JAMIYAT – ISLOHOTLAR TASHABBUSKORI
Siyosatshunos Azizbek Maqsudov bilan suhbatimiz Jamoatchilik palatasi zimmasidagi vazifalarga bagʻishlandi.
Munosabat
Prezidentimiz tomonidan xalqaro va mahalliy ekspertlar tarixiy hujjat deya eʼtirof etayotgan “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Jamoatchilik palatasini tashkil etish toʻgʻrisida”gi farmon imzolandi. Albatta, ushbu institutning tashkil etilishi mamlakatimizning yana-da barqaror taraqqiy etishiga xizmat qiladi.
Siyosatshunos Azizbek Maqsudov bilan suhbatimiz Jamoatchilik palatasi zimmasidagi vazifalarga bagʻishlandi.
— Ayting-chi, ushbu farmonning qabul qilinishidan, asosan, qanday maqsad koʻzda tutilgan va unga nima turtki boʻldi, deb hisoblaysiz?
— Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev Prezident etib saylangan kundan mamlakatimizda barcha soha va tizimlarda “Yangi Oʻzbekistonni buyuk va mehnatsevar xalqimiz bilan birgalikda barpo etamiz” tamoyili asosida mutlaqo yangi muhit yaratila boshlandi. Yaʼni insonning huquq va erkinliklari yuksak qadriyat sifatida tan olinadigan Yangi Oʻzbekistonni yaratish borasida misli koʻrilmagan islohotlarga kirishildi. Mazkur islohotlarni oʻzaro bogʻlab turuvchi asosiy gʻoyalar sirasiga esa “Jamiyat — islohotlar tashabbuskori” kabi yangi gʻoyalar ham kiradi.
Sir emaski, Yangi Oʻzbekistonni barpo etish uchun, eng avvalo, davlat va jamiyat qurilishi tizimini takomillashtirishdek ustuvor yoʻnalishlarga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Xususan, mamlakatimiz hayotida birinchi marta Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining parlamentga murojaatnomasi instituti joriy etildi.
Unda “Xalq davlat organlariga emas, balki davlat organlari xalqqa xizmat qilishi kerak” degan asosiy tamoyilni hayotga tatbiq etish, xalq bilan tizimli muloqotni oʻrnatish, fuqarolar dardini tinglash va hal etish kabi masalalarga ustuvor vazifa sifatida qaralmoqda.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan tashkil etilgan Prezidentning virtual va Xalq qabulxonalari xususida ham ana shunday fikr bildirish mumkin. Xalq qabulxonalari faoliyati yoʻlga qoʻyilishi bilan fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqini amalga oshirish imkoni yaratilganini taʼkidlash joiz.
Xalq qabulxonalari orqali har yili 1 milliondan ziyod aholining dardi, tashvish-muammolariga yechim topilayotganini qayd qilish lozim. Masalan, 2019-yili 880 mingdan ortiq murojaatning 510 mingdan ziyodi ijobiy hal etilgani ham “Xalq davlat organlariga emas, balki davlat organlari xalqqa xizmat qilishi kerak” tamoyilining naqadar hayotiy ekanini tasdiqlab turibdi.
Umuman, koʻplab vazirlik va idoralarni aylanib oʻtib, fuqarolarning shikoyat va takliflarini toʻgʻridan-toʻgʻri qabul qiladigan va Prezidentga yetkazadigan ushbu tizimning yaratilishi xalqdan uzoqlashib qolgan ayrim rahbarlarni oʻz faoliyatini qayta koʻrib chiqishga, xalqning turmush sharoiti bilan qiziqishga, kerak boʻlsa, qarorlar qabul qilishda ular bilan hisoblashishga, yuqoridagi tamoyil asosida ish yuritishga majbur qildi, desam mubolagʻa boʻlmaydi.
Natijada iqtisodiyot sohasida ijtimoiy yoʻnaltirilgan haqiqiy bozor munosabatlarini joriy etish, tadbirkorlik, xususiy mulk rivojiga keng yoʻl ochib berish masalalariga birinchi darajali ahamiyat berilmoqda. Yangi ish oʻrinlari yaratish, zamonaviy uy-joylar, yoʻl va koʻpriklar, bolalar bogʻchalari, maktablar va oliy oʻquv yurtlari, shifoxonalar, madaniyat va sanʼat, sport maskanlarini barpo etish, bir soʻz bilan aytganda, xalqimizning hayoti obod va farovon boʻlishiga erishish, uni rozi qilish barcha boʻgʻindagi rahbar va mutasaddilarning faoliyat mezoniga aylanmoqda.
Ikkinchi tomondan, Xalq qabulxonalariga, jumladan, iqtisodiyot, moliya, sogʻliqni saqlash, ichki ishlar organlari, sud-huquq masalalari, kommunal xoʻjaligi hamda qurilish sohalarini tubdan yangilash, shuningdek, tadbirkorlik, xususiy mulk rivojiga keng yoʻl ochib berish boʻyicha minglab taklif va tashabbuslar kelib tushdi. Ularni oʻrganish va tahlil qilish natijalari esa oʻz yechimini yillar davomida kutib turgan bir qator muhim sohalarda tub oʻzgarish va islohotlar oʻtkazishni talab etdi. Bu jarayon xalqimizning tom maʼnoda islohotlar tashabbuskoriga aylanib borayotganini koʻrsatdi.
Endi Prezident tomonidan imzolangan yangi farmonning tub maqsadiga toʻxtalsak. Bunda, eng avvalo, quyidagi toʻrtta ustuvor yoʻnalish belgilanganini koʻrish mumkin:
— “Jamiyat — islohotlar tashabbuskori” degan yangi gʻoyani amalda roʻyobga chiqarish, aholining jamiyat va davlat ishlarini boshqarishdagi ishtiroki koʻlamini yana-da kengaytirish;
— BMT tomonidan belgilangan Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish;
— fuqarolar, jamiyat va davlatning oʻzaro hamkorligini oʻrnatish;
— davlat organlari va muassasalari faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini kuchaytirish.
— Yana bir bor taʼkidlayman, biz qurayotgan Yangi Oʻzbekistonning muhim jihati — bu aholini, fuqarolik jamiyati institutlarini mamlakatni har tomonlama rivojlantirish jarayonlariga faol jalb qilish, yaʼni jamiyatni yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning real tashabbuskoriga aylantirishdir.
Xorijiy tajribaning tahlili shuni koʻrsatmoqdaki, bu kabi tashkilotlar dunyoning bir qator rivojlangan demokratik davlatlarida tuzilgan. Har bir davlat bunday tuzilmalarni tashkil etishda uning oʻziga xos xususiyatlaridan, davlat hokimiyati va fuqarolik jamiyati institutlari oʻrtasidagi oʻzaro munosabatlari va sharoitlaridan kelib chiqadi.
Fikrimcha, ushbu tuzilmaning aynan Prezident huzurida tashkil etilishiga bir necha asoslar bor.
Birinchi. Jamoatchilik palatasi faoliyatiga davlat organlari tomonidan boʻlishi mumkin boʻlgan toʻsiqlarni bartaraf etish. Bu, ayniqsa, Jamoatchilik palatasi barcha sohalarda jamoatchilik nazoratining yaxlit va samarali tizimini shakllantirish, jamoatchilik nazoratining “jamoatchilik muhokamasi”, “jamoatchilik ekspertizasi”, “jamoatchilik monitoringi” kabi zamonaviy shakllarini amaliyotga tatbiq etishda yaqindan shugʻullanishi nuqtayi nazardan muhimdir.
Ikkinchi. Palata oldiga qoʻyilgan keng qamrovli masalalarning samarali va muvaffaqiyatli amalga oshirilishini taʼminlash. Chunki Jamoatchilik palatasi bajarishi lozim boʻlgan vazifalar doirasi, alohida olingan ijro etuvchi, qonun chiqaruvchi va sud hokimiyati vakolatlaridan tashqariga chiqishini inobatga olishimiz lozim. Uning faoliyati jamiyat va davlat hayotining barcha jabhalari, barqaror rivojlantirish, Konstitutsiya va qonunlarning ustuvorligi tamoyillarini taʼminlash va hokazo masalalarni qamrab oladi.
