Istiqboldagi vazifalar muhokama qilindi
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Buxoro viloyatiga tashrifi chog‘ida belgilab berilgan ustuvor vazifalar qadim Buxoroning yaqin istiqboldagi rivojlanish strategiyasini ifodalaydi.
Xususan, hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha o‘tkazilgan yig‘ilishda davlatimiz rahbari viloyatni kambag‘allik, ishsizlik va jinoyatdan xoli hududga aylantirish hamda boshqa bir qator muhim sohalarda “Buxoro tajribasi”ni yaratishni ustuvor vazifa sifatida belgilab berdi.
Buxoro shahridagi Yoshlar markazida o‘tkazilgan tadbirda ayni shu vazifalar ijrosini ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlar keng muhokama qilindi.

Tadbirda Xalq deputatlari viloyat Kengashi deputatlari, Buxoro viloyati sektorlari rahbarlari, hokim o‘rinbosarlari, viloyat hokimligi mas’ul xodimlari, viloyat korxona va tashkilotlari rahbarlari, nuroniylar, jamoatchilik vakillari, oliy ta’lim muassasalarining rektorlari hamda professor-o‘qituvchilari qatnashdi.
Tadbirni viloyat hokimi Botir Zaripov boshqardi.
Ta’kidlanganidek, Prezidentimiz belgilab bergan sohalar bo‘yicha “Buxoro tajribasi”ni yaratishni amalda ta’minlashda nafaqat mas’ul rahbarlar, balki barcha buxoroliklar bir yoqadan bosh chiqarib fidoyilik va faollik ko‘rsatishi insoniy burchdir.

Davlatimiz rahbarining topshirig‘iga asosan Davlat boshqaruvi akademiyasining tajribali professor-o‘qituvchilari tomonidan bugundan boshlab kambag‘allik darajasi yuqori bo‘lgan 13 ta “mahalla yettiligi” o‘qitilmoqda. Shuningdek, Bosh prokuratura akademiyasi va Ichki ishlar vazirligi akademiyasining professor-o‘qituvchilari tomonidan viloyatimizda jinoyatchilik oshgan “qizil toifa”dagi 41 ta “mahalla yettiligi”ni o‘qitish ham belgilangan.
– Albatta, Prezidentimizning viloyatimizni kambag‘allik, ishsizlik va jinoyatdan xoli hududga aylantirish yuzasidan belgilab bergan ustuvor va strategik vazifalarining ijrosini ta’minlash ko‘p jihatdan hududimizdagi 544 ta mahallaning barchasini, kerak bo‘lsa, har bir ko‘chadagi aholini, xonadon egalarini ham o‘qitishni talab qiladi, – dedi viloyat rahbari.
Bu borada belgilangan chora-tadbirlarni amalga oshirish yuzasidan “Nuroniy” jamg‘armasi viloyat bo‘limi raisi S.Husenov, Qorako‘l tumanidagi “Polvonlar” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi M.Rajabova ham o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.

Zarif Komilov, O‘zA muxbiri