Istiqlol shukuhidan porlayotgan yurt
Munosabat
Jonajon Vatanimiz istiqlolining o‘ttiz yilligini katta tantana bilan nishonladik va bu shodiyona shukuhi yurtimiz bo‘ylab hamon davom etmoqda. Bu yilgi bayram tantanalari Toshkent viloyatining Qibray tumanida yangidan barpo etilgan “Yangi O‘zbekiston” bog‘ida nishonlangani barchamizda o‘zgacha kayfiyat uyg‘otdi, bunda ham o‘ziga xos ramziy ma’no bordek, go‘yo.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning “Vatanimiz mustaqilligi — biz uchun kuch-qudrat va ilhom manbai, taraqqiyot va farovonlik asosi” nomli bayram tabrigi 30 yillik sarhisob mujassami sifatida barcha yurtdoshlarimizga g‘urur-iftixor bag‘ishladi, ona Vatanimizning porloq ertasidan katta umid uyg‘otdi.
Tabrikda bugun yurtimizda tarixan qisqa fursatda butunlay yangicha siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy, ilmiy-ma’rifiy va madaniy muhit paydo bo‘lgani, barcha soha va yo‘nalishlarda ulkan sa’y-harakatlar amalga oshirilib, qator natijalar qo‘lga kiritilgan alohida e’tirof etildi. Masalan, birgina iqtisodiyot yo‘nalishida 2017-2020 yillarda mamlakatimizning iqtisodiy o‘sish darajasi 18,3 foizni tashkil etib, yalpi ichki mahsulot 60 milliard dollarga yetgani, tashqi savdo aylanmasi 2016 yildagi 24 milliard dollardan 2020 yilda 36 milliard dollarga ko‘paygani e’tiborga molik. Yoxud tadbirkorlik sohasidagi islohotlar natijasida Jahon bankining “Biznesni yuritish” xalqaro reytingida O‘zbekiston besh yil ichida 141-o‘rindan 69-o‘ringa ko‘tarilgani juda katta yutuq, jiddiy ko‘rsatkichdir.
Shuningdek, davlatimiz rahbari o‘z nutqida ta’lim-tarbiya sohasiga ham alohida to‘xtalib, so‘nggi yillarda ushbu yo‘nalishda erishilgan natijalarni birma-bir qayd etdi. “Agar biz ta’limni o‘zgartirsak, ta’lim insonni o‘zgartiradi. Inson o‘zgarsa – butun jamiyatimiz o‘zgaradi”, dedi Prezident.
Darhaqiqat, har bir soha va yo‘nalishning zamon talablari darajasida taraqqiy etishida, mamlakatning har tomonlama rivojlanishida, jamiyatning o‘zgarishida malakali kadrlar hal qiluvchi kuch hisoblanadi. Intellektual salohiyatli, zamonaviy bilimlarga ega, o‘z sohasining yetuk mutaxassislarini yetkazib berish esa ta’lim sifati bilan chambarchas bog‘liq. Shu ma’noda so‘nggi yillar davomida ta’lim, jumladan, oliy ta’lim tizimini takomillashtirish, xalqaro va zamon talablari darajasida rivojlantirish, unga malakali pedagoglarni jalb etish, oliy ta’lim muassasalarining moddiy-texnik bazasini yanada mustahkamlashga jiddiy e’tibor qaratildi. Sohani isloh qilishga qaratilgan bir qator normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi. Yurtimizda so‘nggi 5 yilda 64 ta yangi oliy ta’lim muassasasi tashkil etilib, ularning soni 141 taga yetkazildi. Qabul kvotasi 3 barobar oshirildi. Bitiruvchi yoshlarni oliy ta’lim bilan qamrab olish darajasi 2016 yilgi 9 foizdan 28 foizga yetkazildi. Prezidentimiz bayram tabrigida yaqin kelgusida ushbu ko‘rsatkichni 50-60 foizga yetkazish mo‘ljallanayotganini qayd etdi.
