Jadidchilarning rus rezidenti Millerga qo‘ygan talabi yoxud Abduvohid Munzimning maydonga chiqishi...
Buxoroda jadidchilikning vujudga kelishi va rivojlanib borishida taraqqiyparvar va ma’rifatparvar muallim, noshir, xattot va shoir Abduvohid Burhonzoda Buxoriyning (adabiy taxallusi Munzim) xizmatlari alohida ahamiyat kasb etadi.
Abduvohid Burhonzoda 1875 yili Buxoro shahrida tug‘ilgan. Ota-onasidan erta yetim qolgach, uni Buxoro amirligida uzoq yillar qozilik qilgan Sadr Ziyo o‘z qaramog‘iga oladi. Maktab va madrasada tahsil olishiga moddiy va ma’naviy jihatdan ko‘maklashadi. Shuningdek, unga xattotlik sirlarini o‘rgatib, ustozlik qiladi. Abduvohid madrasani tamomlagach, shahar qozixonasida mirzolik qila boshlaydi. XIX asrning 90-yillaridan Munzim taxallusi bilan ma’rifiy mazmundagi she’rlar yoza boshlaydi. Sadr Ziyo uyida har hafta ziyolilar, shoirlar va adiblar ishtirokida bo‘lib turadigan ma’rifiy kechalarda ishtirok etadi. Shu bilan birga, Turkiya, Eron va Afg‘onistonda nashr etilayotgan gazeta hamda jurnallar bilan muntazam tanishib boradi. Ma’rifiy kechalardagi ilg‘or fikrlar, matbuotda chop etilgan milliy ozodlik va islohotchilikka oid maqolalar Abduvohid dunyoqarashida burilish yasaydi va maslakdoshlari ko‘magida jadid maktabi ochishga kirishadi.
1908 yilning 23 oktyabrida do‘sti Sadriddin Ayniy bilan Buxoro shahri Sallohxona guzarida joylashgan hovlisining mehmonxonasida yangi usul maktabi tashkil etadi. Bu maktabning ilk o‘quvchilari Abdurahmonbek Abdullabek o‘g‘li va uning xizmatkori Abdug‘ani, Ahmad maxdum Hamdiyning o‘g‘illari Afzal va Akram, Muhammadamin Sa’idjon maxdum o‘g‘li, Abduqayum Abdushukur o‘g‘li bo‘lib, ikki oy ichida maktabda tahsil oluvchilar soni o‘n ikkitaga yetadi.
Bu paytda Buxoro shahrida Attor madrasasi qarshisida Xolid Burnashev uyida 1907 yili tashkil etilgan yangi usul maktabi faoliyat olib borayotgan bo‘lib, Abduvohid Munzim va Sadriddin Ayniylar bu maktab muallimlaridan uslubiy ko‘rsatmalar va maslahatlar oladilar.
Maktabning moddiy-texnik bazasini yaxshilash, darsliklar va o‘quv qo‘llanmalar bilan ta’minlash, yangi usulda tahsil beruvchi maktablar sonini ko‘paytirish, ularni muallimlar bilan ta’minlash uchun jamiyat tuzish vazifasi turardi. Abduvohid Munzim 1909 yili «Shirkati Buxoroyi sharif»ga asos soladi va uning homiyligida Sadriddin Ayniyni Samarqand, Usmonxo‘ja hamda Homidxo‘jani Bog‘chasaroy hamda Istanbuldagi jadid maktablari faoliyatini o‘rganishlari uchun yuboradi. Sadriddin Ayniy Abduqodir Shakuriy maktabidagi dars jarayonlari bilan tanishadi. Usmonxo‘ja va Homidxo‘ja Bog‘chasaroy va Istanbuldagi yangi usul maktablari bilan tanishib, muallimlardan alifbo va darsliklar, uslubiy qo‘llanmalar olib, Buxoroga qaytadilar.
Samarqanddagi Abduqodir Shakuriy va Bog‘chasaroydagi Ismoilbek G‘asparali maktabi, Istanbuldagi jadid maktablari andozasi asosida Abduvohid Munzim maktabi har tomonlama kuchaytirib boriladi. Samarqand, Bog‘chasaroy va Istanbuldan olib kelingan kitoblar, gazeta va jurnallar bilan maktab kutubxonasi boyitiladi. Darslarni tashkil etishda ham yangi tartiblar joriy etiladi. Jumladan, haftada 6 kun 5 soatdan dars o‘tish belgilab qo‘yiladi. Darsning davomiyligi 50 daqiqa bo‘lib, oraliqlarda 10 daqiqalik tanaffuslar joriy etiladi. Bolalarni yorug‘ xonalarda ko‘rgazmali qurollar, globus va xaritalar orqali o‘qitish yo‘lga qo‘yiladi.
Abduvohid Munzim shu yilning o‘zida iqtidorli yoshlarni aniqlash hamda ularni xorijda o‘qishlariga moddiy va ma’naviy jihatdan ko‘maklashish maqsadida «Tarbiyayi atfol» («Bolalar tarbiyasi») jamiyatini tuzadi. Jamiyatning Termiz, Karki, Yangi Buxoro va G‘ijduvonda 28 ta bo‘linmasi bo‘lib, ular amirlik hududidagi iqtidorli yoshlarni aniqlab, Istanbul, Orenburg, Ufa, Qozon, Bog‘chasaroy kabi shaharlarga o‘qishga yuborganlar. Jamiyat tarkibi Buxoro jadidchiligining ko‘zga ko‘ringan yorqin namoyandalari Sadriddin Ayniy, Ahmadjon Hamdiy, Hamidxo‘ja Mehriy, Hoji Rofe, Mukammal Burhonovdan iborat edi.
1909 yil bahoriga kelib, Abduvohid Munzim maktabi o‘quvchilari soni 30 dan ortadi. Maktabning shuhrat topgani va xalqning rag‘batini ko‘rgan ayrim mullalarning unga qarshi harakat vujudga kela boshlaydi.
Uning boshida qozonlik mudarris Qamariddin hamda uning sheriklari Abdurasul mulla va Abdurauf mulla turar edilar. Ular Mirzo Abduvohid maktabi haqida turli ig‘volar tarqatib, uni yoptirish uchun Burhoniddin raisga murojaat qiladilar. Shuningdek, mufti Abdurazzoq va Buxoro madrasalarida ta’lim berish uchun kelgan toshkentlik mudarris Xolmurod ham yangi maktabni yoptirishga jon-jahdlari bilan kirishadilar.
Maktab asoschilari 1909 yil oktyabrda bir yillik tahsil yakunlanishi munosabati bilan o‘quvchilardan imtihon olishga qaror qiladilar. Imtihonning ochilish marosimida mufti Muhammad Ikrom Abdusalom o‘g‘li yangi maktab afzalliklari haqida shunday degan: «Birodarlar! Yosh bolalarning oz fursatda shuncha kerakli narsalarni o‘rganganlarini o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rdik. Men bu maktabni shariatga muvofiq va musulmonlarga foydali deb bildim. Agar sizning nazaringizda, buzuq va xilofi shar’iy yerlari bo‘lsa, so‘ylangiz! Toki maslahat bilan islohiga qo‘shish qilaylik».
Yig‘ilish qatnashchilaridan 80 yashar Bo‘riboy afandining so‘zlari ham diqqatga sazovor: «Men umidvormanki, o‘n yilgacha Buxoroda o‘zgarishlar voqe bo‘lur, vatan avlodi bugungi razolat va safolatlardan qutulur. Esizki, u kunni men ko‘ra olmayman, siz, yoshlar ko‘rarsiz. Ming qatla shukrki, ishning boshlanganini ko‘rdim».
Amirlikda Ostonaqul qo‘shbegi tomonidan har haftaning juma kunida o‘tkaziladigan yig‘ilishlardan birida Burhoniddin rais Abduvohid Munzim maktabi masalasini muhokamaga qo‘yadi va: «Ushbu maktab bid’at va haromdir, men muhtasibi shar’iy bo‘lganim uchun bu maktabni bog‘lamoq mening vazifamdir. Lekin podshoning noyibi bo‘lganingiz uchun sizning amr va ijozatingiz kerakdir. Shuning uchun istaymankim, siz menga rasman bir qog‘oz yuboringiz, men ul qog‘ozga suyanib ushbu maktabni bog‘layin!» deydi.
