Italiyalik fotografning ko‘rgazmasi
Toshkent Fotosuratlar uyida «Rimdan nigoh. Kino, madaniyat va moda Elizabetta Katalano ob’ektivida» fotoko‘rgazmasi ochildi.
Italiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan ushbu ko‘rgazma Italiya san’atining ko‘zga ko‘ringan jabhalarini namoyon etadi.
Elizabetta Katalano Rimda yashagan va ijod qilgan. Uning haqiqiy debyuti Federiko Fellinining «Otto e Mezzo (Sakkiz yarim)” asaridagi Anuk Emening singlisi roli hisoblanadi. S’yomkalardan bo‘sh vaqtlarida u otasidan qolgan eski fotoapparat bilan suratga olishni boshlaydi. Keyinchalik Fellini Elizabettani fotosuratchi sifatida o‘zining boshqa filmlari s’yomkasiga ham suratga olish uchun chaqiradi. Buyuk rejissyor Elizabettaning studiyasida bir necha marotaba suratga tushadi, so‘ngra kitoblarining muqovalari uchun ushbu portretlarining bir qismini tanlaydi.
Yetmishinchi yillarda Elizabetta Katalano o‘zini portret yo‘nalishidagi suratlar tushirishga bag‘ishlaydi va Rimdagi studiyasida o‘sha davrning eng taniqli rassomlari hisoblangan Aligiyero Boyetti, Jozef Boyz, Gilbert va Jorj, Sandro Chia, Enzo Kukki, Franchesko Klemente, Yannis Kunelliskabilarning portret va fotosuratlarini ishlaydi.
– Yelizabetta Katalano fotosuratlarining uslubiy xususiyati katta ma’noga ega, – dedi Italiyaning mamlakatimizdagi elchisi Agostino Pinna. – Fotolarni tomosha qilish bir necha daqiqada italyancha uslubni hamda Rim va Italiyaning so‘nggi jahon urushidan keyingi butun dunyo bo‘ylab san’at, adabiyot, kino va modaning eng taniqli va yorqin vakillarini o‘ziga jalb qilish qobiliyatini tushunishga imkon beradi. U olgan suratlarda Rimni butun dunyo bilan bog‘lab, mamlakat badiiy va madaniy jihatdan gullab-yashnagan markazga aylangan ajoyib davrning o‘nlab yillari aks ettirilgan. Rimlik fotograf tomonidan bir necha o‘n yillar davomida olingan bu fotosuratlar to‘plami 2015 yilda bevaqt olamdan ko‘z yumgan ushbu buyuk italyan fotografining ijodida muhim rol o‘ynaydi.
O‘zining madaniyat arboblariga bag‘ishlangan bir qator portretlarida Elizabetta Katalano ularning ichki mohiyatini anglash qobiliyatini namoyish etadi. O‘tgan davr mozaikasini aks ettiruvchi, ammo Italiyaning madaniy muhitida mustahkam o‘rnashgan tasvirlarning parchalari, Federiko Fellini filmlarini suratga olish paytida olingan sahnalarning fotosuratlari, shuningdek, eng nufuzli Made in Italiya brendlarining moda xizmatlari bilan ham chambarchas bog‘liq hisoblanadi.
Ko‘rgazma 2021 yil 30 maygacha davom etadi.
[gallery-2234]
Gulnoza Boboyeva, Oybek Pardayev ( surat), O‘zA