Isroil Madrimov tantanali kutib olindi
Bugun, 13 iyul kuni professional boksning WBA Eliminator kamari uchun birinchi o‘rta vazn toifasida fransiyalik Mishel Soroga qarshi munosib jang olib borgan iste’dodli bokschimiz Isroil Madrimov Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida tantanali kutib olindi.
Kutib olish marosimida O‘zbekiston boks va professional boks federatsiyasi vakillari, bokschining ota-onasi, professional boks bo‘yicha jahon chempioni Murodjon Ahmadaliyev, jahon chempionligiga da’vogar Qudratilla Abduqahhorov kabi taniqli bokschilar, keng jamoatchilik vakillari va jurnalistlar ishtirok etdi.
Bokschimizning London shahrining ochiq maydonida minglab boks ishqibozlari uchun o‘tkazgan o‘ziga xos ko‘rgazmali chiqishi, jang garchi texnik durang sifatida e’tirof etilgan bo‘lsa-da, Madrimovning taktik hamda ruhiy ustunligida o‘tganligi yurtimiz sport shuhratini oshirishga munosib hissa bo‘lganligi qayd etildi.

– Shogirdim ikki raund davomida ustunlik qildi. Bu hakamlarning baholarida ham, Isroilning ustunligida ham yaqqol ko‘rinib turdi. Ammo, uchinchi raund avvalida Soroning qoshi yorilishi tufayli hakamlar tomonidan texnik durang e’lon qilindi. Professional boks qoidasiga ko‘ra, 4-raundgacha biron bokschi jarohat olsa, durang qayd etiladi. Agar bu holat 4-raunddan keyin sodir bo‘lganda so‘zsiz g‘alaba Isroilga berilar edi. Shunday bo‘lsa ham ustunlik, chempionlikka da’vogarlik qilishga Madrimov haqliroq ekanligini yana bir karra isbotladi. Bu borada WBAning tegishli komissiyalari qanday xulosa berishi hozircha noma’lum. Lekin ular o‘rtasida uchinchi revansh jangi bo‘lishi ham ehtimoldan yiroq emas. Nima bo‘lganda ham uchinchi uchrashuv bo‘ladimi yoki chempionlik kamari uchun jang o‘tkaziladimi, bu masala yaqin kunlarda e’lon qilinadi, – deydi murabbiy To‘lqin Qilichev.
Kutib olish marosimida ishtirok etgan Isroilning onasi Zubayda Madrimova mamlakatimizda sport sohasiga berilayotgan katta e’tibor natijasida sportchilarimiz xalqaro maydonlarda munosib yutuqlarga erishayotganligi, bu holat uning o‘g‘li Isroilning professional boksdagi faoliyatida ham aks etayotganligini e’tirof etdi.
To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA