Jadid namoyandalari merosining ahamiyati nimada?
Navoiy davlat pedagogika institutida “Jadid namoyandalari ilmiy-ma’naviy merosining bugungi kundagi o‘rni va ahamiyati” mavzusida respublika ilmiy-amaliy anjumani o‘tkazildi.
Tadbirda Buxoro va Qarshi davlat universitetlari, Farg‘ona politexnika instituti professor-o‘qituvchilari, O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi ilmiy xodimlari, senatorlar, ommaviy axborot vositalari vakillari, shuningdek, onlayn tarzda AQSHning Michigan davlat universiteti professori hamda Germaniyaning nufuzli oliygohlari o‘qituvchilari ilmiy ma’ruzalari bilan ishtirok etdi.

Anjumanda “Jadid namoyandalari merosida ta’lim, tarbiya va ma’naviyat masalalari”, “Axborot xavfsizligi, yoshlar ma’naviyati va ijtimoiy faolligi”, “Jadid namoyandalari ilmiy-ma’naviy merosining bugungi yoshlar tarbiyasi va jamiyat ijtimoiy hayotidagi ahamiyati”, “Jadid ma’rifatparvarlik masalalarini o‘ziga xos xususiyatlari” kabi mavzularda o‘zaro fikr almashildi.

– Ta’limning inson kamolotidagi o‘rni haqida so‘z borar ekan, jadid bobolarimiz o‘gitlari tasavvurimizda qayta-qayta jonlanadi, – deydi Navoiy davlat pedagogika instituti rektori, professor Bahodir Sobirov. – Ular Vatan taraqqiyotidagi asosiy yo‘l bilim va ma’rifatda, deb bilgan. Ana shu ezgu maqsad yo‘lida fidoyilik ko‘rsatib, yangi usul maktablari, teatr va kutubxonalar, nashriyotlar ochgan. Jamiyat a’zolarining dunyoqarashi va turmush tarzini o‘zgartirish maqsadida gazeta va jurnallar nashr etgan. Yoshlarni ilg‘or davlatlarga o‘qishga yuborgan. Zero, Prezidentimiz ta’kidlaganidek, “Noyob ijtimoiy-siyosiy fenomen bo‘lgan jadidchilik g‘oyasining shakllanishi va taraqqiyotiga doir dunyoning bir qator mamlakatlarida ko‘plab tadqiqotlar yaratilgan bo‘lsa-da, ushbu harakat namoyandalarining Markaziy Osiyo hududida milliy davlatchilik va mintaqaviy o‘ziga xoslikni, fuqarolik jamiyatining rivojlanishiga qo‘shgan ulkan hissasini konseptual va tizimli asosda atroflicha o‘rganish dolzarb masala bo‘lib qolmoqda”.

Konferensiya o‘zaro savol javoblarga boy bo‘ldi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri