Ispaniya harbiylari Seutadagi migrantlarga yordam ko‘rsata boshladi
Ispaniya qurolli kuchlari Seuta muxtor shahridagi vaqtincha joylashtirish markazida istiqomat qilayotgan yuzlab migrantlarni ichimlik suvi bilan ta’minlashga kirishdi.
Harbiylar suv yetkazib berishni o‘z zimmasiga olgan, politsiya xodimlari tartibni saqlash va markazga kirish chog‘i odamlar tartibsizlik hosil qilishiga yo‘l qo‘ymaslikni nazorat qilmoqda.
Ma’lumotga ko‘ra, juda ko‘p noqonuniy muhojirlar ochiq havoda, og‘ir sharoitda kun kechirmoqda. Ular yerda uxlashga majbur bo‘lib, suv zaxirasini yig‘ishga harakat qilmoqda. Mazkur inqiroz o‘tgan oy oxirida, Ispaniya Oliy sudi migrantlarni zudlik bilan deportatsiya qilishni taqiqlab, ularga boshpana so‘rash huquqini bergach, Marokashdan minglab kishilar shaharga yopirilib kirishi oqibatida yuzaga keldi. Hozir Seutadagi muvaqqat qabul markazi haddan tashqari to‘lib ketgan va yuzlab odam hamon ichkariga kirish uchun navbat kutmoqda.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA