Jahon bojxona tashkiloti ekspertlari O‘zbekiston tajribasini o‘rganmoqda
Jahon bojxona tashkiloti ekspertlari va Malayziya delegatsiyasi ishtirokida O‘zbekistonda xavflarni boshqarish tizimini takomillashtirish masalalari muhokama qilindi.
Bojxona qo‘mitasida Jahon bojxona tashkiloti ekspertlari hamda Malayziya delegatsiyasi ishtirokida xavflarni boshqarish sohasida ilg‘or xalqaro tajribani o‘rganish va o‘zaro hamkorlikni kengaytirishga bag‘ishlangan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Bojxona qo‘mitasi raisi o‘rinbosari N.Musamuhamedov ishtirok etib, mamlakatimizda bojxona ma’murchiligini xalqaro standartlar asosida takomillashtirish, xavflarni boshqarish mexanizmlarini yanada samarali tashkil etish hamda raqamli texnologiyalarni keng joriy etish bugungi kunning ustuvor vazifalaridan biri ekanini ta’kidladi.

Uchrashuv davomida O‘zbekiston bojxona organlarida amaliyotga tatbiq etilgan xavflarni boshqarish tizimi, xavflarni baholash va profillash mexanizmlari, avtomatlashtirilgan qaror qabul qilish jarayonlari hamda zamonaviy raqamli yechimlar haqida batafsil taqdimotlar o‘tkazildi.
Shuningdek, tomonlar mazkur sohada erishilgan natijalar, mavjud tajriba va uni yanada takomillashtirish istiqbollari, shuningdek, o‘zaro hamkorlikni chuqurlashtirishning yangi yo‘nalishlari yuzasidan atroflicha fikr almashdi.

Tashrif dasturiga muvofiq, xalqaro ekspertlar va delegatsiya a’zolari uchun maxsus seminarlar hamda amaliy mashg‘ulotlar tashkil etiladi. Shuningdek, ular «Yallama» chegara bojxona posti faoliyati bilan tanishib, xavflarni boshqarish tizimining amaldagi qo‘llanilishi, zamonaviy nazorat usullari va raqamli texnologiyalardan foydalanish jarayonlarini o‘rganadi.
Mutaxassislar fikricha, bunday uchrashuvlar xalqaro standartlarni milliy amaliyotga joriy etish, tajriba almashish, mutaxassislar malakasini oshirish hamda tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari uchun yanada shaffof va samarali bojxona xizmatlarini yo‘lga qo‘yishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Uchrashuv yakunida tomonlar mazkur tashrif xavflarni boshqarish sohasida ilg‘or xalqaro tajribalarni o‘zaro almashish, professional hamkorlikni yanada mustahkamlash hamda bojxona tizimiga zamonaviy yondashuvlarni keng joriy etishga xizmat qilishini alohida ta’kidladi.
Shahnoza Mamaturopova, O‘zA