Jahon hamjamiyati nigohidagi Mo‘ynoq
Har safar Mo‘ynoq tumani yoki Orolbo‘yining chekka hududlarida amalga oshirilayotgan qurilish, bunyodkorlik ishlari bilan tanishar ekanmiz, xayolimizga O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston xalq shoiri, O‘zbekiston Qahramoni Ibroyim Yusupovning “Bu yer hali zo‘r bo‘ladi!” degan satri keladi.Har safar Mo‘ynoq tumani yoki Orolbo‘yining chekka hududlarida amalga oshirilayotgan qurilish, bunyodkorlik ishlari bilan tanishar ekanmiz, xayolimizga O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston xalq shoiri, O‘zbekiston Qahramoni Ibroyim Yusupovning “Bu yer hali zo‘r bo‘ladi!” degan satri keladi.
Amalga oshirilayotgan ishlar natijasida taniqli shoirning orzu-umidlari bugungi kunda haqiqatga aylanayotgandek.
So‘nggi yillarda Qoraqalpog‘istonda turli jabhalarda keng ko‘lamli loyihalar amalga oshirilmoqda. Shulardan, Orol dengizining qurigan tubida olib borilayotgan ishlarni alohida qayd etish zarur.
Davlatimiz rahbari 2018 yilda Mo‘ynoqqa tashrifi chog‘ida olimlar bilan maslahatlashib, u yerda sho‘rga chidamli o‘simliklar ekish orqali fojia ta’sirini kamaytirish, hudud aholisi hayotini yengillashtirish vazifasini ilgari surgan edi. Bu tashabbus nafaqat Orolbo‘yi, balki mamlakatimizning barcha hududlari aholisi tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.
[gallery-6014]
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Orol dengizi tubida suvi qurigan hududlarda yashil qoplamalar himoya o‘rmonzorlari barpo etishni jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bo‘yicha 2018 yilning kuz, qish va 2019 yilning bahor mavsumida 460,8 ming gektarda, 2019 yil kuz, qish va 2020 yil bahor mavsumida esa 703,3 ming gektar maydonda madaniy o‘rmonzor va 3 ming gektarda chorva mollari uchun yaylov tashkil etildi.
2020 yil kuz, qish va 2021 yil bahor mavsumida bu ishlar davom ettirildi. Orol dengizining suvi qurigan hududlarida jami 458,4 ming gektar o‘rmonzor barpo etildi. Xususan, urug‘dan 340,8 ming va ko‘chatdan 12,6 ming gektar hamda ko‘karuvchanligi past bo‘lgan o‘rmonzorlarni to‘liqtirish maqsadida qo‘shimcha 104,9 ming gektar maydonda ekish ishlari amalga oshirildi. O‘tgan yilda 696 tonna saksovul, 97 tonna qandim, 706 tonna qorabo‘roq va 13 tonna yaylov va cho‘l o‘simligi, jami 1511 tonna urug‘ tayyorlandi. Ushbu o‘rmon-meliorativ tadbirlar uchun o‘rmon xo‘jaliklaridan 500 nafar, viloyatlar tashkilotlaridan 213 nafar xodim, shu bilan birga 130 dona yuqori unumli traktor, 4 dona kichik aviatsiya (AN-2) hamda boshqa texnika va mexanizmlar jalb qilindi.
Tashrif doirasida Shavkat Mirziyoyev Orol dengizining qurigan joyiga borib, vaziyatni ko‘rdi. Bu yerda ekologlar va o‘rmon xo‘jaligi mutaxassislari bilan suhbatlashdi. Mazkur ishlarni endilikda ilmiy asoslangan tarzda davom ettirilishini qayd etdi.
Xayrli, dolzarb harakat davom ettirilmoqda. Joriy yilda 100 ming gektar maydonda “yashil qoplama” barpo qilish uchun yana saksovul, qorabo‘roq, qandim, cho‘l o‘simliklari urug‘i tayyorlandi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 31 dekabrdagi “Orol dengizining qurigan tubida olib borilayotgan o‘rmon-melioratsiya tadbirlarini yanada tashkil etish to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi muassisligida “O‘rmon xo‘jaligi mashina-traktor parki” davlat unitar korxonasi tashkil etilishi bu ishlarni jadallashtirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Yangi tashkil etilgan korxonaning asosiy vazifasi, himoya o‘rmonzorlarini barpo etish uchun yer tayyorlash, ekish qatorlarini tashkil etish, cho‘l o‘simliklari urug‘larini jamg‘arish, cho‘l va yaylov o‘simliklari arealini kengaytirish, saksovul va boshqa o‘simliklar niholxonalari, shuningdek, manzarali ko‘chatxonalar tashkil etish, o‘rmon-melioratsiya, agrotexnik tadbirlarni amalga oshirish hisoblanadi. Mazkur qaror bilan korxona 230 ta qishloq xo‘jaligi texnikasi va mexanizmi bilan ta’minlandi.
Davlatimiz rahbarining 2020 yil 11 noyabrdagi “2020-2023 yillarda Qoraqalpog‘iston Respublikasini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash doirasida 2020-2023 yillarda Mo‘ynoq tumanida 232 milliard 575 million so‘mlik 73 ta loyihani amalga oshirish, shuning hisobidan 589 ta yangi ish o‘rni yaratilishi belgilangan. Shundan o‘tgan yilning Investitsiya dasturiga kiritilgan 26,7 milliard so‘mlik 16 ta loyiha ishga tushirildi hamda 88 ta yangi ish o‘rni tashkil etildi. Joriy yilda esa 110,2 milliard so‘mlik 21 ta loyiha amalga oshiriladi va 429 ta yangi ish o‘rni yaratiladi. Birgina “MUYNAK LDSP” korxonasining ishga tushirilishi bilan 200 fuqaroning bandligi ta’minlanadi. Bundan tashqari, tumanga biriktirilgan Toshkent viloyati tadbirkorlari tomonidan 2022-2024 yillar mobaynida 366,4 milliard so‘mlik 19 ta loyiha ishlab chiqilib, 799 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.
Bugun Mo‘ynoq jahon hamjamiyati e’tiborida. Tumanda joriy yilning 6-8 may kunlari bo‘lib o‘tadigan an’anaviy “Stixiya-2022” xalqaro elektron musiqiy festivalida Germaniya, Gruziya, Hindiston, Eron, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Niderlandiya, Rossiya, Ukraina, Fransiya, Shvetsiya va Yaponiya davlatlari vakillarining mehmonda bo‘lishi kutilmoqda.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA