Ispaniya "oltin viza" berishni to‘xtatdi
Ispaniya hukumati iqtisodiyotga investitsiya kiritgan xorijlik fuqarolarga mamlakatda yashash huquqini beruvchi vizani tarqatishni to‘xtatish qarorini qabul qildi. Bu xabarni Ispaniya tashqi ishlar vazirligi RIA Novostiga ma’lum qilgan.
Yevropa Ittifoqiga kirmaydigan mamlakatlar fuqarolari uchun Ispaniyada yashashga viza olish shartlaridan biri mamlakat iqtisodiyotiga investitsiya kiritish hisoblanar edi. Kamida 500 ming yevroga ko‘chmas mulk sotib olish, aksiyaga yoki kompaniyalar hissasiga kamida 500 ming yevro investitsiya qilish, Ispaniya davlat qarzidan kamida ikki million yevro xarid qilish shular jumlasidandir. Iqtisodiy inqiroz davrida, ya’ni 2013 yildan boshlab “oltin viza” dasturi ishga tushirilgandi. Rossiyaning mingga yaqin fuqarolari ushbu dastur bo‘yicha Ispaniyada yashash huquqini qo‘lga kiritdi. Olingan har o‘nta vizaning to‘qqiztasida rossiyaliklar ko‘chmas mulk sotib olgan, deyiladi ABC gazetasi tarqatgan xabarda.
Bundan avvalroq bir nechta mamlakatlar ham, jumladan, Buyuk Britaniya va Portugaliya “oltin viza” berish to‘xtatilgani haqida e’lon qilgan edi.