Uchinchi. Jamoatchilik palatasini tashkil qilish orqali adolatli fuqarolik jamiyati shaklanishining muhim elementi boʻlgan vertikal va gorizontal “jamoatchilik boshqaruvi”ning yaxlit tizimini yaratish. Bunda respublika miqyosidagi Jamoatchilik palatasi Prezident huzurida tashkil etilayotgan boʻlsa-da, hududiy jamoatchilik palatalari hududiy davlat idoralaridan mustaqil tuzilma boʻladi.
Jamoatchilik palatasi har bir davlat organidagi, shu jumladan, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari huzuridagi jamoatchilik nazorati boʻyicha kengashlar faoliyatini kuchaytirish, uslubiy va boshqa yordam koʻrsatish, shuningdek, ijtimoiy sheriklik institutini yana-da takomillashtirish bilan shugʻullanadi.
Bunda shunday tartib belgilanmoqdaki, Jamoatchilik palatasi va mintaqaviy jamoat palatalari jamoat kengashlari tarkibini belgilashda ishtirok etadi, davlat hokimiyati organlari esa oʻzlarining faoliyatini ular bilan yaqin hamkorlikda, nodavlat notijorat tashkilotlarning mustaqilligi va ularning faoliyatiga aralashmaslik tamoyillariga rioya qilgan holda amalga oshiradilar.
— Bugungi yangilanish va oʻzgarishlar bizdan muammoli masalalarni, soddaroq aytganda, xalq dardi va muammolarini tezkor yechishni talab etmoqda. Oʻzbekistonda bu borada ham samarali tizim yaratilgani bois, Jahon bankining oʻtgan yilgi “Davlat boshqaruvi indikatori”da mamlakatimiz 5 ta koʻrsatkich boʻyicha oʻz oʻrnini yaxshilab oldi.
Ammo hali yechimini kutayotgan masalalar koʻp ekani hech kimga sir emas. Bugun fuqarolar, ayniqsa, yoshlarning ijobiy oʻzgarishlarga boʻlgan talabi ortib bormoqda. Bu esa mamlakat taraqqiyotini belgilovchi yangi-yangi gʻoyalarni ilgari surishni taqozo etmoqda.
Garchi, Bosh qonunimizda jamiyat va davlat hayotining eng muhim masalalari xalq muhokamasiga taqdim etilishi kabi qator meʼyorlar belgilab qoʻyilgan boʻlsa-da, lekin ularning barchasi ham hayotga tatbiq etilyapti, deya olamizmi?
Hayot haqiqati koʻrsatyaptiki, qonunlar xalq ichidan chiqib, jamiyatning oʻzi tashabbus koʻrsatsa, davlat institutlari esa xalq nazoratida boʻlsa, adolatli va huquqiy demokratik davlat barpo etiladi.
Mana bir misol. Keyingi yillarda 4 mingga yaqin qonun hujjati loyihasi muhokamasida keng jamoatchilikdan 17 mingdan ziyodtaklif va tashabbus kelib tushdi. Ular asosida mingdan ortiq hujjat qayta ishlanganining oʻziyoq “Jamiyat — islohotlar tashabbuskori” gʻoyasi islohotlarning ajralmas boʻlagiga aylanganini koʻrsatib turibdi.
Prezidentimiz taʼbiri bilan aytganda, bu “jamoatchilikda alohida qiziqish uygʻotadigan oʻta muhim masalalarga doir qarorlarni qabul qilishda jamoatchilik bilan” maslahatlashish zaruriyati, “jamoatchilik maʼqul desa — maʼqul, nomaʼqul desa — nomaʼqul boʻladi”, degan tamoyil hayotga joriy etilayotganini ham koʻrsatadi.
— Bunga, eng avvalo, fuqarolarning davlat va jamiyat boshqaruvidagi faol ishtiroki orqaligina erishish mumkin.
Buning uchun, birinchidan, davlat, fuqarolar, NNT va OAVning mamlakatni rivojlantirishga qaratilgan saʼy-harakatlarini birlashtiruvchi zamonaviy shakldagi samarali muloqot maydoni mavjud boʻlishi zarur.
Ikkinchidan, muhim masalalarga doir qarorlar qabul qilishda jamoatchilik bilan maslahatlar, jamoatchilik eshituvlarini oʻtkazish mexanizmlarini yaratish talab etiladi.
Uchinchidan, demokratik yoki fuqarolik jamiyati institutlari va boshqa tuzilmalarning samarali faoliyati uchun yangi tizim boʻlishi shart. Rivojlangan davlatlarda bular “toʻrtinchi hokimiyat”, “uchinchi sektor” kabi atamalar bilan nomlanadi. Ular aholining hayotiy muammolariga davlat idoralari eʼtiborini qaratib, oʻzlarining asoslantirilgan takliflarini berib boradilar.
Bir misol. Ayni paytda yurtimizda 10 mingdan ziyod NNT faoliyat yuritmoqda. Lekin, ochigʻi, ularning jamiyat hayotiga taʼsiri sezilmayapti. Vaholanki, ular aholining muayyan bir qatlami manfaatlarini ifodalashi va himoya qilishi, ular bilan davlat oʻrtasida koʻprik vazifasini oʻtashi kerak. Aksariyat NNTlar faoliyati rasmiyatchilikdan iborat, xolos.
Shu bois, Jamoatchilik palatasining tashkil etilishi aynan ana shunday samarali va natijador tizimni yaratishga xizmat qiladi.
— Avvalo, Jamoatchilik palatasining tashkil etilishi bugun yaratilayotgan, rivojlangan davlatlar qatoridan munosib oʻrin egallagan, erkin va farovon, dunyo uchun ochiq va qudratli Yangi Oʻzbekiston tarixiga oʻzining munosib hissasini qoʻshishiga aminman. Ruxsatingiz bilan fikrimni asoslab bersam.
Rivojlangan mamlakatlar tajribasiga eʼtibor qarataylik. Bugungi kunda 70 dan ziyod mamlakatda jamoatchilik palatalari samarali faoliyat yuritmoqda. Masalan, Fransiyada Iqtisodiy, ijtimoiy va ekologik kengash boʻlib, uning aʼzolari turli soha ekspertlari, nodavlat tashkilotlar vakillari, olimlar, siyosat, fan va madaniyat arboblari, ekolog va jurnalistlardir.
Rossiyadagi Jamoatchilik palatasi esa jamiyat va davlat oʻrtasida oʻziga xos koʻprik va muhokama maydoni vazifasini bajarmoqda. U mamlakatning siyosiy, iqtisodiy suverenitetini, xalqaro munosabatlarda mamlakat manfaatlarini himoya qilishda “xalq diplomatiyasi” instituti imkoniyatlaridan foydalanish, “jamiyat — davlat — inson” munosabatlarida inson manfaatlari va huquqlarini himoyalashga koʻmaklashuvchi asosiy vositaga aylangan.
Bunday misollarni Germaniya, Vengriya, Finlyandiya, Janubiy Koreya va Yaponiya kabi rivojlangan mamlakatlar tajribasidan ham keltirish mumkin. Jamoatchilik palatalarining tavsiyalari odamlar fikrlarini jamlash, yoʻnaltirish va ifodalash orqali parlament, hukumat hamda davlat rahbari tomonidan qabul qilinadigan qarorlarga bevosita taʼsir koʻrsata oladi.
Xorijiy tajriba koʻrsatmoqdaki, biror-bir qonun Jamoatchilik palatasidagi “nolinchi oʻqish”, jamoatchilik muhokamasisiz qabul qilinmaydi. Eng muhimi, ushbu tuzilma, birinchidan, “fuqarolarning davlat organlari bilan munosabatlari, haq-huquqlarini samarali himoyalashda yakkalanib qolmasliklariga”, ikkinchidan, “qabul qilinayotgan qarorlar aholi manfaatlariga qatʼiy mos kelishi”, uchinchidan, “qonun ustuvorligi tamoyilini hayotga tatbiq etish, davlat tashkilotlari, ayniqsa, huquqni muhofaza qilish organlari ustidan kuchli jamoatchilik nazoratini oʻrnatish va “pirovardida mamlakatni demokratiya yoʻlidan barqaror ilgarilab borishi”ga xizmat qilmoqda. Jamoatchilik palatasi hududlardagi tuzilmalari birgalikda, yaʼni hamohang harakat qiladi.
Bizdagi Jamoatchilik palatasi ham Prezident huzuridagi doimiy faoliyat yurituvchi maslahat kengashi sifatida tuzilmoqda.