Majlisda qatnashayotgan Buxoro bosh mirshabi Mirza Sahbo unga qarshi chiqadi: «Ushbu maktab musulmon bolalari uchun lozim va foydalidir. Buni yopmoq, islomga xiyonat va musulmon bolalari haqida jinoyatdir. Men umid qilamankim, bu ishga jasorat qilmasangiz kerak». Amaldorlarning yangi usul maktablari borasidagi qarama-qarshi fikrlari natijasi o‘laroq, Ostonaqul qo‘shbegi bu masalani hal etishni amir saroyida yuqori mavqeda turuvchi a’lam va o‘n ikki mufti hukmiga havola etadi.
Burhoniddin rais boshchiligida Qamariddin, Xolmurod, Abdurasul va Abdurauf muftilarga murojaat qilib, maktabni yopish uchun oldindan tayyorlab qo‘yilgan fatvoni muhrlatadilar. Faqat Muhammad Ikrom va Doniyol Xo‘jasadr muftilar maktabning halolligiga fatvo yozib muhrlaydilar. Qo‘shbegi ikki xil mazmundagi fatvoni olgach, ularni qozi Baqoxo‘jaga yo‘naltiradi. Qozi Baqoxo‘ja fatvolardan birini tasdiqlashdan oldin yangi maktabdagi ta’lim tartiblarini o‘rganishga qaror qiladi va mirzo Abduvohiddan darsliklar hamda maktab o‘quvchilaridan bir-ikkitasini imtihon qilishi uchun olib kelishini so‘raydi. Qozikalon maktabda o‘qitiladigan darsliklarni ko‘zdan kechirib, ular shariatga xilof ravishda yozilmagani; o‘qish, hisob va yozuvdan bolalarni imtihon qilganida ular burro javob berganini; amirlikdagi barcha maktablar faoliyatini shu tartibga yo‘lga qo‘yish kerakligini ta’kidlab, maktabni qo‘llab-quvvatlaydi. Muhammad Ikrom va Doniyol Xo‘jasadr muftilarning fatvolarini tasdiqlab beradi.
Bu hukmdan xabar topgan Burhoniddin rais maslakdoshlari bilan birgalikda Muhammad Ikrom va Doniyol Xo‘jasadr muftilar hamda Abduvohid Munzimni o‘ldirishga, maktab o‘quvchilarining uylarini talon-taroj qilib, otalarini musulmonlikdan chiqarishga qaror qiladilar. Vaziyat qaltis tus olgach, 1909 yil 25 sentyabrda Ostonaqul qo‘shbegi va Baqoxo‘ja qozikalon maktabni yopish uchun yozilgan fatvoga muhr bosadilar va Mirzo Abduvohidni Arki oliyga chaqirib maktabning yopilganini rasman o‘qib eshittiradilar.
Abdulvohid Munzim ushbu voqeani keyinchalik o‘zi yozgan «Arzi hol»ida: «1908 yil Buxoroda yangi usuli jadid maktabini ochdim. Maktab bir yil faoliyat ko‘rsatib, ulamolarning tazyiqi va hasadiga uchradi. Yangi maktabning tarafdorlari ko‘p bo‘lsada, ammo g‘alaba mutaassib ruhoniylar tomonida bo‘ldi va ulamolar bu maktabni yopdilar», deb xotirlaydi.
Maktab yopilgach, musulmon matbuot, ayniqsa, «Mulla Nasriddin» hajviy jurnalida Buxoro muftilari qattiq tanqid ostiga olinadi. Bundan xabar topgan Qamariddin va Xolmurod mudarrislar bu ishlarning boshida Mirzo Abduvohid turibdi deb o‘ylab, uni o‘ldirishga qaror qiladilar. Natijada Abduvohid Munzim Buxoro shahridan chiqib ketadi va bir oy muddat Qarshida yashaydi.
Bir muddat o‘tib Buxoroga qaytgan Abduvohid Munzim Yangi Buxoroda bosmaxona ochadi va muharrirlik bilan shug‘ullanadi. 1912 yili bosmaxonasida Muhammad Ikrom muftining xalq orasida «Mashhur bid’atlar» nomi bilan tanilgan asarini nashr qiladi. Shuningdek, Qur’oni Karimning «Abduvohid Qur’oni» deb atalgan maxsus nashrini chop etadi. Xattotlik bilan ham shug‘ullanib, Sadr Ziyoning topshirig‘iga binoan Ahmad Donishning «Navodir ul-vaqoye» asarini ko‘chirib beradi.
1917 yil fevral oyida Rossiyada sodir bo‘lgan voqealar Buxorodagi ijtimoiy-siyosiy jarayonlarga ta’sir ko‘rsatishi tabiiy edi. Buxorodagi taraqqiyparvarlik harakati ikki guruhga: Abduvohid Munzim boshchiligidagi eski jadidlarga, Fayzulla Xo‘ja va Abdurauf Fitrat boshliq yangi jadidlarga bo‘linadi. Birinchi guruhning asosiy faoliyati ma’rifatparvarlik bo‘lsa, ikkinchi guruh keng islohotlar tarafdori edi. Keyinchalik bu ikki guruhning birlashuvi natijasida «Yosh buxoroliklar» partiyasi tuziladi.
1917 yilning 15 martida «Yosh buxoroliklar» tashkilotining Abduvohid Munzim (rais), Abdurauf Fitrat (kotib), Ubaydulla Xo‘jayev (xazinachi), Otavulla Xo‘jayev, Musa Sa’idjonov, Fayzulla Ubaydullaxo‘ja, Ahmadjon Hamdiy, Hamidxo‘ja Mehridan iborat markaziy qo‘mitasi tuziladi. Ular shu kuni Buxoro amirligida islohotlar amalga oshirishni so‘rab, fevral inqilobidan so‘ng Rossiya imperiyasida hokimiyatni qo‘lga olgan Muvaqqat hukumat hamda ishchi va soldat deputatlari Petrograd kengashiga telegraf orqali murojaatnoma matnini ishlab chiqadilar. Tez orada u yerdan rus rezidenti Miller va Amir Sayyid Olimxon nomiga islohotlarni amalga oshirishga da’vat etilgan telegramma keladi.
1917 yil 19 va 23 mart kunlari Miller bilan uchrashgan jadidlar uning oldiga quyidagi to‘rt talabni qo‘yganlar:
amir huzurida markaziy vakillik, bekliklarda esa mahalliy vakillikni joriy etish;
shariat tomonidan belgilangan soliqlardan tashqari barcha soliqlarni bekor qilish;
maktab va matbuot erkinligi;
amir atrofidagi mutaassib ma’murlarni almashtirish.
Ammo Miller bu talablarning «xayoliy» ekanini ta’kidlab, Abduvohid Burhonovga Yosh buxoroliklar tashkilotining barcha a’zolari ism-sharifi yozilgan ro‘yxatini bergan. Bu tashkilot a’zolari orasida xoin borligini anglatar edi.
1917 yil 7 aprel kuni qo‘shbegi topshirig‘iga binoan, arki oliyda 200 ga yaqin kishi, jumladan, qozikalon mirza Sharif Sadr, rais, 12 mufti, ulamolar, shayxulislom, saroyning barcha amaldorlari, 15 ga yaqin savdogarlar, Rossiyaning Buxorodagi vakili Miller, yordamchilari Shulga va Vvedenskiy, Kogon va Samarqand ishchi, askar deputatlari kengashlaridan vakillar hamda Yosh buxoroliklar yig‘iladilar. Qozikalon mirza Sharif Sadr amirning islohotlar bo‘yicha farmonini o‘qib eshittiradi.
Shu kunning o‘zida «Yosh buxoroliklar» Ahmad Naim uyida yig‘ilish o‘tkazib, yuzaga kelgan yangi holatni muhokama qildilar. Yig‘ilganlar aholiga amir farmonining mazmunini tushuntirish uchun yig‘ilishlar o‘tkazish zarurligini ta’kidlaydilar. Ammo maxsus inqilobiy namoyish o‘tkazish g‘oyasi birday qabul qilinmaydi. Abdulvohid Burhonov boshchiligidagi bir guruh islohotlarni asta-sekinlik bilan o‘tkazish tarafdori bo‘lsalar, tashkilotning ikkinchi guruhi namoyish o‘tkazishni yoqlab chiqadi. Abdurauf Fitrat va uning tarafdorlari amirga tashakkur izhor etish maqsadida 8 aprelda namoyish uyushtiradilar. Shaharda «Yosh buxoroliklar» va uning muxoliflari o‘rtasida to‘qnashuvlar boshlanib, u yerga jo‘natilgan amir askarlari islohotni qo‘llab-quvvatlovchilarga nisbatan juda shafqatsiz munosabatda bo‘lganlar.
