Jamaotchilik sudlari: amaliy ishlar sarhisobi
Buxoro viloyati sudlari tomonidan 2022 yilda amalga oshirilgan ishlar yuzasidan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
–O‘tgan hisobot davrida viloyat iqtisodiy sudlari tomonidan odil sudlovni amalga oshirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi, – deydi Buxoro viloyat sudi raisi o‘rinbosari S.Abdurasulov.
– 2022 yilda jami 10 ming 241 ta iqtisodiy ishlar ko‘rib chiqildi. Ularning 8 ming 238 tasi qanoatlantirildi. 1 ming 450 tasi bo‘yicha da’vo talabini qanoatlantirish rad etildi. 154 tasi bo‘yicha ish yuritish tugatilgan. 399 ta da’vo arizasi (ariza) ko‘rmasdan qoldirilgan. Hal etilgan ishlar bo‘yicha da’vogar (arizachi)lar foydasiga 730,9 milliard so‘m hamda respublika byudjetiga 24 milliard so‘m davlat boji undirish to‘g‘risida sud hujjatlari qabul qilingan.
2022 yil davomida ma’muriy sudlar tomonidan ko‘rib tamomlangan ommaviy huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan nizolar 876 tani tashkil qilgan. Bu ko‘rsatkich 2021 yilning shu davrida 828 tani tashkil qilgan ya’ni ko‘rib tamomlangan ishlar soni 48 taga yoki 5,7 foizga oshganligini ko‘rsatmoqda. Tamomlangan ishlarning 240 tasi hokim qarorlarini haqiqiy emas deb topish va hokimiyat mansabdor shaxs harakati (harakatsizligi)ni qonunga xilof deb topish bilan bog‘liq ko‘rilgan ommaviy nizolar hisoblanadi.
Matbuot anjumanida fuqarolik va jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan 2022 yilda amalga oshirilgan ishlar yuzasidan axborot berildi. Anjumanda ommaviy axborot vositalari vakillari, blogerlarlar tomonidan savollarga soha xodimlari atroflicha tushuntirishlar berib o‘tdi.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA