Iste’molchilar huquqlari himoya qilindi
Odamlarning soddaligidan foydalanib, nosoz texnika buyumlarini «o‘tkazmoqchi» bo‘layotgan tadbirkorlar soni ko‘paymoqda.
Iste’molchilar huquqlarini himoya qiluvchi tashkilotlar tomonidan esa bu kabi muammolarga yechim topilyapti.
Zarbdorlik Shahnoza Qurbonova Jizzaxdagi “LEADER” savdo do‘konidan 1 million 400 ming so‘mga telefon sotib olgan edi. Ammo u telefonni uyiga olib borsa, undan nuqson chiqqan. Shundan so‘ng, do‘kon sotuvchisi telefonni yangisiga almashtirib bergan. Buni qarangki, ikkinchi telefon ham umuman ishlamas ekan. Uni almashtirishdan sotuvchi bosh tortgach, fuqaro haq-huquqlaridan foydalanib, Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi Jizzax viloyat hududiy birlashmasiga ariza bilan murojaat qiladi.
Mazkur holat mutasaddilar tomonidan o‘rganilib, iste’molchiga ishlamayotgan telefon sifatlisiga almashtirib berildi.
Shuningdek, shu tumanda istiqomat qiluvchi yana bir iste’molchi Maftuna Omonovaning ham muammosi o‘z vaqtida hal etildi.
Fuqaroning arizasiga ko‘ra, u “PREMIER” savdo do‘konidan 3 million 400 ming so‘mga muzlatkich sotib olgan. Ammo muzlatgichni xonadoniga o‘rnatgach, yaxshi ishlamagan.
Fuqaro servis xizmatiga uch marotaba murojaat qilib, muzlatgichni sozlatsa hamki, foydasi bo‘lmaydi.
Boz ustiga sotuvchining qo‘pol muomalasidan ranjigan fuqaro O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasining 10-91 raqamli ishonch telefoniga murojaat qilishga majbur bo‘lgan.
Tuman Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati tomonidan muammo atroflicha o‘rganilib, nosoz muzlatkich yangisiga almashtirildi.
O‘zA