, xalq deputatlari Bektemir tumani kengashi deputatlari, tuman hokimi va prokurori, tuman ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi mas’ullari hamda tegishli davlat organlari va tashkilotlari vakillari ishtirok etdi.
Majlisda Prezidentimizning jamoat xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan qarorlari ijrosi, shuningdek, tumanda huquqbuzarliklar profilaktikasi, jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida amalga oshirilgan ishlar natijalari muhokama qilindi.
Tumanda jamoat xavfsizligini ta’minlash va huquqbuzarliklarning oldini olish maqsadida zamonaviy kuzatuv hamda nazorat vositalarini joriy etish ko‘lami kengaytirildi. Xususan, mahallalarda aholi gavjum joylarda, ko‘p qavatli uylar, asosiy ko‘chalar va savdo majmualarida 200 dan ortiq videokuzatuv kameralari o‘rnatilgan.
291 ta ko‘p qavatli uy va xonadonlar hamda 274 savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish ob’ekti texnik qo‘riqlovga olingan. Ko‘p qavatli uylarga begona shaxslarning nazoratsiz kirib-chiqishini cheklash maqsadida 223 uyning kirish eshiklariga domofonlar o‘rnatilgan.
[gallery-30664]
Aholi gavjum hududlarda xavfsizlikni ta’minlash va ehtimoliy huquqbuzarliklarning oldini olish maqsadida "Qo‘yliq" va "Food city" bozorlarida situatsion markazlar faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Bozorlar hududida "Huquq-tartibot maskani" ham tashkil etilgan.
Majlisda ijtimoiy profilaktika yo‘nalishida amalga oshirilgan ishlar ham ko‘rib chiqildi. Xususan, Mudofaa vazirligi gospitalining malakali shifokorlari ishtirokida tumanning 18 mahallasida bepul tibbiy ko‘riklar tashkil etilgan hamda qariyb 5 ming nafar keksa, ayol va bolalarga tibbiy xizmat ko‘rsatilgan.
N.Abduraimova,
N.Haydarov (surta),
O‘zA