Jadid bobolarimizning huquqiy qarashlari qanday edi?
Davlatimiz rahbarining 2025 yil 21 noyabr kuni qabul qilgan “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi farmoyishi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi o‘ttiz uch yilligini munosib kutib olish va yuksak saviyada nishonlash, fuqarolarni unda belgilangan ezgu qadriyatlar atrofida birlashtirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Ma’lumki, millatimiz, mahalliy aholining huquq va manfaatlarini himoyalashda, Vatanimizning erkinligi va ozodligi yo‘lida fidoyilik ko‘rsatishda jadid bobolarimiz ibratdir. O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Tarix instituti direktorining ilmiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari, tarix fanlari doktori, taniqli olima Dilnoza Jamolova bilan suhbatimiz ma’rifatparvar bobolarimizning huquqiy masalalarga yondashuvi, mazkur yo‘nalishdagi qarashlari va nuqtai nazariga bag‘ishlandi.
– Dilnoza Muyiddinovna, Turkiston jadidlarining yangi usul maktablarini tashkil qilishi, milliy matbuot va teatrdagi faoliyati haqida ko‘p gapiriladi va yoziladi. Ularning siyosiy bilimlari, qarashlari haqida deyarli ma’lumotga ega emasmiz. Shular haqida gapirib bersangiz.
– Millat oydinlari hisoblanmish Turkiston mintaqasi jadidlari yuz yil oldin yetishib chiqqan chinakam mutafakkirlar edi. Ular davlat boshqaruvi, sud-huquq tizimi, moliya, yer egaligi, soliq va ta’lim tizimini tubdan isloh qilish uchun g‘oyaviy va amaliy harakatlar olib bordilar. Mahmudxo‘ja Behbudiy, Ishoqxon Ibratdek qozilik lavozimida faoliyat ko‘rsatgan taraqqiyparvarlar, Ubaydulla Xo‘jayev, Munavvar qori Abdurashidxonov kabi zamonaviy huquqiy bilimlarni egallagan jadid bobolarimiz nafaqat madaniyat va ma’rifatni yuksaltirish, balki, siyosiy sohalar, ayniqsa, qonunchilik, davlat tuzish borasida ham yuksak tajribaga ega edilar.

Uch ming yillik tarixga ega bo‘lgan davlatchiligimizning ildizlari yigirmanchi yuz yillik boshlarida shakllangan jadidchilik harakatining mustahkam poydevori bo‘lib xizmat qildi. Qadimda Turon zaminidagi ilk davlatlar davlatni boshqarish, tergov, sud-huquq tizimini “Avesto”da belgilangan qonun-qoidalar va tartiblar asosida amalga oshirganlar. Ilk o‘rta asrlargacha amalda bo‘lgan “Avesto” qonuniyatlari o‘z o‘rnini islom dini shariat qoidalariga bo‘shatib berdi. Adolatlilik prinsiplariga asoslangan islom din normalari Rossiya imperiyasi bosqiniga qadar amalda bo‘ldi. Burhoniddin Marg‘iloniyning “Hidoya” asari butun dunyo musulmon davlatlarida mukammal huquqiy kitob sifatida tan olindi. “Temur tuzuklari” esa insoniylik, adolatlilik va qat’iylik aks etgan “Davlat Qomusi” sifatida e’tirof etildi. “Temur tuzuklari”da davlat hokimiyati va idora organlarining tuzilishi, ularning vazifalari, sud, harbiy va moliya tizimini tartibga soluvchi bandlar o‘z ifodasini topgan edi.
Jadidchilik harakatining yorqin vakili Abdurauf Fitrat XX asr boshlarida buyuk sohibqirondan “sharafi talangan, nomus-e’tibori, imon-vijdoni oyoq osti bo‘lgan, yurti ulog‘i, o‘chog‘i yot qo‘llarga tushgan” avlod nomidan panoh so‘ragani” bejizga emas edi.
Turkiston o‘n to‘qqizinchi yuz yillik oxiri – yigirmanchi yuz yillik boshlarida mustamlakachilik siyosati oqibatida siyosiy, madaniy, iqtisodiy tanazzulga yuz tutdi. Millat oydinlari Rossiya imperiyasi, keyinchalik uning vorisi bolsheviklar hokimiyati istibdodidan qutulish, millatni uyg‘otish, siyosiy, iqtisodiy, madaniy, taraqqiyot sari yo‘l ochish, xalqqa ziyo tarqatish maqsadida islohotchilik dasturlarini ishlab chiqdilar. O‘z davrining Konstitutsiyasi sifatida e’tirof etsa arziydigan ushbu loyihalarni tayyorlashda Mahmudxo‘ja Behbudiy hamda Abdurauf Fitratlar peshqadamlik qildilar.
