Italiyada pensiya yoshi qisqardi
Italiya Prezidenti Serjo Mattarella dushanba kuni hukumatning qonun kuchiga ega yangi qarorini imzoladi.
Italiya Prezidenti Serjo Mattarella dushanba kuni hukumatning qonun kuchiga ega yangi qarorini imzoladi. Mazkur hujjatda keksa yoshdagi italiyaliklarga muddatidan oldin pensiyaga chiqish imkoni berilgan. Shu bilan birga kam taʼminlangan va ishsiz fuqarolarga 780 yevro miqdoridan oshmagan oylik nafaqalar tayinlanishi ham koʻzda tutilgan.
Bu haqda RIA Novosti xabar beradi.
Yangi tartibga koʻra, pensiyaga chiqish muddati “100” raqami asosida, yaʼni 62 yosh va 32 yillik mehnat stajini bir-biriga qoʻshishdan kelib chiqadi. Shu yoʻl bilan oldingi pensiya yoshi (66-67yosh) 5 yoshga qisqardi. 35 yillik mehnat staji bor ayollar esa 58-59 yoshidan pensiyaga chiqishlari mumkin. Shu kabi qoidalar xususiy kompaniyalarga joriy yilning aprel oyidan, davlat tashkilotlari uchun avgustdan boshlab kuchga kiradi.
Hujjatda pensiyaga muddatidan oldin chiqishga ruxsat berish holatlari ham nazarda tutilgan. Unga koʻra, 41-42 yillik mehnat stajiga ega erkaklar va ayollar bu imtiyozga ega boʻlishlari mumkin.
Joriy yilda Italiya byudjet defitsiti 2,04 foizni tashkil etishi kutilmoqda. Yangi pensiya islohoti mamlakatga bu yilda 4 milliard yevroga tushadi. Bu miqdor 2020-2021 yillarda ikki baravarga ortishi mumkin. Shunday boʻlsa-da, Italiya hukumati pensiya sohasidagi yangi chora-tadbirlar mamlakatda yoshlar ishsizlik darajasi (ayni bu daraja 20 foiz atrofida)ni kamaytirishiga umid qilmoqda.