Shuningdek, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholini, avvalambor, yoshlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida joriy yilda nogironligi bo‘lgan yoshlar uchun – 3 ming 155 ta, Mehribonlik uylari va Bolalar shaharchalari bitiruvchilari uchun – 1 ming 580 ta, kam ta’minlangan oilalarga mansub xotin-qizlar uchun – 2 mingta qo‘shimcha qabul kvotalari davlat granti sifatida ajratildi.
Ushbu natija va ko‘rsatkichlar o‘z-o‘zidan bo‘layotgani yo‘q, albatta. Buning ortida, avvalo, davlat rahbarining xalqparvar siyosati, yoshlarga e’tibori va g‘amxo‘rligi, mamlakatning ertangi kuni uchun qayg‘urish hissi mujassam. Eng quvonarlisi, sohada amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlar yoshlar hayotida, faoliyatida o‘z aksini topmoqda. bugungi kunda yangicha va mustaqil fikrlaydigan, zamon talabilariga mos, mas’uliyatli, tashabbuskor, vatanparvar yigit-qizlarimiz xalqaro fan olimpiadalarida, jahon maydonlarida turli soha va yo‘nalishlarda yuksak marralarni egallamoqda, O‘zbekiston nomini dunyoga taratmoqda.
Masalan, yaqinda Yaponiyada bo‘lib o‘tgan XXXII yozgi Olimpiya hamda paralimpiada o‘yinlarida mohir sportchilarimiz g‘olib va sovrindor bo‘lib, Vatanimiz bayrog‘ini sarbaland ko‘tarishdi, dunyo arenalarida yurtimiz madhiyasi baralla yangrashiga sababchi bo‘lishdi. “Yangi O‘zbekiston” bog‘idagi bayram tadbirida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev sportchilarimizning Tokioda bo‘lib o‘tgan yozgi Olimpiada va o‘sha paytda davom etayotgan paralimpiada o‘yinlarida qo‘lga kiritilgan yutuqlar xususida alohida to‘xtalib, paralimpiadachilarimizga muvaffaqiyat tilagan edi.
Yurt rahbarining e’tibori, umidi sportchilarimizga yanada kuch-g‘ayrat baxsh etgani shubhasiz. Natijada O‘zbekistonning 48 nafar paralimpiyachisi 8 ta sport turi – parayengil atletika, parasuzish, paradzyudo, parataekvondo, parao‘q otish, parapauerlifting, parakanoe va paraeshkak eshish kabi sport turlarining 55ta yo‘nalishi bo‘yicha o‘tkazilgan musobaqalarda 8 oltin, 5 kumush va 6 bronza medalini qo‘lga kiritib, umumjamoa hisobida 160 dan ziyod davlat orasida 16 o‘rinni, MDH va Osiyo mamlakatlari ichida 4, turkiy tilli davlatlar orasida 2, Markaziy Osiyoda esa 1-o‘rinni egalladi. Bu O‘zbekiston mustaqilligining 30 yillik shonli to‘yiga munosib va davomli tuhfa bo‘ldi. Qolaversa, ushbu yuksak natijalar yurtimiz yoshlarining mardlik va jasoratda, shijoat va matonatda tengsizligini namoyon etdi.
Prezidentimiz bayram nutqida navqiron yoshlar haqida to‘xtalar ekan, “Siz istiqlol farzandlari, ozod va erkin, hur fikrli insonlar sifatida hayotga dadil kirib kelayotganingiz biz uchun eng katta baxt, katta davlatdir. Men ishonaman, sizlar zamonaviy bilim va taraqqiyot cho‘qqilarini puxta egallab, biz boshlagan ishlarni munosib davom ettirasiz. Yuksak g‘ayrat-shijoatingiz va fidokorona mehnatingiz bilan yurtimizda Yangi O‘zbekistonni – Uchinchi Renessansni bunyod etishga albatta qodir bo‘lasiz”, dedi. Bu ishonch va umid esa yurt kelajagining egalari bo‘lmish yoshlarga yanada ulkan shijoat, kuch-g‘ayrat ulashadi.
Soyib Tojibayev,
O‘zDJTSU Paralimpiya fakulteti dekani,
pedagogika fanlari doktori (DSc), professor.