Iste’molchilar huquqi qonun himoyasida
Andijonda O‘zbekiston Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi viloyat hududiy birlashmasining hisobot-saylov konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekistonning hozirgi rivojlanish bosqichida kuchli davlatdan kuchli fuqarolik jamiyatiga o‘tish masalasi ustuvor vazifalardan biri sifatida belgilangan. Mazkur jarayonda nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari o‘rni va roli nihoyatda muhim ahamiyat kasb etadi. Shu bois ham ana shu bo‘g‘inning jamiyat ijtimoiy-siyosiy hayotidagi faol ishtirokini ta’minlash masalasiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Mazkur yo‘nalishda Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari ham samarali faoliyat yuritib kelmoqda.
Tarkibiga 50 ming nafarga yaqin a’zoni birlashtirgan O‘zbekiston Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi Andijon viloyati hududiy birlashmasining hisobot-saylov konferensiyasida birlashmaning tuman, shahar jamiyatlari rahbarlari, tayanch guruhlari, hamkor tashkilotlar, shuningdek, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Konferensiyada Andijon viloyati Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish hududiy birlashmasining keyingi besh yil davomidagi faoliyati yuzasidan birlashma raisi Zokirjon Ahmedovning hisoboti tinglandi.
– Ayni paytda birlashmamiz tarkibida 18 ta tuman, shahar jamiyatlari, shuningdek, mahallalar, korxona va o‘quv muassasalarida 100 dan ziyod tayanch guruhlarimiz faoliyat olib boradi, – deydi Zokirjon Ahmedov. – Umuman, fuqarolar hamda xo‘jalik sub’ektlaridan kelib tushgan 1 ming 561 ta murojaatning aksariyati ijobiy hal etilib, fuqarolar foydasiga 3 milliard 132 million so‘mdan ziyod mablag‘ undirib berildi.
Hisobot davrida birlashma 158 ta davlat va nodavlat tashkilotlari bilan hamkorlik shartnomasi yoki memorandum asosida ish olib borgan. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi “Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi, “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi qonunlarida belgilangan vazifalarn ijrosini ta’minlash, iste’molchilar huquq va manfaatlarini himoya qilish, aholining bu boradagi bilim va tushunchalari hamda iste’mol madaniyatini yuksaltirish borasida olib borilgan ishlar qayd etildi. Xususan, korxona, tashkilot, o‘quv muassasalari, savdo majmualari va bozorlarda “Iste’molchi bilan muloqot”, “Siz huquqingizni bilasizmi?”, “Iste’mol madaniyati – jamiyat ravnaqi” singari o‘nlab mavzularda 5 mingga yaqin uchrashuv, davra suhbati, seminar kabi targ‘ibot tadbirlari o‘tkazilgan. Ayniqsa, 2020 yilda yurtimizda yuzaga kelgan koronavirus pandemiyasi davrida qator loyiha va aksiyalar doirasida uyushma a’zolari, nogiron va kam ta’minlangan aholi vakillariga moddiy yordamlar ko‘rsatildi.
[gallery-4365]
Hisobot, birlashma faoliyatini takomillashtirish, ishlar samaradorligini oshirish yuzasidan Birlashmaning Xonobod shahar, Andijon tuman jamiyatlari raislari Abdulhamid Abdurahimov, Mavludaxon A’zamjonova va boshqalar so‘z olib, o‘zlarining taklif, fikr va mulohazalarini birdir.
– Men “Jahon bozori”dan muzlatgich sotib olgan edim, – deydi muzokara uchun so‘zga chiqqan Andijon tumanidagi Ekin-tikin mahallasida yashovchi Umidaxon Karimova. – Muzlatgichni uyga olib borganimdan so‘ng bir kun o‘tib ishlamay qoldi. Sotib olgan do‘konga borib bu haqda aytganimda ular turli bahonalar bilan muzlatgichni qaytib olish yoki almashtirib berishni paysalga soldi. Bu haqda Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish Andijon shahar jamiyati mutaxassislariga murojaat qildim. Ularning aralashuvi bilan nosoz muzlatgich boshqasiga almashtirib berildi. Ushbu ko‘makdan behad mamnun bo‘ldim.
Anjumanda O‘zbekiston Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi konferensiyasiga delegatlar saylandi hamda ko‘rilgan boshqa barcha masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.
F. UBAYDULLAEV,
Z. UMRZOQOV (surat),
O‘zA