Jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi
“2026-2027-yillarda jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturini tasdiqlash to‘g‘risida”gi Hukumat qarori qabul qilindi.
Qaror bilan 2026-2027-yillarda jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi.
Dastur doirasida “Onlayn-mahalla” platformasi va “mahalla yettiligi” ko‘magida aholi muammolarini tahlil qilib, dolzarb masalalarga qonuniy yechimlar beruvchi sodda media materiallar (annotatsiya, video, infografika, bukletlar) ishlab chiqiladi.
Yil yakunida aholining murojaatlari asosida “TOP-100 huquqiy tavsiya” to‘plami shakllantirilib, video, infografika va podkastlar tayyorlanadi. Yangi qonunchilik hujjatlarini mutaxassislar ishtirokida intervyu, podkast va videolar orqali sodda tushuntiruvchi materiallar “Adliya TV”da joylashtiriladi.
Qurilish qonunchiligini interaktiv (o‘yinlar, testlar, videolar) tushuntiruvchi, noqonuniy qurilishlar haqida xabar berish imkoniyatiga ega AI –chatbotli “Qurilishda qonuniylik” mobil ilovasi yaratiladi.
“Advice.uz” va “Gender-madad” platformalari takomillashtirilib, ijtimoiy tarmoqlarda “Sovrinli viktorinalar” o‘tkaziladi.
Shuningdek, Dasturda quyidagilar nazarda tutildi:
– bolalar o‘rtasida huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirish maqsadida huquqiy videoroliklar ishlab chiqish hamda keng targ‘ib qilish;
– “Oilani asrang – zo‘ravonlikni to‘xtating!” shiori ostida ijtimoiy tarmoqlarda ommaviy chellenjlar hamda ijtimoiy roliklar tanlovini tashkil etish;
– ta’lim muassasalarida “Huquqiy bilimlar oyligi”ni o‘tkazish.
Dasturda belgilangan chora-tadbirlar o‘z vaqtida, to‘liq va sifatli amalga oshirilishi hamda natijasi bo‘yicha ma’lumotlar har chorak yakunida Adliya vazirligiga taqdim etib borilishi uchun tegishli davlat organlari va tashkilotlari rahbarlari shaxsan javobgar hisoblanadi.
O‘zA