Jahon banki bilan hamkorlik davom etadi
Jahon bankining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Marko Mantovanelli boshchiligidagi delegatsiya Qoraqalpog‘iston Respublikasiga tashrif buyurdi.
Nukus shahrida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, vazirliklar, davlat tashkilotlari vakillari ishtirokida o‘tkazilgan maslahat sessiyasida Xorazm viloyatidan ham vakillar videokonferensaloqa tarzida qatnashdi.
Tadbirda delegatsiya vakillari tomonidan O‘zbekistonda, shu jumladan, Orolbo‘yi mintaqasida Jahon banki tomonidan amalga oshirilayotgan loyihalar haqida batafsil ma’lumot berildi. Ta’kidlanganidek, ayni paytda Jahon banki hukumatga 24 ta loyihani amalga oshirishda moliyaviy ko‘mak va texnik yordam ko‘rsatmoqda.
Ular makroiqtisodiy islohotlarni amalga oshirish, qishloq xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash, ta’lim, suv ta’minoti, energetika, tarnsport, ijtimoiy himoya tizimlari, shahar va qishloq infratuzulmasini rivojlantirish, shuningdek, COVID-19 pandemiyasining fuqarolar va iqtisodiyotga ta’sirini yumshatishda o‘z hissasini qo‘shmoqda.
– Asosiy maqsadimiz, yangi amalga oshiriladigan loyihalar bo‘yicha hududlardan takliflar eshitish va muhokama etishdan iborat, – deydi Jahon bankining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Marko Mantovanelli.
– Xususan, ijtimoiy-iqtisodiy sohalarni rivojlantirish yo‘nalishida muhokama olib bormoqchimiz. Boisi, hozirda Jahon banki O‘zbekiston bilan yangi hamkorlik dasturini tasdiqlash arafasida turibdi. Ushbu hamkorlik dasturida biz nafaqat moliyaviy yordam ko‘rinishida, balki bilim almashinuv va texnik ko‘mak ko‘rsatish bo‘yicha chora-tadbirlarni ham amalga oshiramiz.
Buning uchun biz joylarda maslahatlashuvlar o‘tkazib, mavjud muammolar va ehtiyojlarni o‘rganmoqdamiz. Shu orqali qaysi loyihalarni amalga oshirish ustuvor ahamiyat kasb etishiga aniqlik kiritib olmoqdamiz.
Mana bugungi maslahat sessiyasida ham qishloq xo‘jaligi uchun suv ta’minotini yaxshilash, ichimlik suv va oqava suv borasida loyihalarni davom ettirish, ko‘lamini kengaytirish bo‘yicha bir necha takliflar bildirildi. Biz, berilgan barcha takliflarni Toshkent shahrida o‘tkaziladigan muhokamalarda ilgari suramiz va kelgusi yil tasdiqlanadigan dasturga kiritishga harakat qilamiz.
Tadbirda Jahon banki ishtirokida amalga oshirilayotgan “Janubiy Qoraqalpog‘istonda suv resurslarini boshqarishni yaxshilash” loyihasi yakunida 3 ta tumanda suv ta’minoti yaxshilanishini, shuningdek, bir necha nasos stansiyalari faoliyati, nasos agregatlari to‘xtatilishi natijasida ko‘p miqdorda elektroenergiya va foydalanish xarajatlari iqtisod qilinishi ta’kidlab o‘tildi.
Shu nuqtai nazardan mazkur yo‘nalishdagi loyihani davom ettirib, Qoraqalpog‘istonning shimoliy tumanlaridagi magistral kanallarni rekonstruksiya qilish borasidagi loyihalarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash va boshqa qator takliflar bildirildi.
Dovud Abibullayev, O‘zA