Iste’dodli yoshlar – yurt tayanchi
Abu Rayhon Beruniy nomidagi Toshkent davlat texnika universitetida ilmiy-texnik taraqqiyotda yoshlarning roliga bag‘ishlangan respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi boshlandi.
Abu Rayhon Beruniy nomidagi Toshkent davlat texnika universitetida ilmiy-texnik taraqqiyotda yoshlarning roliga bag‘ishlangan respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi boshlandi.O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan Intellektual mulk agentligi bilan hamkorlikda tashkil etilgan tadbirda mamlakatimizning turli oliy o‘quv yurtlarida tahsil olayotgan yetti yuzdan ziyod talaba o‘z ilmiy ishlarini namoyish etmoqda.
Ijodiy fikrlash va mustaqil qaror qabul qilishga qodir, hayotga tatbiq etilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarda faol ishtirok etadigan barkamol avlodni tarbiyalash Prezidentimiz rahnamoligida amalga oshirilayotgan yoshlarga oid davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi ekani ta’kidlandi. Keng ko‘lamli ilmiy va ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar ushbu maqsadlarga xizmat qilmoqda.
Konferensiyada milliy innovatsiya faoliyatini rivojlantirish bilan chambarchas bog‘liq bo‘lgan ijtimoiy-iqtisodiy vazifalarni samarali hal etish, yangi korxonalar tashkil qilish, energiya va resurs tejaydigan texnologiyalardan foydalanish, import o‘rnini bosadigan mahsulotlar ishlab chiqarish masalalari ko‘rib chiqildi. Shu munosabat bilan tadbirda elektronika, avtomatika, komputer texnologiyalari, mexanika, mashinasozlik, neft va gaz sanoati, ekologiya va boshqa mavzularda ma’ruzalar o‘qildi. Ularda iqtisodiyotimizning real sektori korxonalaridagi mavjud dolzarb texnik, texnologik va xomashyo muammolarini hal etishga doir takliflar ilgari surilgan.
Talabalarning bugungi kunda dunyo ilmiy hamjamiyati diqqat markazida bo‘lgan muqobil energetika va energiya tejaydigan texnologiyalarni rivojlantirish bo‘yicha ilmiy izlanishlari mutaxassislar tomonidan yuqori baholandi.
– Bugun jahonda, xususan, mamlakatimizda yoqilg‘i-xomashyo resurslaridan foydalanishni qisqartirish va muqobil energiya manbalariga o‘tish jarayoni kechmoqda, – deydi Toshkent davlat texnika universiteti talabasi Sarvarjon Usmonaliyev. – Men magistral yo‘llarda o‘rnatiladigan shamol generatorini ixtiro qildim. Bu qurilma avtomobillar harakati natijasida hosil bo‘ladigan shamol yordamida ishlab, 20 kVT sof energiya ishlab chiqarish quvvatiga ega.
Konferensiya yakunida tanlov komissiyasi bir qancha nominatsiyalar bo‘yicha g‘olib va sovrindorlarni aniqlaydi. Ular IX Innovatsion g‘oyalar, texnologiyalar va loyihalar respublika yarmarkasida ishtirok etish uchun tavsiya etiladi.