Jamoalarimizning muhim g‘alabalari
Toshkentning “Paxtakor” va “Lokomotiv” jamoalari Osiyo chempionlar ligasining uchinchi turida muhim g‘alabaga erishdi.
Toshkentning “Paxtakor” va “Lokomotiv” jamoalari Osiyo chempionlar ligasining uchinchi turida muhim g‘alabaga erishdi.Musobaqaning “C” guruhidan joy olgan “Paxtakor” klubi avvalgi turlarda Saudiya Arabistonining “Al-Hilol” jamoasi bilan kuch sinashib, o‘z maydonida 2:2 hisobida durang o‘ynagan, safarda esa 1:4 hisobida imkoniyatni boy bergan edi. Shu bois, bugungi bahsda g‘alaba qozonish jamoamiz uchun juda muhim edi.
“Paxtakor” jamoasi o‘z maydonida Eronning “Traktorsozi” klubini qabul qildi. Uchrashuvning birinchi bo‘limida futbolchilarimiz raqiblar darvozasi oldida bir necha xavfli vaziyatlarni yuzaga keltirdi. 41-daqiqada Igor Sergeyev “Traktorsozi” darvozasiga to‘p kiritib, hisobni ochdi.
Uchrashuvda 1:0 hisobida g‘alaba qozongan «Paxtakor» jamoasi muhim uch ochkoni qo‘lga kiritdi. Jamoalarning navbatdagi bahsi 6-aprel kuni Eronda bo‘lib o‘tadi.
“A” guruhida to‘p surayotgan “Lokomotiv” safarda Eronning “Fulad Sepahon” jamoasini 2:0 hisobida yengdi. “Temiryo‘lchilar”ga g‘alaba keltirgan gollarni Marat Bikmayev, Sardor Mirzayev kiritdi.
Shu tariqa, “Lokomotiv” jamoasi ochkolar sonini beshtaga yetkazib oldi. Javob o‘yini 6-aprel kuni Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadi.