Ixtisoslashgan maktablarga 106 mingdan ortiq talabgor-o‘quvchi ro‘yxatdan o‘tdi
Joriy yil 10 iyul kuni xalq ta’limi tizimidagi ixtisoslashtirilgan maktablarga hujjat topshirish yakunlandi.
Xalq ta’limi vazirligi axborot xizmati xabar berishicha, bir oy davom etgan qabul jarayonida 735 ta ixtisoslashtirilgan maktabga 106 mingdan ortiq talabgorlar saralash tanlovida ishtirok etish uchun my.maktab.uz elektron platformasi orqali ro‘yxatdan o‘tdi.
Eng ko‘p hujjat topshirilgan hududlar orasida Surxondaryo viloyatida bir o‘ringa o‘rtacha 4,4 talabgor ro‘yxatdan o‘tgan.
Ixtisoslashgan muassasalar orasidan esa eng yuqori ko‘rsatkich Shovot tumanidagi Al-Xorazmiy nomidagi Xalqaro fizika-matematika maktabi matematika yo‘nalishida bir o‘ringa 29, Buxoro viloyati Qorako‘l tumanidagi Xalqaro matematika maktabi matematika-fizika yo‘nalishida bir o‘ringa 15 talabgor ro‘yxatdan o‘tgan.
Saralash tanlovlari Davlat test markazi tomonidan joriy yilning 30 iyuliga qadar katta xajmdagi auditoriyalarda (pavilon) o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Saralash tanlovi natijalariga ko‘ra, 34 ming 50 nafar iqtidorli o‘quvchi tanlab olinadi.
Eslatib o‘tamiz, yangi o‘quv yilida fizika, chet tili, matematika, kimyo-biologiya, informatika va axborot texnologiyalari yo‘nalishida 421 ta ixtisoslashgan maktab tashkil etiladi.
Fayzullo Yahyoyev, O‘zA