Istiqbolli loyihalar ijrosi nazoratda
Navoiy viloyati hokimi Normat Tursunov “Navoiy” erkin iqtisodiy zonasining shahar hududida joylashgan korxonalari tomonidan amalga oshirilayotgan loyihalar bilan tanishdi.
Hokim tadbirkorlar duch kelayotgan muammolarni bartaraf etishga ko‘maklashish maqsadida olib borilayotgan ishlarni jadallashtirish va loyihalarni o‘z muddatida yakuniga yetkazish bo‘yicha o‘z tavsiyalarini berdi.

Dastlab “Janub Sanoat Montaj” AJ tomonidan amalga oshirilayotgan loyihalar bilan tanishildi. Korxonaning foydalanilmayotgan tikuv sexidagi ahvolni o‘rganish jarayonida yaqindagina biznes vakillari bilan o‘tkazilgan ochiq muloqot chog‘ida davlatimiz rahbarining e’tiboriga tushgan Konimex tumanidagi “Pride Workwear” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari, Dilrabo Saidova bilan ushbu sexdan foydalanish masalasi muhokama qilindi.

So‘ngra hokim “Navoiy Ishonch Gilamlari” MCHJ bo‘ldi. Ushbu korxona 2018 yilda qiymati 3,2 million AQSH dollari bo‘lgan gilam va gilam mahsulotlari ishlab chiqarishni tashkil etish loyihasini amalga oshirishni boshlagan bo‘lib, bugungi kunda loyiha to‘liq ishga tushirilgan. Bundan tashqari, mazkur korxona ta’sischilari tomonidan qo‘shimcha ravishda qiymati 3 million dollar bo‘lgan gilam ishlab chiqarishni kengaytirish loyihasini amalga oshirish ishlari olib borilmoqda.

“Uzgormash” MCHJ qo‘shma korxonasi tomonidan 2019 yilda qiymati 0,6 million dollar bo‘lgan tog‘-kon sanoatida ishlatiladigan burg‘ilash moslamalari ishlab chiqarishni tashkil etish loyihasi amalga oshirila boshlangan edi. Bugungi kunda korxona ta’sischilari tomonidan qiymati 1 million dollarga teng bo‘lgan panellar va quyma metall mahsulotlari ishlab chiqarishni tashkil etish loyihasi amalga oshirilmoqda.

“Navoi kompozit” MCHJ qo‘shma korxonasi ham 2019 yilda faoliyat boshlagan. Bu yerda qiymati 2,4 million dollar bo‘lgan kompozit qurilish materiallari ishlab chiqarishni tashkil etish loyihasi amalga oshirilmoqda. Tadbirkor bilan uchrashuv chog‘ida viloyat hokimi eksport ko‘lamini kengaytirish va yangi bozorlarni izlab topish bo‘yicha o‘z tavsiyalarini berdi.
2020 yilda ish boshlagan “Xovandamir holding” MCHJda qiymati 1,81 million dollar bo‘lgan loyiha asosida innovatsion qulfli va MDF panelli temir eshiklar ishlab chiqarish ko‘zda tutilgan bo‘lib, bugungi kunda MDF ishlab chiqarish loyihasi to‘liq ishga tushirilgan. Ayni paytda temir eshik ishlab chiqarishni tashkil etish loyihasining smeta hujjatlari ishlab chiqilmoqda.

Viloyat hokimining navbatdagi manzili “Idial buildings LSTK” MCHJ bo‘ldi. Korxonada 2020 yilda qiymati 1,41 million dollar bo‘lgan loyiha asosida metall karkaslar, issiqxonalar va quyosh panellari metall konstruksiyalar, metalldan yevro to‘siqlar ishlab chiqarilmoqda. 2022 yilda qiymati 1 million dollar bo‘lgan loyiha asosida quyosh panellari va suv isitgichlar ishlab chiqarishni boshlagan “Solar energy Navoiy” MCHJda esa qurilish ishlari amalga oshirilmoqda. “Sharq qurilish servis” MCHJ 2019 yilda “Navoiy” EIZ Navoiy shahar hududida qiymati 0,6 million dollar bo‘lgan tomchilab sug‘orish tizimini ishlab chiqarishni tashkil etish loyihasini amalga oshirishni boshlagan edi. Hozirda loyiha ishga tushirilgan. Bundan tashqari, mazkur korxona ta’sischilari tomonidan qo‘shimcha qiymati 1 million dollar bo‘lgan plastmassa mahsulotlari ishlab chiqarishni tashkil etish loyihasi amalga oshirilmoqda. Faoliyati o‘rganilgan ob’ektlardan yana biri “SAM-BC” MCHJ bo‘lib, korxonada 2021 yilda qiymati 1,1 million dollar bo‘lgan loyiha asosida yog‘och-polimer kompozit panellar ishlab chiqarilmoqda.


N.Tursunov, shuningdek, “Adizbobo” fermer xo‘jaligiga qarashli korxonada 2023 yil iyun oyida qiymati 3,32 million dollar bo‘lgan 100 foiz eksportga yo‘naltirilgan boyitilgan un ishlab chiqarishni tashkil etish loyihasini amalga oshirish ishlari bilan tanishdi.
A.Bo‘riyev,
O‘zA