Iste’molga yaroqsiz aroqlar fosh etildi
Ma’lumki, mamalakatimizda Bojxona organlari tomonidan qo‘lbola usulda tayyorlangan alkogol mahsulotlarining noqonuniy savdosiga chek qo‘yish va bu bilan shug‘ullanuvchi yashirin sexlarni fosh etish borasida tezkor tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, Xorazm viloyati bojxona boshqarmasining Kontrabandaga qarshi kurashish sho‘basi xodimlari tomonidan oldindan olingan ma’lumotga asosan Urganch tumanida tezkor tadbir o‘tkazildi.
Natijada, 1982-yilda Urganch tumanida tug‘ilgan fuqaro X.A yashash uyi oldida tadbirga jalb qilingan “shartli xaridor”ga 18 dona 5 va 10 litr hajmdagi yelim idishlarga qo‘lbola usulda quyilgan jami 100 litr aroq mahsulotlarini sotgan vaqtida to‘xtatib qolindi.

Shuningdek, fuqaro X.Aning savdo do‘koni xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganida 1 dona 10 litr hajmdagi yelim idish(baklashka)ga qo‘lbola usulda quyilgan 10 litr aroq mahsuloti borligi aniqlandi.
O‘tkazilgan tezkor tadbir davomida, jami 110 litr aroq mahsulotlari daliliy ashyo sifatida vaqtincha saqlovga olindi.
Mazkur holat yuzasidan olib borilgan surishtiruv bo‘yicha olingan xulosaga ko‘ra, 110 litr aroq mahsulotlari iste’molga yaroqsiz, davlat standarti talablariga javob bermaydigan, iste’molchilar hayoti va sog‘lig‘i uchun xavfli ekanligi ma’lum bo‘ldi.
Ma’lumot o‘rnida: 2023-yil davomida 7 ta holatda 1 562,5 litr spirt va alkogol mahsulotlarini bojxona chegarasi orqali noqonuniy kirib kelishi hamda ichki hududda aylanishi oldi olingan.
Sh.Mamaturopova, O‘zA