Istiqbolli hamkorlik yanada mustahkamlanadi
Xabar berganimizdek, ayni kunlarda Sirdaryo viloyati hokimi G‘ofurjon Mirzayev boshchiligidagi delegatsiya iqtisodiyot, yong‘in xavfsizligi, qishloq xo‘jaligi yo‘nalishlarida ochiq va konstruktiv muloqot va sherikchilikni mustahkamlash maqsadida Janubiy Koreyada ijodiy safarda bo‘lib turibdi.
Xizmat safari uchrashuvlar, samimiy va do‘stona ruhda o‘tgan muzokaralarga boy bo‘lmoqda. Dastlab, Inchon metropoliten shahri Songdo Yong‘in xavfsizligi boshqarmasi faoliyati, mavjud yong‘in xavfsizligi texnikalari va o‘t o‘chirish metodikasi to‘g‘risidagi taqdimot bilan tanishildi. Shuningdek, yong‘inni oldini olishning zamonaviy usullari to‘g‘risida o‘zaro fikr almashildi. 2023 yilning birinchi choragida viloyatga beg‘araz yuborilishi rejalashtirilayotgan yong‘in o‘chirishga mo‘ljallangan zamonaviy avtotexnika va 2 dona maxsus reanimobil vositasini ekspluatatsiya qilish uchun koreyalik ikki nafar malakali mutaxassisni Sirdaryo viloyatiga yuborishga kelishildi.


“Hanjin Agriculture And Industry Co.LTD” kompaniyasi rahbari Ju Syongu bilan o‘tgan uchrashuvda Koreya tomonining Guliston tumanida qiymati 10 million AQSH dollar bo‘lgan aqlli («Smart») issiqxonalar faoliyatini yo‘lga qo‘yish loyihasi xususida so‘z bordi. Mazkur loyihani amalga oshirishning tashkiliy jihatlari atroflicha muhokama qilindi. Bu xususida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi. Kunning ikkinchi yarmida Tejon metropoliten shahri hokimi Li Jang Vu hamda bir qator mutasaddilar bilan investitsiya, savdo-iqtisodiy, ta’lim, qishloq xo‘jaligi hamda IT sohalarida ikki tomonlama manfaatli hamkorlik o‘rnatish va tajriba almashish masalalari ko‘rib chiqildi.


Samimiy o‘tgan muloqot chog‘ida Li Jang Vu ilk bor O‘zbekiston viloyatlari bilan hamkorlik o‘rnatayotgani, bunda Sirdaryo viloyati dastlabki ekanligini alohida ta’kidladi. O‘z navbatida viloyat hokimi G‘ofurjon Mirzayev e’tirof va yuqori ishonch uchun minnatdorlik bildirib, shahar hokimini 2023 yilning may oyida viloyatning 60 yillik yubileyi tantanalariga taklif qildi. Shundan so‘ng, delegatsiya a’zolari Tejon qishloq xo‘jaligi texnologiyalari markazida bo‘lib, zamonaviy texnologiyalar asosida tashkil etilgan issiqxonalar faoliyati, yetishtirilayotgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari turlari, o‘simliklarda uchraydigan kasalliklar va ularga qarshi kurashish tajribasi haqidagi taqdimot bilan tanishdi.



Tashrif davom etmoqda.
Shuhrat Suyarov, O‘zA.