Ispaniyada ilk raketa-tashuvchi yaratildi
PLD Space xususiy kompaniyasi juma kuni ko‘p marotabali suborbital raketa-tashuvchini namoyish qildi. Ispaniyada ilk bor yaratilgan ushbu raketa-tashuvchiga Miura 1 – deb nom berilgan.
"Shu vaqtgacha Ispaniya faqat kemalar va samolyotlarni ishlab chiqarar edi, endi raketa ham ishlab chiqara olamiz", - dedi PDL Space kompaniyasi asoschisi Raul Torres Madridda bo‘lib o‘tgan taqdimot marosimida.
"Ispaniya dunyodagi koinot salohiyatiga ega 14 ta mamlakatdan biriga aylandi", - qo‘shimcha qildi u.
Kompaniyaning yana bir asoschisi Raul Verduning ta’kidlashicha, ixtirochilar "juda ko‘p texnik sinovlarga duch keldi", chunki "barcha texnologiyani boshidan boshlash kerak edi".
Xabarda ta’kidlanishicha, raketa parvozi 2022 yilda amalga oshiriladi. U 100 kilogramm foydali yukni fazoga olib chiqishi va 122 soniyada 153 kilometrlik balandlikka ko‘tarilishi mumkin.