"Jaloliddin Manguberdi" milliy baletining premerasi
Madaniyat va turizm vazirligi hamda Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston davlat akademik katta teatri atoqli kompozitor Rustam Abdullayevning "Jaloliddin Manguberdi" milliy balet spektaklini taqdim etdi.
Ma’lumki, Jaloliddin Manguberdi vatanparvarlik, jasorat timsoli sifatida tarix sahifalaridan o‘rin olgan shaxsdir.
- Tarixiy mavzudagi ushbu spektaklni yaratish g‘oyat murakkab kechgan jarayondir, - dedi atoqli kompozitor Rustam Abdullayev. - Negaki, Jaloliddin Manguberdi yashagan davr g‘oyat murakkab tarixiy davr. Ko‘p o‘qish, izlanishga to‘g‘ri keldi. Turkiyalik baletmeyster Mehmet Balkan bilan birgalikdagi izlanishlarimiz natijasida ushbu spektakl sahna yuzini ko‘rdi.

Ushbu balet liberettosining muallifi Mehmet Balkanning fikricha, asar uchun yaratilgan musiqaning o‘ziyoq darhol unga manzur bo‘lgan. Bu esa mazkur asar ustida ish boshlashga turkti bergan.
Darhaqiqat, milliy va zamonaviy ohanglarga yo‘g‘rilgan ushbu balet-spektaklda murakkab tarixiy jarayonlar, Jaloliddining kechmishi, hayoti, o‘z vatanini dushmanlardan himoyalashi betakror musiqa, balet va xoreografiya san’ati vositasida tomoshabinlarga taqdim etilgani bilan ahamiyatlidir.

Xor va orkestr jamoasining ijrosi, video va tasviriy vositalar spektaklni yanada jozibali va ta’sirchan bo‘lishini ta’minlagan. Bosh dirijyor - Denis Vlasenko.
Ushbu balet-spektakl teatr muxlislari tomonidan katta qiziqish bilan kutib olindi.
N.Usmonova,
O‘zA