IWF prezidenti Milliy olimpiya qo‘mitasida
Ertaga, 17 iyul kuni poytaxtimizda og‘ir atletika bo‘yicha o‘smirlar va yoshlar o‘rtasida Osiyo chempionati boshlanadi.
Ushbu musobaqaning faxriy mehmoni sifatida yurtimizda bo‘lib turgan Xalqaro og‘ir atletika federatsiyasi prezidenti (IWF) Muhammad Jalud va Osiyo og‘ir atletika federatsiyasi prezidenti Muhammad Yusuf Al Mana sportni rivojlantirish vaziri o‘rinbosari Shahrullo Mahmudov hamrohligida O‘zbekiston milliy olimpiya qo‘mitasiga tashrif buyurdi.
Martabali mehmonlarni Milliy olimpiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosarlari Azizjon Kamilov hamda Sherzod Tashmatov qarshi oldi.
Mehmonlar Milliy olimpiya qo‘mitasida o‘zbek sportining boy tarixi, uning yorqin g‘alabalari aks etgan kichik ko‘rgazmalar maydoni, undan joy olgan fotolavhalar bilan yaqindan tanishichgach, hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirish mavzusida suhbatlashdi.

Milliy olimpiya qo‘mitasi mutasaddilari mehmonlarga O‘zbekiston olimpiyachilarining yutuqlari haqida so‘zlab, kelajakda Osiyo va Xalqaro og‘ir atletika federatsiyalari bilan yo‘lga qo‘yilgan do‘stona aloqalarni shunday ruhda davom ettirishdan mamnun bo‘lishini bildirdi.
O‘z navbatida, IWF prezidenti Muhammad Jalud o‘zbek sporti, xususan, og‘ir atletikasi jahonda o‘z o‘rniga egaligi, O‘zbekiston dunyo mamlakatlari orasida nufuzli sport musobaqalarini yuqori saviyada o‘tkazayotgan davlatlar qatoridan joy olganligini ta’kidladi.
Osiyo og‘ir atletika federatsiyasi rahbari Muhammad Yusuf Al Mana og‘ir atletika sporining nafaqat qit’a miqyosida balki, xalqaro maydondagi rivojida O‘zbekistonning hissasi beqiyosligini aytib, hamkorlik aloqalarini rivojlantirish bo‘yicha o‘z fikrlarini bildirdi.
Eslatib o‘tamiz, bugun poytaxtimizda Osiyo og‘ir atletika federatsiyalarining kongress va ijroiya qo‘mitasi yig‘ilishlari o‘tkaziladi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA