Istiqbolli loyihalar samarasi
Jizzax viloyatida 2015-yilda sanoat sohasida 254 milliard so‘mlik 213 loyiha amalga oshirildi. Korxonalar modernizatsiya qilinib, 50 dan ziyod turdagi sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish o‘zlashtirildi.
Jizzax viloyatida 2015-yilda sanoat sohasida 254 milliard so‘mlik 213 loyiha amalga oshirildi. Korxonalar modernizatsiya qilinib, 50 dan ziyod turdagi sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish o‘zlashtirildi.“JUITA GULSHANA INVEST” O‘zbekiston-Xitoy qo‘shma korxonasining ishga tushirilishi mamlakatimiz yengil sanoatida muhim voqea bo‘ldi. “O‘zbekengilsanoat” aksiyadorlik jamiyati hamda xitoylik ishbilarmonlar hamkorligida tashkil etilgan korxona sanoatlashgan tikuv dastgohlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan.
– “Jizzax” maxsus industrial zonasi hududida bo‘sh turgan binoni xarid qilib, to‘la ta’mirdan chiqardik, – deydi korxona ijrochi direktori Nurali Abdurasulov. – Keyin zamonaviy texnologiyalar asosida ishlab chiqarilgan tikuv mashinalarini yig‘ish va ehtiyot qismlar tayyorlash dastgohlari keltirib o‘rnatildi. Natijada “O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan” tamg‘asi bilan yiliga 15 ming dona sanoatbop tikuv mashinasi ishlab chiqarish quvvatiga ega korxona ishga tushirildi. Hozir bu yerda bir necha turdagi tikuv mashinalari ishlab chiqarilmoqda. Mahsulotning uchdan bir qismi xorijga eksport qilinayotir. Ayni paytda 50 doimiy ish o‘rniga ega korxonada ishlab chiqarishni kengaytirish ishlari davom ettirilmoqda. Jumladan, tikuv mashinalari qismlarini shu yerning o‘zida tayyorlash bo‘yicha yangi loyihalar amalga oshirilmoqda.
2017-yilga borib tikuv mashinalari uchun ehtiyot qismlarning 50 foizini shu yerning o‘zida tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi. Bundan tashqari, ip o‘rash dastgohlari, trikotaj mahsulotlari tikishda keng foydalaniladigan yarim sun’iy iplar, kiyimlar uchun bezak, o‘rovchi materiallar ishlab chiqarishni o‘zlashtirish ham rejalashtirilgan. Loyiha amalga oshirilgach, yana 50 dan ortiq qo‘shimcha ish o‘rni yaratiladi.
Zamonaviy texnologiyaga asoslangan dastgohlar bir vaqtning o‘zida tikish, gazlamaning ortiqcha qismi va ipni kesish kabi yumushlarni avtomatik tarzda bajaradi. Tikuv mashinalarining yana bir afzalligi – energiya tejamkorligidir.
Prezidentimiz rahnamoligida sanoatni rivojlantirishga qaratilayotgan alohida e’tibor samarasida butun mamlakatimizda bo‘lgani kabi Jizzax viloyatida ham yangi turdagi mahsulot ishlab chiqaradigan korxonalar soni yildan-yilga ko‘paymoqda. Barcha tikuv fabrikalari, xususiy tadbirkorlar uchun import o‘rnini bosuvchi sun’iy tolali iplar, tikuv furnituralari va aksessuarlari ishlab chiqarilayotgan “Luxury Furniture Business” mas’uliyati cheklangan jamiyati ana shulardan biri.
Loyiha qiymati 650 ming dollar bo‘lgan korxona o‘tgan yilning oxirida ishga tushirilgan. Zamonaviy jihozlangan korxona yiliga 540 tonna sun’iy tolali ip, straz, metall va plastikli to‘lqinsimon ilgakli tugmalar, 288 tonna tayyor mahsulotni o‘rash uchun ishlatiladigan paketlar, 144 ming metr kvadrat hajmdagi yopishtirma bezaklar ishlab chiqarish quvvatiga ega.
Korxonada hamkorlar buyurtmasiga ko‘ra, plastik paketlar va 72 rangdagi sun’iy tolali ip ishlab chiqarilayotir. Sintetik materialdan tayyorlangan bu ip mustahkamligi, cho‘ziluvchanlik xususiyatidan xoli ekani, rangining o‘chmasligi bilan xaridorgir. To‘liq komputerlashgan uskunalar mahsulotning uzunligi va og‘irligini aniq nazorat qilish imkonini beradi. Bir ishchi 3-4 dastgohni bemalol nazorat qilib, boshqaraveradi.
– Kasb-hunar kollejini bitirgach, shu yerda ish boshladim, – deydi ip o‘rovchi Madina Aliyeva. – Bu yerda samarali ishlash uchun barcha sharoit mavjud. Maxsus kiyimda, toza-ozoda joyda, zamonaviy texnologiyalarda ishlashni bolaligimdan orzu qilardim. Ota-onam ham xursand. Mamlakatimiz sanoati tobora rivojlanib, shunday zamonaviy korxonalar barpo etilayotgani biz, yoshlar uchun ayni muddao bo‘lmoqda.
Joriy yilning birinchi choragidan korxonada bezak toshlarini ishlab chiqarish ham yo‘lga qo‘yiladi.
Yaqin o‘tmishda ko‘zga ko‘rinarli sanoat korxonasi bo‘lmagan viloyatda ayni paytda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar turini sanab chiqishdan ko‘ra, ishlab chiqarilmaydiganlarni sanash osonroq. Birgina “Jizzax” maxsus industrial zonasining o‘zida faoliyat ko‘rsatayotgan 9 korxonada elektronika, kimyo, maishiy texnika, avtomobilsozlik, oziq-ovqat va yengil sanoat mahsulotlarining 30 dan ziyod turi ishlab chiqarilayotir. Viloyat iqtisodiyotini yanada rivojlantirish uchun joriy yilda 935 milliard so‘mlik 1 ming 978, jumladan, sanoat sohasida 335 loyiha amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Bu viloyat yalpi hududiy mahsulotida sanoatning ulushini yanada oshirishga xizmat qiladi.