Jahon chempionati faqat kuchlilarni aniqlash maydoni emas
Sport va biznes doimo mushtaraklik kasb etadi. Olimpiya o‘yinlari, jahon chempionatlari davomida har ikki yo‘nalishning qanchalik bir-biriga bog‘liqligi yanada yorqinroq namoyon bo‘ladiki, musobaqalarning bosh homiysi, unga sarflangan mablag‘ yoki olinadigan daromad jihatlari ko‘pchilikning e’tiborini tortadi.
Toshkentda dzyudo bo‘yicha o‘tayotgan 35-jahon chempionatining iqtisodiy va ijtimoiy foydasi, mamlakatimiz sport turizmiga qanchalik ta’sir ko‘rsatayotgani xususida ikki og‘iz. Darhaqiqat, ushbu tarixiy jahon chempionatining O‘zbekiston poytaxtida tashkil etilayotgani yurtimiz sport shuhratini dunyoga yanada keng tanitishda muhim omil bo‘lmoqda.

Norasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, dunyoning 100 dan ziyod davlatida shiddatli bellashuvlar to‘g‘ridan-to‘g‘ri namoyish etilmoqda. Bundan tashqari uning tegrasida o‘tkazilayotgan uchrashuvlar, tadbirlar yurtimizga sport sohasida xorijiy investitsiya kirib kelishiga zamin yaratmoqda.
O‘tayotgan haftada poytaxtimizdagi “Hilton” mehmonxonasida tashkil etilgan Dzyudo — xalqaro iqtisodiy forumida 120 ga yaqin mahalliy va xorijiy tadbirkorlar qatnashgani, O‘zbekiston iqtisodiyoti va sport tizimiga chet elning ilg‘or investitsiyalarini jalb qilish bo‘yicha bir qator muzokaralar o‘tkazilgani fikrimizning yorqin dalilidir.
Muhimi, davom etayotgan jahon chempionati tufayli ayrim tarmoqlarga jalb etiladigan investitsion loyihalarning tamal toshi qo‘yildi. Xususan, mazkur iqtisodiy forumda faol ishtirok etgan Kanadaning “Condor Energies Inc” kompaniyasi vakillari O‘zbekistonning jismoniy tarbiya va sport tizimiga investitsiya kiritishga qiziqish bildirilgan.

Shu munosabat bilan Sportni rivojlantirish vazirligida “Condor Energies Inc” kompaniyasi vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda forum davomida ilgari surilgan taklif va tashabbuslar ko‘rib chiqildi va ikki tomonlama hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, sport sohasiga investitsiyalarni jalb qilish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, xorijiy kompaniya vakillari tomonidan O‘zbekistonda sport sohasiga investitsiya kiritish va sportni yanada rivojlantirish bo‘yicha tashabbuslar ilgari surildi. Sportni rivojlantirish vaziri A.Ikromov bildirilgan taklif va tashabbuslar uchun minnatdorlik bildirib, bu kabi tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashini ta’kidladi.

Toshkent tatamilaridagi bahslar doirasida yuqorida aytilgan amaliy va ijobiy sa’y-harakatlar ro‘y bermoqdaki, barchasini ilg‘ash, ko‘lamini tasavvur qilish oson emas. Lekin uning taftini yillar o‘tgani sayin yanada teranroq anglashimiz shubhasiz.
Asosiysi, 35-jahon chempionati 80 dan ortiq mamlakatning ming nafardan ziyod sportchi, murabbiy va mutaxassislarini Toshkentga bir maqsad, bir orzu – dunyoda o‘z salohiyatini namoyish etish uchun jamladi. Bu, jahondagi shuncha mamlakat va ularda umrguzaronlik qilayotgan oilalarda, yuzlab jamoalarda, xalqaro hamjamiyat orasida kun ora O‘zbekiston nomi yod etilishi, e’tirof qilinishidan dalolatdir.
To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA