Jajji shaxmatchilar dona surishdi
Navoiy shahridagi Yoshlar markazida maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarbiyalanuvchilari o‘rtasida shaxmat musobaqasining viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Yurtimizda shaxmatni aholi o‘rtasida keng targ‘ib qilish va uni ommaviy sport turiga aylantirish, o‘sib kelayotgan yosh avlodning intellektual rivojlanishi uchun barcha shart-sharoit yaratib berilmoqda.

Bunda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 14 yanvardagi “Shaxmatni yanada rivojlantirish va ommaviylashtirish hamda shaxmatchilarni tayyorlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori dasturilamal vazifasini bajarmoqda.

Qaror ijrosini ta’minlash maqsadida maktabgacha ta’lim tizimi xodimlari va maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarbiyalanuvchilari o‘rtasida shaxmat musobaqalari o‘tkazilib kelinmoqda.
O‘tkazilgan musobaqaning viloyat bosqichida tuman (shahar) bosqichida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan 5-7 yoshli o‘g‘il va qizlar 5 tur doirasida dona surib, o‘zaro bahslashdi.

Yakuniy natijalariga ko‘ra, 1-o‘rinni o‘g‘il bola tarbiyalanuvchilar o‘rtasida Xatirchi tumanidagi 7-davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti tarbiyalanuvchisi Asilbek Ikromov, qiz bola tarbiyalanuvchilar o‘rtasida esa Navoiy shahridagi “Bahora” oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkiloti tarbiyalanuvchisi Zahro Esonboyeva egalladi. Endilikda ular musobaqaning respublika bosqichida viloyat sha’nini himoya qilishadi.

G‘olib va sovrindor bolajonlarga boshqarmaning esdalik sovg‘alari topshirildi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri