Jamoat transporti jamoatchilik nazoratiga muhtojmi?
Kundalik turmushimizda jamoat transportining alohida ahamiyati va o‘rni mavjudligi barchamizga oydek ravshan.
Kundalik turmushimizda jamoat transportining alohida ahamiyati va o‘rni mavjudligi barchamizga oydek ravshan.
Shu bilan birgalikda, yurtimizda aholiga transport xizmatlari ko‘rsatish borasida yetarlicha muammo va kamchiliklar to‘planib qolgani ham sir emas. Muammo bor ekan, uning qandaydir ijobiy yechimi ham bo‘ladi. Shu bois, mamlakatimizda barcha sohalarda bo‘lgani kabi mazkur sohada ham islohotlar olib borilmoqda.
Asosiy faoliyat yo‘nalishi iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish, ularning iste’molchilik huquqiy bilimlarini oshirish yo‘nalishida ish olib borish bo‘lgan tashkilot vakili sifatida, avvalambor, Konstitutsiyamizda iste’molchining huquqlari ustuvorligi belgilab qo‘yilganligi, iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi qonunchilik bo‘yicha iste’molchining bu boradagi huquqlari, aholiga mazkur xizmatlarni ko‘rsatayotgan korxonalar qanday talablarga amal qilishlari lozimligi yuzasidan fikr bildirishimiz kerak bo‘ladi.
“Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonun 3¬moddasida agar O‘zbekiston Respublikasi ishtirok etgan xalqaro shartnoma yoki bitimda iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan bo‘lsa, xalqaro shartnoma yoki bitim qoidalari qo‘llanilishi belgilab qo‘yilgan.
Demak, aholiga shu turdagi xizmatlarni ko‘rsatib kelayotgan korxonalar yurtimizda ichki va tashqi turizmga katta e’tibor qaratilayotganini ham nazarda tutishlari shart. Bu degani xorijdan kelgan turist va transport korxonasi o‘rtasida nizo chiqadigan bo‘lsa va O‘zbekiston Respublikasi imzolagan xalqaro shartnomada amaldagi qonunimizda belgilangan normadan qat’iyroq norma belgilangan bo‘lsa, korxona ana shu holatdan kelib chiqib javob berishga tayyor turishi lozim.
Iste’molchining amaldagi Qonunda va xalqaro hujjatlarda o‘z aksini topgan huquqi ma’lumot olish huquqidir. Aholiga transport xizmatlari ko‘rsatish borasida mazkur norma talabini bajarish uchun nima ishlar qilinishi lozim?
Aytaylik, iste’molchi avtobus bekatida turibdi. U A punktdan B punktga yetib olishi kerak. Bekatda iste’molchi uchun zaruriy ma’lumotlar mavjudmi? Garchi poytaxt bekatlarida avtobuslarning harakatlanish sxemasi, mazkur bekatga qaysi yo‘nalishdagi avtobuslar kelib to‘xtashi, qatnash grafiklari kabi ma’lumotlar qo‘yilgan bo‘lsa¬da, viloyatlarga chiqsangiz bunday ma’lumotlarni topa olmaysiz. Yo‘lovchi bir manzilga borishi uchun qaysi avtobusda borishi mumkinligi, avtobus shu bekatga kelish yoki kelmasligi, kelganda ham qancha vaqtda kelishi kabi ma’lumotlarni so‘rab¬surishtirishga majbur. Endi tasavvur qiling, ana shu yo‘l so‘rab turgan odamning o‘rnida tilimizni bilmaydigan xorijdan kelgan turist bo‘lsa-chi? Bu holda masala yanayam jiddiylashadi. Demak, birinchi talab, bu bekatlarda iste’molchilar uchun eng zaruriy ma’lumotlarning qo‘yilishini ta’minlashdan iboratdir. Eng kamida bekatda qaysi yo‘nalishlardagi avtobuslar to‘xtab o‘tishi ko‘rsatilib, ana shu yo‘nalish sxemasi berilishi, avtobuslarning harakatlanish grafigi qo‘yilishi zarur.
Bekatda turgan paytingizda oldingizga avtobus kelib to‘xtadi. Siz unga chiqdingiz, tomoshaning eng qizig‘i esa endi boshlandi. Avtobusda ketib borar ekansiz, borayotgan manzil to‘g‘risida so‘rab-¬surishtirib, yetib kelgan¬kelmaganingiz, o‘tib ketmasligingiz bo‘yicha yo‘lovchilardan tortib haydovchigacha qayta¬qayta eslatib borishingizga to‘g‘ri keladi. Sababi, avtobus ichida iste’molchining ma’lumot olish huquqini ta’minlab berilmagani.
