Iste’molchilar murojaatlari ijobiy hal etilmoqda: birinchi chorakda 27 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ qaytarildi
Joriy yilning yanvar–mart oylarida O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasiga fuqarolardan jami 4 146 ta murojaat kelib tushdi. Ushbu murojaatlarning 3 962 tasi, ya’ni 95,6 foizi atroflicha o‘rganilib, ijobiy hal etildi.
Ko‘rilgan choralar natijasida iste’molchilar foydasiga 27,3 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ qayta hisob-kitob qilinib undirilgan. Bu ko‘rsatkich tizimda murojaatlar bilan ishlash samaradorligi izchil oshib borayotganidan dalolat beradi.
Shuningdek, iste’molchilar manfaatlarini himoya qilish maqsadida 86 ta murojaat asosida sud organlariga da’vo arizalari kiritilgan. Sud qarorlariga muvofiq, iste’molchilar foydasiga 1,4 milliard so‘m miqdorida moddiy va ma’naviy zarar undirilishi ta’minlandi.

Murojaatlar tahlili ularning asosiy qismi kommunal xizmatlar va savdo sohalariga to‘g‘ri kelayotganini ko‘rsatdi. Jumladan, murojaatlarning 29,3 foizi kommunal xizmatlar, yana 29,3 foizi savdo sohasi bilan bog‘liq.
Bundan tashqari, gaz ta’minoti (8,6 foiz), elektr ta’minoti (5,3 foiz), xizmat ko‘rsatish (4,6 foiz) hamda suv ta’minoti (3,7 foiz) sohalari ham murojaatlarning salmoqli qismini tashkil etadi. Shuningdek, aloqa va internet xizmatlari (1,9 foiz), transport (1,9 foiz) hamda sog‘liqni saqlash (1,6 foiz) yo‘nalishlarida ham murojaatlar qayd etilgan. Qolgan 14 foiz murojaatlar boshqa turli sohalarga tegishli.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi 2018-yilda xalqaro Consumers International tashkilotining to‘laqonli a’zosi sifatida qabul qilingan.
O‘zA