Istiqlol – barcha sa’y-harakatlarimiz va yutuqlarimiz poydevori
Jonajon O‘zbekistonimiz davlat mustaqilligini qo‘lga kiritganiga va o‘z taraqqiyot yo‘liga o‘tganiga 34 yil to‘ldi. Bu dorilomon kunlar ne-ne jadid bobolarimizning asriy orzusi edi. Inson baxtli bo‘lishi uchun erkin bo‘lishi kerak. Demak, biz eng avvalo, Istiqlolning mazmun-mohiyatini anglab olishimiz va yosh avlodga uning ahamiyatini yetkazishimiz zarur bo‘ladi.
Qayd etish joiz, mamlakatimizda mustaqillik ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy, madaniy sohalarda tub islohotlarni amalga oshirish imkonini yaratdi. Istiqlol tufayli mulkka egalik va uning huquqiy asoslari shakllantirildi. Xalqimizning azaliy hayot tarzidan chuqur o‘rin olgan urf-odatlari va an’analari Istiqlol tufayli qayta jonlandi.
Ma’naviy merosimizning durdonalari ona tilimizda nashr etila boshlandi. Buyuk tariximiz qayta tiklanib, ulug‘ ajdodlarimiz qoldirgan boy va bebaho meros nafaqat xalqimiz, balki o‘zga millatlar tomonidan ham keng o‘rganilmoqda.
Mamlakatni modernizatsiya qilish, bu jarayonda parlament va siyosiy partiyalarning rolini, jamoatchilik nazoratini kuchaytirishga qaratilgan keng ko‘lamli demokratik islohotlar jadal amalga oshirildi. Davlatimiz rahbari tomonidan demokratiyaning asosiy talabi bo‘lgan inson huquqlari va qonuniy manfaatlarini, so‘z va vijdon erkinligini ta’minlashga alohida e’tibor berilmoqda.
Bilamizki, inson Vatan tuyg‘usi bilan yashashi, o‘zi tug‘ilib o‘sgan ona yurtini sevishi va ardoqlashi, yur taraqqiyotiga o‘z hissasini qo‘sha olishi eng oliy tuyg‘u hisoblanadi. Prezidentimiz tashabbusi bilan ixtisoslashtirilgan va ijod maktablari orqali Xorazmiy, Beruniy, Ibn Sino, Amir Temur, Mirzo Ulug‘bek, Alisher Navoiy kabi bobokalonlarimizning davomchilarini tarbiyalay boshladik.
Ming shukrki, biz Istiqlol tufayli o‘zligimizni angladik, ozod xalq, mustaqil davlat sifatida O‘zbekistonning bor bo‘y-bastini, ulkan salohiyatini butun dunyoga namoyon qilmoqdamiz.
Bularning barchasi “Yangi O‘zbekistonda erkin va farovon yashaylik” degan ezgu da’vat asosida amalga oshirilmoqda. Respublikamiz mustaqilligining 34 yilligini keng nishonlash jonajon Vatanimizda inson qadr-qimmati, sha’ni va g‘ururining nechog‘lik ustun qo‘yilganligidan, yurtimiz tinchlik va barqarorlikka erishilganligidan, davlatimiz sarhadlarining daxlsizligi ta’minlanganligidan hamda millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikning mustahkamlanganligidan darak berishini unutmasligimiz darkor.
Vatan, millat va xalq tushunchalari odamzod uchun eng oliy qadriyat. Ushbu uch tushuncha insonning ma’naviy-axloqiy mezoni, fidoyilik tamsili va faol fuqarolik pozitsiyasini belgilaydi. Ular alohida qaralsa ham, bir-biriga uzviy bog‘langan yagona uyg‘unlik — uch birlik sifatida jamiyat taraqqiyoti, milliy o‘zlik va davlat barqarorligining asosiy tayanchi bo‘lib xizmat qiladi.
Vatan – borliq, u tabiat va jamiyatning uzviy birligi bilan bog‘liq bo‘lsa, millat – boylik, u tili, qadriyatlari, urf-odat, an’analari bilan o‘zligini saqlay olish, xalq esa – borlik, ya’ni, mavjudlik mezoni mushtarak maqsadlar bilan istiqbol sari intiluvchi kuch. Vatan obod bo‘lsa buyuk millat yuksaladi va xalq degan qudrat mustahkamlanadi.
Mansur Yunus,
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, filologiya fanlari doktori.
O‘zA