Aslida, avtobusga chiqqaningizdan so‘ng, har bir bekatga yetib kelish oldidan u qaysi bekatga kelib to‘xtayotgani to‘g‘risida ma’lumot berilishi lozim. Shunda qancha¬qanchadan savol¬-so‘roq, asabbuzarliklarning oldi olinadi. Xorij mamlakatlarida yo‘lovchilar avtobusning old eshigidan chiqib, orqa eshigidan tushadilar. Sababi, yo‘lovchi avtobusga old eshikdan chiqishi jarayonida to‘lovni amalga oshiradi va manziliga yetganida orqa eshikdan tushib ketaveradi. Bunda albatta to‘lov tizimining avtomatlashtirilgani ham o‘ziga xos rol o‘ynaydi. Bizda esa yoningizga kelib to‘xtagan avtobusning qaysi eshigi ochilsa yoki odam qaysi tomondan kamroq tirband bo‘lsa o‘sha tomoniga chiqib olaveramiz. Agar konduktor bo‘lsa xo‘p¬-xo‘p,
sizdan to‘lovni undirib olish uchun amallab yoningizga kelar. Agar u bo‘lmasa siz old eshikka tomon siljib borishingiz va odamlardan so‘rab surishtirib, manzilingizga yaqin qolganda eshik yonida bo‘lishingiz talab etiladi. Bo‘lmasa, nafaqat haydovchidan, balki yo‘lovchilardan ham dakki eshitib olasiz.
Endi to‘lov masalasi. Poytaxt avtobuslarida yo‘l kira haqi 1200 yoki 1300 so‘m bo‘lishini tasavvur qilish mumkin. Sababi, ikkita ming so‘mlik pul bergan yo‘lovchiga mos ravishda 800 yoki 700 so‘m qaytim sifatida beriladi. Lekin yurtimizning chekka tumanlarida ushbu holat qanday yechim topmoqda?
Ham haydovchi, ham kassir, ham korxonasining pul tushumi rejasini bajarishga mas’ul bo‘lgan avtobusni boshqarib borayotgan shaxs tomonidan sizga qaytim sifatida gugurt yoki saqich berilishidan himoyalanmagansiz. Kimdandir mayda pul tushib qolsa-¬ku, baxtingiz, bo‘lmasa qo‘lingizni duoga ochib ketaverasiz.
To‘g‘ri, bugun avtomatlashtirilgan tizim joriy qilinishi bu muammoni yechib berishiga ko‘pchiligimiz ishonamiz. Lekin unga qadar mazkur masala odamlarni norozi qilishda davom etadi.
Xorij mamlakatlarida aholiga jamoatchilik transporti xizmatini ko‘rsatayotgan korxonalar va jamoatchilikning o‘zi ham haydovchi qo‘liga pul ushlatmaslikka intilishadi. To‘lov tizimi joriy qilinayotganda masalaning shu tomonlarigacha e’tiborga olinadi. Natijada haydovchi faqatgina yo‘lovchilarni yo‘l harakati qoidalariga qat’iy amal qilgan holda xavfsiz tashishnigina o‘ylaydi. Uning zimmasida “plan” yo‘q. Bizning bugungi holatimizda esa haydovchi qancha pul topshirishidan qat’iy nazar, u tushumdan urib qolayotgandek tuyulaveradi. Negaki, u qo‘liga pul ushlaydi, hisob¬kitob qiladi, qaytim qaytaradi, “duolar oladi”. Albatta, sohani yana biz bilgan va bilmagan nozik tomonlariyam borki, ularga to‘xtalib o‘tirmaymiz. Shuning bilan birgalikda, xalqimizda “proezdnoy” deb ataladigan, transportda muayyan vaqt yurish huquqini beradigan chipta turi ham borki, mazkur masalaga ham biroz to‘xtalib o‘tish joiz. Poytaxtda avtobus yo‘nalishlariga bitta korxona “Toshshaharyo‘lovchitrans” MChJ tomonidan xizmat ko‘rsatiladi va yo‘lovchining qo‘liga berilgan oylik yo‘l chiptasi barcha avtobus yo‘nalishlarida qabul qilinadi. Lekin tuman va shaharlarda hududni to‘liq qamrab olgan bunday korxonalar yo‘q. Natijada siz sotib olgan "proezdnoy" bir yo‘nalishga o‘tsa, ikkinchi yo‘nalish tomonidan tan olinmaslik holatlari bor. Sababi yo‘nalishlarga boshqa¬boshqa korxonalar xizmat ko‘rsatadi. Barcha korxonalar uchun umumiy oylik yo‘l chiptasini joriy qilish masalasi esa to‘liq hal qilinmagan. Shuning uchun ham xorij mamlakatlarida to‘lov tizimi markazlashtirilgan bo‘lib, siz sotib olgan transport kartasi transportning barcha turlari (avtobus, trolleybus, tramvay, metro) uchun o‘tadi.
Iste’molchining ma’lumot olish huquqi to‘g‘risida gap ketar ekan, avtobus salonida bo‘lishi shart bo‘lgan ma’lumotlardan yana biri bu yo‘nalishga xizmat ko‘rsatuvchi korxona to‘g‘risidagi va haydovchi to‘g‘risidagi ma’lumotlardir.
Salonda ana shu ma’lumotlarning bo‘lishi aholi tomonidan jamoatchilik nazorati olib borilib, ayrim masalalarni joyida hal qilish imkoniyatini beradi. Biz yuqorida jamoat transporti to‘g‘risida fikrlar bildirganda, faqatgina aholiga avtobuslarda xizmat ko‘rsatish masalasigagina to‘xtaldik. Zero, yurtimiz tuman va shaharlarida eng ko‘p tarqalgan jamoat transporti ham shulardir.
G‘ayrat Mamatqulov,
O‘zbekiston iste’molchilar
huquqlarini himoya qilish jamiyatlari
federatsiyasi Farg‘ona viloyati hududiy
birlashmasi raisi o‘rinbosari