— Suhbatimiz avvalida taʼkidlanganidek, bir qator salbiy holatlar uzoq yillar davomida barqaror rivojlanishimizga toʻsiq boʻlib keldiki, ularni keng jamoatchilik ishtirokisiz, aholida faol va kuchli fuqarolik pozitsiyasini shakllantirmay turib bartaraf etib boʻlmaydi.
Shulardan kelib chiqib, Jamoatchilik palatasi faoliyatining asosiy yoʻnalishlari etib quyidagilar belgilangan:
Birinchi. Davlat, fuqarolar, fuqarolik jamiyati institutlarining mamlakatni yana-da jadal va har tomonlama rivojlantirishga qaratilgan saʼy-harakatlarini birlashtiruvchi zamonaviy shakldagi tizimli muloqotini yoʻlga qoʻyish.
Ikkinchi. Aholi fikrini tizimli oʻrganib borish, joylarda va sohalarda aholini, fuqarolik jamiyati institutlari hamda jamoatchilikni tashvishlantirayotgan dolzarb masalalarni muhokama qilish. Shuningdek, ular yechimi boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Oliy Majlis palatalari va hukumatga tegishli normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish boʻyicha takliflar kiritib borish.
Uchinchi. Jamoatchilik nazoratining samarali tizimini shakllantirish, “jamoatchilik eshituvi”, “jamoatchilik ekspertizasi”, “jamoatchilik monitoringi” kabi taʼsirchan zamonaviy nazorat shakllarini amaliyotga joriy etish.
Toʻrtinchi. Fuqarolik jamiyati institutlarining davlat organlari bilan hamkorligi darajasi, mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, jismoniy va yuridik shaxslarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga qoʻshayotgan hissasini baholovchi koʻrsatkichlarni ishlab chiqish. Bundan maqsad — ushbu koʻrsatkichlar asosida fuqarolik jamiyatining holati va rivojlanish tendensiyalari toʻgʻrisida yillik milliy maʼruzalarni tayyorlash va keng jamoatchilikni bundan xabardor etish.
Beshinchi. Maʼlumki, adolatli fuqarolik jamiyatini soʻz va axborot erkinligisiz tasavvur qilib boʻlmaydi. Shuning uchun ham fuqarolar, NNT va OAV vositalari vakillari, blogerlarni OAVda soʻz erkinligi, fuqarolarning axborot olish va tarqatish huquqini amalga oshirish, axborot erkinligi kafolatlarini taʼminlash boʻyicha muhokamalarga faol jalb etish hamda ularning mazkur masalalarga oid amaliy takliflarini ishlab chiqish.
Oltinchi. “Xalq diplomatiyasi” institutini rivojlantirish, jumladan, mamlakat tashqi siyosatining nufuzli xalqaro reytinglardagi oʻrnini koʻtarishda fuqarolik jamiyati institutlarining imkoniyatlaridan keng foydalanish hamda xorijdagi vatandoshlar bilan yaqindan aloqalar oʻrnatish, NNTlarga xalqaro hamkorlikni rivojlantirishda yordam koʻrsatish.
Yettinchi. BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda parlament, hukumat va fuqarolik jamiyati institutlarining amaliy va samarali hamkorligini yoʻlga qoʻyish hamda mazkur masala boʻyicha jamoatchilik eshituvlarini tashkil etish va boshqalar Jamoatchilik palatasining ustuvor vazifasi boʻladi. Oʻylaymanki, vazifalar juda toʻgʻri qoʻyilgan.
— Ushbu institutlar kuchli jamoatchilik nazoratining samarali vositalaridan hisoblanadi. Ayting-chi, bugun mamlakatimizning barqaror rivojiga, asosan, qanday illatlar toʻsqinlik qilmoqda? Bu, shubhasiz, korrupsiya.
Korrupsiya har yili jahon iqtisodiyotiga oʻrtacha 2,6 trillion dollar miqdorida zarar keltiryapti. Oʻzbekistonda ham bu borada tizimli ishlar amalga oshirilayotganiga qaramay, qator muhim sohalarda korrupsiya mavjudligini koʻryapmiz.
Ayrim ijtimoiy sohalarda sarf qilinayotgan xarajatlarning 25-30 foizi samarasiz sarflanayotgani aniqlangan. Ekspertlar davlat xaridlarini amalga oshirish tizimi haligacha ochiq-oshkora emasligini taʼkidlamoqda.
Shu bois, Prezidentimiz tomonidan oliy taʼlim va qurilish tizimini “korrupsiyasiz soha”ga aylantirish borasida konseptual fikrlar oʻrtaga tashlangani bejiz emas. Zero, ushbu tizimlardagi saʼy-harakatlar barcha soha va tizimlarda ham korrupsiyaga qarshi kurashishga asos boʻladi.
Bas, shunday ekan, Prezidentimizning “Zamonaviy bilimlarni oʻzlashtirish, chinakam maʼrifat va yuksak madaniyat egasi boʻlish uzluksiz hayotiy ehtiyojga aylanishi kerakligi”, “maktab bitiruvchilarini oliy taʼlim bilan qamrab olish darajasini kelgusida 50-60 foizga yetkazish” borasidagi koʻrsatmalari naqadar dolzarb ekanini doimo eʼtirof etishimiz lozim.
Endi bir savolga javob beraylik. Qani ayting-chi, qaysi bir davlat keng jamoatchilik ishtirokisiz va jamoatchilik nazoratini yoʻlga qoʻymasdan bu borada biror natijaga erishgan?
Shu maʼnoda, qabul qilinayotgan qonunlar va davlat hamda hududiy dasturlarning jamoat ekspertizasidan oʻtkazilishi, ular ijrosi ustidan jamoatchilik monitoringini oʻrnatish oʻta muhim ahamiyatga molik boʻlib qolmoqda.
Xabaringiz bor, oʻtgan yilning oʻzida NNTlar tomonidan soʻz va matbuot erkinligini taʼminlash, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish hamda ijtimoiy-iqtisodiy sohalarda qabul qilingan davlat dasturlarining ijrosi yuzasidan 700 dan ortiq jamoatchilik monitoringi amalga oshirildi. Natijalar boʻyicha esa davlat vakillik organlari tomonidan jamoatchilik eshituvlari tashkil etilib, bu boʻyicha tegishli qarorlar ham qabul qilindi.
Yana bir muhim masala — hayotimizga ochiqlik, oshkoralik tamoyillarini yana-da kengroq va chuqurroq kiritish bugungi zamon talabidir. Bu borada ham OAV, blogerlar va fuqarolik jamiyati institutlarining oʻrni va ahamiyati beqiyosdir. Masalan, kim birinchi boʻlib muhojirlar muammosini koʻtardi, “snos” masalasi, inson huquqlarini himoya qilish kabi nozik muammolarga davlat organlari va jamoatchilik eʼtiborini qaratdi!? Bunday misollarni koʻplab keltirishimiz mumkin.
Shu oʻrinda yana Prezidentimiz Murojaatnomasiga qaytsak. Unda mustaqil Oʻzbekiston tarixida ilk bor yetarli daromad manbaiga ega boʻlmagan aholi qatlami mavjudligi va “kambagʻallikni kamaytirish” masalasining dolzarbligiga eʼtibor qaratildi. Bu yerda 4-5 million fuqaroning taqdiri haqida gap ketmoqda. Shu maʼnoda, Jamoatchilik palatasi ham bu borada tashabbus va takliflari bilan chiqishi kutilmoqda.
— Avvalambor, Jamoatchilik palatasi jamoatchilik asosida ishlaydigan 50 nafar aʼzodan iborat boʻlishini taʼkidlash joiz. U uchta bosqichda shakllanadi.
Birinchi — Jamoatchilik palatasining birinchi qismi — 18 nafar aʼzosi Prezident tomonidan tayinlanadi. Ularning nomzodlari davlat va jamiyat rivoji, aholining huquqiy madaniyatini oshirish, fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilish, ilm-fan, sport, madaniyat, iqtisodiyot rivoji, sogʻlom va barkamol avlodni voyaga yetkazishga katta hissa qoʻshgan, el-yurt izzat-hurmatiga sazovor boʻlgan fuqarolar, NNT va OAV vakillari orasidan tanlab olinadi.
Ikkinchi — Jamoatchilik palatasining ikkinchi qismi — 18 nafar aʼzosi respublika miqyosida faoliyat koʻrsatayotgan NNT, OAV va keng jamoatchilik vakillari taqdim etgan nomzodlar orasidan tanlov asosida Jamoatchilik palatasi qaroriga asosan palata aʼzoligiga qabul qilinadi.
Uchinchi — Jamoatchilik palatasining uchinchi qismi — qolgan 14 nafar aʼzosi — hududiy jamoatchilik palatalari vakillari boʻlib, ular lavozimi boʻyicha hududiy jamoatchilik palatalari raislari hisoblanadi.
Ular joylarda tuzilayotgan, har biri jamoatchilik asosida ishlaydigan 21 nafar aʼzodan tashkil topadigan hududiy jamoatchilik palatalarining shakllanishi jarayonida aniqlanadi.
Bir paytning oʻzida hududiy jamoatchilik palatalari tarkibining oʻzi joylarda oʻtkaziladigan jamoatchilik forumlarida tavsiya etilgan hududlarda faoliyat yuritayotgan NNT, ilmiy doiralar, OAV va keng jamoatchilik vakillaridan shakllantiriladi.
Jamoatchilik palatasi aʼzolarining vakolat muddati 3 yil boʻlib, ushbu vakolatlar, jamoatchilik palatasining shakllanishi mexanizmi, faoliyat yuritish muddatlari ham Fransiya, Rossiya va Janubiy Koreya kabi mamlakatlar tajribasiga mos keladi.
Farmonda Jamoatchilik palatasi faoliyatini samarali tashkil etish maqsadida bu masalaga quyidagicha yondashilgan:
birinchidan, parlament palatalari, hududiy vakillik organlarida Jamoatchilik palatasi va hududiy jamoatchilik palatalari tomonidan jamoatchilik uchun dolzarb boʻlgan masalalar yuzasidan oʻtkazilgan oʻrganish va tahlil natijalarini har chorakda koʻrib chiqish amaliyoti joriy etilishi;
ikkinchidan, Jamoatchilik palatasi har yili Prezident va Oliy Majlis palatalariga fuqarolik jamiyatining holati va rivojlanish tendensiyalari toʻgʻrisida yillik milliy maʼruzalarni taqdim etishi;
uchinchidan, Jamoatchilik palatasi va hududiy jamoatchilik palatalari aʼzolari har bir davlat organining ochiq hayʼat majlisida, shuningdek, Oliy Majlis palatalari majlislarida, “Hukumat soati”da, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahri, tuman (shahar) kengashlari majlislarida ishtirok etishi;
toʻrtinchidan, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga oʻzgartirish hamda tuzatishlar kiritish toʻgʻrisidagi takliflar, mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy hayotiga oid va jamoatchilikda alohida qiziqish uygʻotadigan oʻta muhim va dolzarb masalalarga doir normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari Jamoatchilik palatasiga koʻrib chiqish uchun yuborishi;
beshinchidan, Jamoatchilik palatasi va hududiy jamoatchilik palatalarining qarorlari davlat organlari va tashkilotlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari hamda boshqa tuzilmalar uchun tavsiyaviy xususiyatga egaligi;
oltinchidan, Jamoatchilik palatasi va hududiy jamoatchilik palatalari davlat organlari va tashkilotlariga Jamoatchilik palatasi soʻrovini yuborish huquqiga egaligi va bunda davlat organlari va tashkilotlari soʻrovga javobni, agar boshqa muddat belgilangan boʻlmasa, u olingan kundan eʼtiboran oʻn kundan kechiktirmay yuborishi lozimligi;
yettinchidan, Jamoatchilik palatasi va hududiy jamoatchilik palatalari har bir davlat organi, jumladan, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari huzuridagi jamoatchilik kengashlari tarkiblarini shakllantirishda ishtirok etishi belgilab qoʻyilgan.
Xulosa qilib aytganda, Jamoatchilik palatasi Yangi Oʻzbekistonni xalqimiz bilan birgalikda barpo etish, koʻzlangan buyuk marralarni birgalikda egallashga xizmat qiladi.
N.AHMEDOVA suhbatlashdi.