Istiqbolli yoshlar taqdirlandi
Andijonda “Istiqbolli kadrlar” loyihasi ishtirokchilari taqdirlandi.
Andijon viloyati xalq ta’limi boshqarmasi tashabbusi bilan o‘tkazilgan “Istiqbolli kadrlar” loyihasi doirasida viloyatdagi umumta’lim maktablarida faoliyat yuritayotgan 30 yoshgacha bo‘lgan ilg‘or va faol o‘qituvchilar, yoshlar yetakchilari 10 kun muddatga maktab direktori vazifasiga tayinlanib, ish olib bordi.
– Loyihadan ko‘zlangan maqsad ta’lim tizimida rahbar kadrlar zaxirasini yaratish, yoshlarning rahbarlik salohiyatini kashf etishdan iborat edi, – deydi Andijon viloyati xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Azizbek Mirkomilov. – O‘n kun muddat ichida maktablarda rahbarlik qilgan juda ko‘p yoshlarimiz o‘zlarining rahbarlik salohiyatini namoyon eta oldi.
Andijon shahridagi "Eko-park"da mazkur loyiha ishtirokchilarini tantanali taqdirlash marosimida so‘z olgan Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov yoshlarning yurtimiz ravnaqi, porloq kelajagini ta’minlash borasidagi ishtiroki, o‘rni va roli, yosh rahbar kadrlar zaxirasini shakllantirish kelgusida tizimda yuqori natijalarga erishishda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.
Viloyat hokimi loyihada faol ishtirok etib, yuqori natijalarni qo‘lga kiritgan istiqbolli yoshlarga sertifikat va esdalik sovg‘alar topshirdi.
– Loyiha doirasida o‘n kun maktabimizni boshqarib, bildirilgan ishonchni oqlashga harakat qildim, – deydi Marhamat tumanidagi 72- ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabi yosh o‘qituvchisi Saidaxon Sulaymonova.
– Eng asosiysi, jamoani boshqarish, mas’uliyatni his etish, to‘g‘ri qaror qabul qilish borasida ko‘p narsalarni o‘rgandim. O‘rganganlarim kelgusi faoliyatimda albatta, yordam beradi.
Tadbir davomida yoshlar uchun interfaol o‘yinlar, aksiyalar o‘tkazildi, konsert dasturi namoyish etildi.
F. UBAYDULLAEV, Z. UMRZOQOV (surat), O‘zA