Iste’molchilar huquqi qonun himoyasida
Andijon shahar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati tomonidan iste’molchilarning buzilgan huquqlarini tiklash, huquqlarini himoya qilishga doir hujjatlar targ‘iboti bo‘yicha doimiy uchrashuvlar, davra suhbatlari o‘tkazilmoqda.
– Jamiyatimizga joriy yilning o‘tgan yetti oyi davomida 46 nafar iste’molchi ariza va shikoyat bilan murojaat qildi, – deydi Andijon shahar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati Matbuot xizmati rahbari Xurshida Tojiboyeva. – Asosan, tabiiy gaz va elektr energiyasi to‘lovlari, aloqa xizmati hamda savdo-xarid masalalari bo‘yicha qilingan murojaatlarning aksariyati ijobiy hal etilib, iste’molchilar foydasiga 79 million 372 ming so‘mdan ziyod mablag‘ undirib berildi.
Joriy yilning o‘tgan davrida jamiyat tomonidan targ‘ibot masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Jumladan, Andijon viloyati teri-tanosil kasalliklari shifoxonasi, Andijon viloyati Onkologiya dispanseri, viloyat ko‘p tarmoqli Bolalar tibbiy markazi singari muassasalarda, shuningdek, qator mehnat jamoalarida o‘tkazilgan targ‘ibot tadbirlarida ishtirokchilarga O‘zbekiston Respublikasining “Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida” gi qonuni, Vazirlar Mahkamasining “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilishda jamoatchilik ishtirokini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori mazmun-mohiyati hamda aholining iste’mol madaniyatini yuksaltirish, uyushmaga a’zo bo‘lish masalalarida keng tushuncha va ma’lumotlar berildi.
Jamiyat tomonidan korxona, tashkilot va ta’lim muassasalarida aholi, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida iste’molchilar huquqlarini himoya qilishga doir hujjatlar mazmun-mohiyatini targ‘ib etishga, fuqarolarning iste’mol madaniyatini yuksaltirishga qaratilgan yuqoridagi kabi tadbirlar reja asosida davom ettirilmoqda.
F. UBAYDULLAEV,
Z. UMRZOQOV (surat),
O‘zA