Islom madaniyati ravnaq topgan yurt
Istiqlol sharofati bilan tabarruk diyorimizda tug‘ilgan buyuk allomalarning hayoti va ilmiy-ma’naviy meroslarini o‘rganib, keng jamoatchilikka yetkazish imkoniyati yaratildi.
Poytaxtimizdagi Yoshlar ijod saroyida O‘zbekiston Badiiy akademiyasi, Respublika “Hunarmand“ uyushmasi, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi va qator tashkilotlar hamkorligida “Islom madaniyati ravnaq topgan yurt” mavzusida taniqli tasviriy va xalq amaliy san’ati ustalarining ijodiy ishlari ko‘rgazmasi tashkil etildi.
Ushbu ko‘rgazmaning maqsadi milliy san’atimizning durdonasi bo‘lgan xalq amaliy san’ati va tasviriy san’at asarlari noyob namunalarini keng targ‘ib qilish, asrab-avaylash va rivojlantirish, yosh avlod qalbida nafosat tuyg‘ularini kamol toptirish, yurtimizda samarali ijod qilayotgan tasviriy va amaliy san’at vakillarining ishlaridan yoshlarni bahramand etishdan iboratdir.
Ko‘rgazmaning ochilishida ezgulik, tinchlikni, hamjihatlikni, ma’rifatni ko‘zlovchi islom dinining xalqimiz madaniyati va san’atiga ta’siri, samaralari, buyuk ajdodlarimizning boy moddiy va ma’naviy merosi, ularning asarlarida aks etgan ezgulik g‘oyalari haqida atroflicha ma’lumot berildi.
Istiqlol sharofati bilan tabarruk diyorimizda tug‘ilgan buyuk allomalarning hayoti va ilmiy-ma’naviy meroslarini o‘rganib, keng jamoatchilikka yetkazish imkoniyati yaratildi.
Ekspozitsiyada asrlar davomida shakllanib, rivoj topgan milliy hunarmandchilik mahsulotlari, tasviriy san’at asarlari, islom dini bilan uyg‘unlikda shakllangan an’analar san’at namunalari vositasida namoyish etilmoqda.