Jahon banki vakillari Namanganda
Namangan viloyati hokimi X.Bozorov “Fargʻona vodiysida qishloq tadbirkorligini rivojlantirish” loyihasini amalga oshirish boʻyicha delegatsiya aʼzolari bilan uchrashdi.
Namangan viloyati hokimi X.Bozorov “Fargʻona vodiysida qishloq tadbirkorligini rivojlantirish” loyihasini amalga oshirish boʻyicha delegatsiya aʼzolari bilan uchrashdi.
Unda Jahon banki qishloq xoʻjaligi boʻyicha katta iqtisodchi M.Braun, qishloq taraqqiyoti boʻyicha katta mutaxassis S.S.Das, qishloq xoʻjaligi boʻyicha katta mutaxassis D.Xidirov hamda loyihani amalga oshirish boʻyicha masʼul Agrosanoat majmui va oziq-ovqat taʼminoti sohasidagi loyihalarni amalga oshirish agentligi bosh direktori oʻrinbosari Gʻ.Gʻaniyev ishtirok etdi.
Qishloqlarda tadbirkorlik va oilaviy biznesni rivojlantirish hamda bu borada Jahon bankining yangi loyihasida koʻzda tutilgan maqsad va vazifalar muhokama etilgan uchrashuvda Namangan viloyatida oilaviy tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash borasida koʻrilayotgan chora -tadbirlar va oilaviy tadbirkorlikning viloyat iqtisodiyotida tutgan oʻrni haqida batafsil maʼlumot berdi.
Joriy yilning oʻtgan davrida 52 mingdan ziyod oilaga “Har bir oila - tadbirkor” dasturi boʻyicha jami tijorat banklarining imtiyozli krediti tarzida 852 milliard soʻm mablagʻ ajratildi. Biroq, dastur boʻyicha berilayotgan kreditlar ayrim loyihalarni moliyalashtirish uchun kamlik qilayotgani qayd etilib, Jahon bankining yangi loyihasi bu boradagi muammolar yechimida muhim ahamiyat kasb etishi taʼkidlandi.
Xalqaro tiklanish va taraqqiyot banki ishtirokida amalga oshirilayotgan “Fargʻona vodiysida qishloq tadbirkorligini rivojlantirish” loyihasi qishloq xoʻjaligi sohasida iqtisodiy tizimni yanada chuqur isloh qilish, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirish va qayta ishlash, qishloq joylarda xizmat koʻrsatish tizimini kengaytirish, shuningdek, turizm va hunarmandchilikni rivojlantirish, Namangan, Andijon va Fargʻona viloyatlarida yangi ish oʻrinlarini yaratishni maqsad qilgan.
Uchrashuvda loyiha doirasida kredit mablagʻlarini oʻzlashtirish jarayoni boshlangani, kredit berish uchun Jahon banki tomonidan tanlab olinayotgan banklar roʻyxatini tasdiqlash soʻnggi bosqichida turgani maʼlum qilindi. Ushbu loyiha, qishloq xoʻjaligi bilan band kichik va oʻrta biznes vakillariga hamda tadbirkorlarga 125 ming dollargacha boʻlgan uzoq muddatli imtiyozli kredit taqdim qiladi. Qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini jamlash va eksport qilishni koʻzda tutgan loyihalarga 2 million AQSH dollarigacha boʻlgan uzoq muddatli imtiyozli kreditlar berilishi rejalashtirilgan.
Shuningdek, “Fargʻona vodiysida qishloq tadbirkorligini rivojlantirish” loyihasi doirasida “Har bir oila - tadbirkor” dasturi boʻyicha kredit olib faoliyat koʻrsatayotgan tadbirkorlarga yangi bozorlar topish hamda mahsulotlarini eksportga yoʻnaltirish boʻyicha konsultativ hamda texnik koʻmaklashish ham koʻzda tutilmoqda.
Jahon banki vakillari viloyatdagi bir qator qishloq xoʻjaligiga ixtisoslashgan korxonalar, jumladan, pomidorni qayta ishlash boʻyicha qiymati 500 ming dollarlik loyiha amalga oshirilayotgan “Usta Komil Teks-Impeks” masʼuliyati cheklangan jamiyati faoliyati bilan tanishdi.