9 aprelda jadidlar harakatining faol ishtirokchilari bo‘lgan Hoji Mirbobo, Mirzo Nazrullo, Abdurahim Yusufzoda, Ahmad Naim, Mirzo Abdulfayozov, Mirzo Ahmad, Mirzo Abdurasul va yana ko‘plab taraqqiyparvar kishilar, shu jumladan, ayrim amaldorlar ham zindonga tashlanadilar. Miller Abdulvohid Burhonovga ko‘rsatgan ro‘yxatdagi jadidlarni yo‘qotish boshlanadi.
Ushbu sharoitda Abduvohid Munzim Toshkentga ko‘chib o‘tadi va 1920 yilning sentyabriga qadar Buxoroga qaytmaydi. 1920 yil apreldan sentyabrgacha «Uchqun» gazetasining nashr qilish ishlarida ishtirok etadi. Buxoro Xalq Sovet Respublikasi tuzilgach, Buxoroga keladi va 1920-1924 yillar davomida Markaziy ijroiya qo‘mitasi raisining o‘rinbosari, Xalq maorifi noziri, Sog‘liqni saqlash noziri lavozimlarida ishlaydi.
Xalq maorifi noziri bo‘lgan davrida BXSR hukumatining milliy mutaxassislar, xususan, muhandislar tayyorlash maqsadida bir guruh buxorolik yoshlarni Germaniyaga yuborish to‘g‘risidagi qarorining qabul qilinishiga katta hissa qo‘shadi. Unga asosan, Abduvohid Munzim mazkur ishni tashkil etish bo‘yicha guruh raisi etib tayinlanadi. 1922 yil iyunida uning shaxsan o‘zi buxorolik 44 iste’dodli yoshni Germaniyaga olib borib, Berlindagi o‘quv yurtlariga joylashtiradi. Shu yili Germaniyada Sadriddin Ayniyning «Xolida yoki qiz bola» asarini o‘zbek tilida, lotin alifbosida nashr ettiradi.
O‘zbekiston SSR tashkil etilgach, Abduvohid Munzim O‘zbekiston Maorif xalq komissarligi vaqf bo‘limi boshlig‘i etib tayinlanadi. 1928 yili sovet hukumati tomonidan vaqf mulklarining butunlay tugatilishi natijasida bo‘lim yopiladi va shu tariqa Abduvohid Munzim davlat idoralaridagi faoliyatini to‘xtatib, ijodiy faoliyat bilan shug‘ullanadi. 1930 yildan «Tojikistoni surx» gazetasida ishlaydi. 1932 yili nafaqaga chiqadi va ko‘p ham o‘tmay – 1934 yil 5 martda Dushanbeda kasaldan vafot etadi.
Abduvohid Munzimning 3 o‘g‘li bo‘lib, kenjasi 5 yoshida suvga cho‘kib vafot etgan. Ikki katta o‘g‘li Germaniya va Rossiyaning maktab va universitetlarda tahsil olganlar. bugungi kunda uning avlodlari Rossiya va Tojikistonda istiqomat qilmoqdalar.
Xulosa qilib aytganda, Abduvohid Munzim Buxorodagi jadidchilik harakatining yetakchisi sifatida maydonga chiqdi. Buxoro taraqqiyparvarlarini maorifni isloh qilish shiori ostida birlashtirib, jamiyatlarga asos soldi, yangi usul maktabi ochib, bolalarni savodli qildi. Mutafakkir serqirra iste’dodi, bilimi va tajribali mutaxassis ekanini keyingi tarixiy bosqichlarda ham ko‘rsata oldi. 1920 yildan umrining oxirigacha respublika idoralarida rahbarlik lavozimlarida faoliyat ko‘rsatib, xalqiga, millatiga xizmat qildi. Shu o‘rinda aytib o‘tish joizki, millat oydini Abduvohid Munzimning merosini o‘rganish va ilmiy muomalaga kiritish, tarixchi, adabiyotshunos va pedagog olimlar oldidagi muhim vazifalardan biridir.
Dilnoza Jamolova,
FA Tarix instituti doktoranti