1907 yili Mahmudxo‘ja Behbudiy 2-Davlat dumasining musulmon fraksiyasiga 9 bo‘lim, 75 banddan iborat “Turkiston madaniy muxtoriyat” loyihasini taqdim etgan. Ushbu hujjat Turkiston xalqlari manfaatlarining ifodasi bo‘lib, unda davlat ishlarini turkiy tilda yuritish, milliy idoralar tashkil etish va unga turkiy millatga mansub ziyolilardan a’zolar saylash qat’iy belgilab qo‘yildi. Rossiya imperiyasi tarkibidagi mustamlaka davlatlar nomidan Davlat dumasi o‘z bilganicha ish tutmasligi, har bir mamlakatning tabiiy, ijtimoiy va madaniy sharoitlaridan kelib chiqib qonunlar chiqarilishi kerakligi ta’kidlandi.
– “Turkiston madaniy muxtoriyati” loyihasida nimalar ko‘zda tutilgan edi?
– “Turkiston madaniy muxtoriyati” loyihasining birinchi bo‘limi “Davlat dumasi xususinda” bo‘lib, uning tarkibiga Turkiston aholisi soniga nisbatan vakillar saylanishi lozimligi va ular o‘z xalqlari nomidan ish ko‘rishlari belgilab qo‘yilishi kerakligi tavsiya qilindi. Loyihada “Turkiston idorayi ruhoniya va doxiliya idorasi”ni tuzish, uning tarkibiga turkistonlik savodli, shariat va zamondan xabardor kishilarni (idora raisi va a’zolari) 5 yil muddatga saylash, shuningdek, ushbu vakillik organi Toshkent shahrida joylashishi belgilab qo‘yildi. Mahmudxo‘ja Behbudiy tomonidan tuzilishi tavsiya qilingan ushbu vakillik organining vakolatlari va vazifalari keng bo‘lib, bugungi Oliy Majlis va Vazirlar Mahkamasi vakolatlariga to‘g‘ri keladi.
“Turkiston qozilari xususinda” bo‘limida esa qozilik va sud ishlarini tashkil etishning huquqiy asoslari belgilab qo‘yildi. Qozilar prokuratura idorasiga emas, Turkiston idorayi ruhoniya va doxiliya idorasiga bo‘ysunishi hamda doimiy ravishda uning nazorati ostida faoliyat olib borishi kerakligi uqtirildi.
Mahmudxo‘ja Behbudiy yuqorida tashkil etilishi tavsiya qilinayotgan barcha idoralarning xodimlari oldiga idora binosida o‘tirib qog‘oz to‘ldirish emas, xalq ichida yurib, ularning orzu-istaklarini amalga oshirish vazifasini qo‘yadi. Uning “Bizni hozirgi mansabdorlarimizni xizmati faqat to‘g‘rilik va yomonlarni ushlab teyishli joyig‘a topshurmoq, podshohlik soliqlarini vaqtig‘a yig‘ib bermoq va xalqni tinch saqlamoqdan iboratdur. Mundin boshqa xizmatni hanuz aksar milliy ma’murlarimiz, ya’ni maktab va madrasalarni yangidan ochilmoqig‘a, eski va yangi maktab va madrasalarni va o‘qilaturg‘an rusiy, musulmoniy ilm va fununni rivoj topmoqig‘a qilinaturgan sa’y, yurulaturgan yo‘llarni go‘yo bilmaydurlar, hukumat ila raiyat orasig‘a favqulodda xizmatni kam qiladurlar, zamoni kelsa, bilsalar va qilsalar kerak va ammo zamon hozirgi zamondur”, degan fikrlari bugun ham eskirmagan mavzu bo‘lib, ayrim davlat amaldorlari va mahalliy hokimlarning qiyofasini ko‘rsatib beradi.
Loyihada Turkistonda istiqomat qilib kelayotgan boshqa din va millat vakillarining huquq va erkinliklari belgilab qo‘yildi. Ma’lumki, Turon zaminiga yashash uchun kirib kelgan yahudiylar va boshqa millat vakillaridan jon solig‘i olingan bo‘lib, ular bir qator cheklovlarga bo‘ysunishga majbur bo‘lgan. Mahmudxo‘ja Behbudiy Turkistonda yashab turgan xorijiy fuqarolar va boshqa din vakillari o‘z urf-odatlariga amal qilib, bayramlari va an’analarini o‘tkazishlari mumkinligi, ammo shariat qonunlariga hurmatda bo‘lishlari kerakligini uqtirgan. Millat oydinining diniy bag‘rikenglik va tolerantlik tashabbusi bugungi kun uchun ham o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan muhim masalalardan biridir.
“Turkiston madaniy muxtoriyati” loyihasidagi asosiy mavzulardan biri turkistonliklarning saylash va saylanish huquqlari masalasi edi. Mahmudxo‘ja Behbudiy millati, dini, ijtimoiy kelib chiqishidan qat’i nazar, 20 yoshga to‘lgan erkaklar va xotin-qizlar saylovda ishtirok etishi g‘oyasini ilgari surdi. “Millatning yigirma yoshig‘a yetub ahliyat paydo qilg‘on har bir fardi: er bo‘lsin, xotun bo‘lsun – sinf, din va mazhab ayirmasig‘a boqmasdan – saylamak va saylanmak haqina molikdur”, deb ta’kidladi.
Ushbu loyihada “Mulkiy mahkamalar” tashkil etish bo‘yicha ham asosli sabablar keltirilib, ularga keng vakolatlar berish lozimligi qayd qilingan. Turkistonning iqtisodiy asoslaridan biri bo‘lgan vaqflar ishlarini tashkil etish va boshqarish masalalari loyihada alohida bo‘limda belgilab qo‘yilgan.
Abdurauf Fitrat “Loyiha”sida boshqaruv tartibning zamon talablariga javob bermay qolgani, mamlakat xalqining og‘ir iqtisodiy va ma’naviy qoloqligiga sabab bo‘layotganini ko‘rsatgan. “Islohot loyihasi”ga muvofiq mamlakatdagi ichki va tashqi siyosatni 10 vazirdan iborat Vazirlar kengashi boshqarishi, vazirlar bosh vazir tavsiyasiga ko‘ra amirdan olingan yorliq asosida tayinlanishi kerak edi. Shu bilan birga Buxoroda qat’iy ma’muriy bo‘linishlarni amalga oshirish, davlat tomonidan maosh bilan ta’minlanadigan mahalliy (boshlang‘ich) hokimiyat tizimini barpo etish, ularga boshchilik qilishi lozim bo‘lgan oqsoqollarni xalq tomonidan saylanishi lozimligi kabi masalalar ham olg‘a surilgandi. Abdurauf Fitrat tomonidan ilgari surilgan g‘oyalar ayniqsa, mahalliy hokimiyat organlarining vakolatlarini kengaytirish ishlari yurtboshimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan amalga oshirilmoqda.
Dasturda harbiy tizimni tubdan o‘zgartirish kerakligi ta’kidlangan. Shuningdek, fiqh (qonunchilik)ga oid masalalar shariatga asoslangan bo‘lishi va adliya vaziri ayni vaqtda qozikalon vazifasini ham o‘tashi lozim edi.
Dasturda qishloq xo‘jaligi masalalariga alohida e’tibor qaratilgan, barcha haydaladigan yer maydonlari uch toifaga; vaqf, mulk va davlat yerlariga bo‘lingan. Ayni vaqtda qishloq xo‘jalik mahsulotlarini ko‘paytirish, ekin maydonlarini kengaytirish va yerni ishlashda zamonaviy agrotexnik talablarga rioya etish kabi juda dolzarb masalalar ko‘tarilgan. Abdurauf Fitrat amirlikdagi suv tanqisligini bartaraf etish uchun Amudaryo suvidan xonlikdagi qo‘riq va bo‘z yerlarni o‘zlashtirishda foydalanish masalasini ko‘tarib chiqqan. Islohot loyihasida maxsus qishloq xo‘jalik banki tashkil qilinishi va u orqali dehqonlarga ma’lum darajada moliyaviy yordam ko‘rsatib borish ham taklif qilingan.
Dasturda ta’lim sohasiga alohida e’tibor qaratilgan bo‘lib, fanlar rivoji va yangi usul maktablari barpo etish uchun vaqflardan keng foydalanish fikri ilgari surilgan.
Abdurauf Fitrat tomonidan tayyorlangan islohot dasturi, butun Turkiston mintaqasiga xos bo‘lgan asosiy muammolarni o‘zida aks ettirdi va uning yechimini taqdim etdi. Ammo ushbu hujjat o‘z vaqtida hayotga tatbiq etilmadi, faqatgina ko‘p ming yillik davlatchilik tariximizning navbatdagi taraqqiyot bosqichi haqidagi muhim qarashlarni o‘zida mujassamlashtirgan hujjat sifatida bizgacha yetib keldi.
Yurtboshimiz ta’kidlaganlaridek, jadid bobolarimizning huquqiy qarashlari, milliy davlatchilik asoslarini barpo etishga oid sa’y-harakatlari hanuz to‘liq o‘rganilmagan bo‘lib, buni tadqiq qilish tarixchi, huquqshunos, iqtisodchi olimlar oldida turgan dolzarb vazifalardan biridir.
O‘zA muxbiri Nazokat Usmonova suhbatlashdi.